EL E’ZOZIGA MUNOSIB
Taqdir tanlovlarda yaraladi, deyishadi. Haqiqatdan ham inson nimani chin dildan istasa va unga astoydil mehr qo‘ysa, albatta u o‘sha istagiga erishadi. Aytishlaricha, bu istak inson qalbida vujudga kelar ekan.
Olimxo‘ja aka va Begimxon opanining to‘ng‘ich qizi Mavjudaxonning bolaligidan o‘qituvchilik kasbiga mehri bo‘lakcha edi. Hali uncha tushunmasada kitob, gazeta va jurnallarni varaqlab bolalarcha mutolaa qilardi. Qizaloq olti ukasini qatorlashtirib, o‘zicha allanimalarnidir o‘rgatishga harakat qilar, nimalarnidir tushuntirishga urinardi. Hovlida ish bilan mashg‘ul bo‘lgan Olimxo‘ja otaning e’tiborini ayvonchada “dars” olayotgan bolalarining ajib gurungi tortdi. Ota asta Begimxon ayaga imlab bolalarini va katta qizini ko‘rsatdi. Ota-onasining kuzatuvini sezmagan Mavjuda esa “mashg‘ulot”larda yaxshi ishtirok etmagan “o‘quvchisi”ga munosib baho berardi.
Yillar o‘tdi. Mavjudaxonning qalbidagi o‘qituvchilik kasbiga bo‘lgan mehr-muhabbati bora-bora O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining xorijiy tillar fakultetining ingliz-nemis bo‘limi talabasi bo‘lishiga undadi. U bilardiki, oltinga teng lahzalarda ustozlaridan olgan bilim va mahorat kelajakda hayot yo‘llarida asqotishini. Shuning uchun bor qobiliyatini ishga solib, bilim olib nemis-ingliz tili mutaxassisi bo‘lib universitetni tamomladi.
Bolaligidagi ustoz bo‘lish orzulari O‘rta Chirchiq tumanidagi 23-sonli maktabda ro‘yobga chiqdi. Bor mahoratini ishga solib ish faoliyatini olib borgan ustoz soha xodimlari va o‘quvchilar orasida Mavjuda Madaminova bo‘lib tanildi va hurmat qozondi.
Murabbiy o‘z ish faoliyati davomida birinchi o‘zbek muallifi sifatida 1992 yillarda 5-6 sinf maktab o‘quvchilariga nemis tili darsligini yaratdi. Bu darslik nemis tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan o‘quvchilar uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi. Kitob sodda va tushunarliligi bilan ahamiyatli edi. Shuningdek, shu sohada o‘qituvilar uchun o‘quv-uslubiy qo‘llanma yaratdi. Bu uning ilm sohasiga bir hadiyasi edi. Va bu izlanishlari natijasi o‘laroq, 1994 yilda Germaniyaning Nyurenberg shahrida bo‘lib o‘tgan jahon miqyosidagi nemis tili darsliklari mualliflari seminarida birinchi o‘zbek muallifi sifatida ishtirok etib, o‘z bilim va malakasini oshirib keldi.
1993 yildan boshlab O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida katta o‘qituvchi lavozimida ishlay boshladi. O‘tgan vaqt davomida ustoz izlanishda, harakatda bo‘lib, jurnalistlar uchun o‘quv uslubiy qo‘llanma yaratib, Virsburg shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi seminarda ishtirok etib, turli mamlakatlardan kelgan pedagoglar oldida o‘zbek mutaxassilarining mahorati yuqori darajada ekanligini ko‘rsata oldi.
1996 yil Niderlandiyaning Masstrixt shahrida bo‘lib o‘tgan Yevro jurnalistlar markazida jurnalist talabalarga nemis tili fanini o‘qitish mahoratini oshirish bo‘yicha seminarda ishtirok etib, keng doiradagi ishtirokchilarga O‘zbekiston haqida maruza qildi. U yig‘ilish qatnashchilari tomonidan iliq kutib olinib, birinchi o‘ringa munosib deb topildi.
O‘z kasbiga bo‘lgan mehri va hurmati tufayli ko‘plab yutuqlarga erishdi.
Mavjuda Madaminova talabalar nemis tilini chuqur o‘rgatishning zamonaviy, interfaol va masofali o‘qitish maqsadida nemis tili darsligini yaratdi va yaqin kunlarda bu nashr o‘z o‘quvchilariga yetib boradi.
Ustoz ayni kunda Berlin universiteti bilan hamkorlikda faoliyat olib borib, bir qancha talabalarni nemis tilini mukammal egallashlari uchun ta’lim berib, kelgusi yilning aprel oyida grant asosida Germaniyaga o‘qishga jo‘natish tayyorgarligini ko‘rmoqda.
Pedagog olimaning baxti – oilasining to‘kisligi, tinchlik-xotirjamligi, shogirdlarining yutuqlari hisoblanadi. Ustozning ko‘plab shogirdlari mamlaktimizning turli sohalarida faoliyat olib bormoqdalar.
Ma’rifat TOLIPOVA