Osiyo va Ovro‘pani bog‘lagan ko‘hna kent

Istanbul safari taassurotlari haqida

 

Insonning o‘z tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni to‘kilgan Vatanidan azizroq, undan ulug‘roq maskan yo‘q, dunyoda. Kishining xursandchiligi, tashvishi, orzu-istaklarini yurtdoshlarichalik hech kim dildan his eta olmaydi.

Olis mamlakatga safar qilgan inson bu so‘zlar qadrini yanada chuqurroq va teranroq anglaydi. Ammo, dunyoda shunday o‘lkalar borki, u yerlarda xuddi ona Vataning havosidan nafas olgandek, senga tanish va yaqin insonlar bilan suhbat qurgandek his etasan, o‘zingni. Tarixi asrlar davomida mustahkam ildizlar bilan bog‘langan Turk diyoriga qilgan safarimiz davomida qalbimizni ana shunday shirin hislar sira tark etmadi.

Chindan ham, tili, dini, urf-odatlari bir-biri bilan o‘zaro chirmashib ketgan o‘zbek va turk xalqini bir-biridan ayro tasavvur etish mushkul. Turklar O‘zbek zaminini muqaddas deb biladi va uni “ota yurt”, deb e’zozlaydi. Istanbul shahri ko‘chalarini sayr etarkansiz, mehmondo‘st xalq “nereden gelirsin, milliyetiniz nedir?” deya tabassum bilan murojaat qiladi. Unga javoban “O‘zbekistondan, o‘zbekman” deyishingiz bilan “arkadashlarimiz” deya yuksak tavoze ko‘rsatishadi. Qardosh turk xalqining diyorimiz va xalqimizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatini his qilish uchun shuning o‘zi yetarli, nazarimda. Qolaversa, bu mehmondo‘st xalq Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Hakim at-Termiziy kabi buyuk bobokalonlarimizning ilmiy merosi hozirgi kunda ham jahon ilm-fan taraqqiyotida mayoq bo‘lib, nur taratayotganini alohida e’tirof etadi.

 

Turizm – iqtisodiyotning muhim bo‘g‘ini

Bugungi kunda aksariyat rivojlangan mamlakatlarning iqtisodiyoti turizmga bog‘liq ekani hech kimga sir emas. Chindan ham millionlab sayyohlarning mamlakatga kirib kelishi, uning dunyo miqyosida e’tirof etilishiga, xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborining yuksalishiga xizmat qiladi. Bunga Turkiyaning yirik shahrlaridan biri bo‘lmish Istanbulga qilgan safarimiz chog‘ida yana bir bor amin bo‘ldik.

Jahon sayyohlik sohasida 6-o‘rinni egallagan Turkiya bir yilda 36 million sayyohni qabul qiladi va bundan 34 milliard AQSH dollari miqdorida daromad ko‘radi.

Mamlakatda bu borada barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Misol uchun, O‘zbekiston fuqarolari uchun 2007 yildan buyon Turkiyaga vizasiz kirish tartibi joriy qilingan. O‘z navbatida, Turk xalqi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning farmoni bilan turk fuqarolari uchun vizasiz rejim tatbiq etilganini mamnuniyat bilan ta’kidlashadi. Albatta, bu ham tadbirkorlar, ham sayyohlar, qolaversa, turizm sohasida ish yurituvchi malakali mutaxassislarning O‘zbekistonga kelishini osonlashtiradi.

Yana o‘qing:  Tafakkur sandig`i (2013-31)

Ko‘k machit – ikki yirik qit’ani birlashtirgan Istanbulning tashrif qog‘ozi, deb etirof etiladi. Machit 6 minoradan iborat bo‘lib, uning betakror qiyofasi, shubhasiz, har bir insonni o‘ziga maftun etadi.

Usmoniylar sulolasining bosh saroyi hisoblangan Topkapi saroyi majmui ham ko‘pchilikning diqqatini o‘ziga tortadi. Usmoniylar sulolasi qulagach, saroy dunyodagi eng ulkan yer maydoniga ega muzeyga aylangan. Bu yerda tomosha qilish uchun mo‘ljallangan eksponatlar soni 65 mingtani tashkil etadi (bu faqatgina kolleksiyaning o‘ndan bir qismi). Saroy-sayilgoh ansamblining umumiy maydoni baland o‘ralgan devorlari, bog‘ va inshootlari bilan qo‘shib hisoblaganda 700 ming2 metrni tashkil qiladi. Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, birgina Topkapi saroy majmuasi va Ayo Sofiya ibodatxonasidan davlatga keladigan sof daromad 30 million dollarni tashkil etadi.

Madaniy yodgorliklarni ziyorat qilayotib, yurtimiz turizmi uchun joriy qilinishi kerak bo‘lgan qulayliklar ham e’tiborimizdan chetda qolmadi. Ulardan biri ulkan madaniy yodgorlikni sayr etishda audiogidlardan foydalanishdir.

Bu qulaylik muzeyni mustaqil ravishda ko‘zdan kechirishda sayyohga yaqindan ko‘mak beradi. Turli tillarda “gapiruvchi” audiogiddan foydalanish nafaqat hamyonbop, balki qulay hamdir. Shuningdek, Topkapi saroyi, Ko‘k machit, Ayo Sofiya ibodatxonasi markazida joylashgan katta xarita shaharni yaqindan bilmagan sayohatchilar uchun juda qulay bo‘lib, undan tarixiy yodgorliklar, ovqlanish, savdo-sotiq markazlari, portlar, metro, tramvay, avtobus singari transport vositalarining joylashuvi haqida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.

 

Saxiy shaharning “bedava” hadyalari

Turklar samimiy, ko‘ngli ochiq va saxiy xalq. Bunga do‘konlarni aylanayotganimizda bir necha bor guvoh bo‘ldik. “Bedava, sana hediye”, ya’ni “bepul, sovg‘a” so‘zini anglagunimizcha anchayin sovg‘alarni beixtiyor rad etishga, o‘zimiz istamagan tarzda savdogarlarni ranjitishimizga to‘g‘ri keldi.

Istanbulga qilgan safarimizning ilk kunlari turklar bilan o‘zaro suhbatlashishda biroz qiyinchiliklarga duch keldik. Bir-birimizni tarjimonlarsiz ham anglaydigan qardosh xalq bo‘lsakda, tildagi ayrim tafovutlar suhbatlashishda ba’zi qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi tabiiy, albatta. Mahalliy aholi vakillari bilan ingliz, rus va shunga o‘xshash jahon tillarida suhbatlashish borasidagi urinishlarimiz ham besamar ketdi. Dastavval bu holatdan biroz norozi bo‘ldik. Uch-to‘rt kun o‘tib, turklar bilan o‘z tillarida tillasha boshlagach, ularni o‘z ona tiliga bo‘lgan bu qadar hurmat va ehtiromiga tasannolar aytdik.

Yana o‘qing:  Bola huquqi baxtli hayot asosidir

Istanbulga har kuni bir necha minglab sayyohlar tashrif buyuradi. Bunday vaziyatda o‘z ona tilini sof holda saqlab qolish juda muhim. Chunki tilning inqirozga yuz tutishi, millatning boshqa ko‘p sonli xalqlar madaniyatiga singib ketishiga sabab bo‘ladi.

Xoh aeroport, xoh jamoat transporti, xoh ko‘chada bo‘lsin, biror marta bo‘lsa ham chet tilidagi so‘zlarga ko‘zimiz tushmadi. Uchratganlarimiz ham kichik-kichik eslatmalar bo‘lib, shunda ham turk yozuvlaridan so‘ng bayon etilgan. Xullas, til masalasida shoshilinch xulosaga kelganimizni angladik. Shuningdek, Istanbulning aksariyat gavjum maskanlarida “Istanbul – buyuk shahar” degan yozuvlarga ko‘zingiz tushadi. Ana shu buyuklikning bir ko‘rinishi turklarning o‘z ona tiliga bo‘lgan hurmatida aks etgan bo‘lsa, ne ajab…

 

Moziydan so‘zlayotgan binolar

Istanbulda masjidlar soni juda ko‘p. Shaharda Shahzoda, Sulaymoniya, Rustam poshsho, Yangi machit, Boyazid, Fotih, Laleli, Volida Sulton, Selim Sulton, Mihrimah Sulton kabi yirik masjidlar bilan bir qatorda bir nechta kichik-kichik masjidlar mavjud. Istanbuldagi masjidlar ikki qismga ajratilgan bo‘lib, ularning katta qismi erkaklar, kichik qismi esa ayollarga mo‘ljallangan. Masjidning ayollar qismi maxsus to‘sinlar yoki pardalar bilan to‘silgan bo‘lib, u yerda joylashgan shkaflarda xotin-qizlar uchun ibodat kiyimlari, tasbeh va joynamozlar bor. Bu kabi qulayliklar nafaqat shaharning yirik diniy maskanlarida, balki shahar chetidagi kichik masjidlarda ham yaratilgan.

Istanbuldagi Sulaymoniya masjidi shaharning eng yirik, ko‘rkam va diqqatga sazovor maskanlaridan biri sanaladi. 1557 yilda me’mor Sinon tomonidan Sulton Sulaymon buyurtmasi asosida uning sevimli xotini Xurram Sultonga atab qurdirilgan masjid qadimgi davr arxitekturasining noyob durdonalarini o‘zida aks ettirgan. Bu yerga tashrif buyuruvchi sayyohlarning aksariyati shu ikki tarixiy shaxsni ziyorat qilish maqsadida dunyoning turli davlatlaridan tashrif buyuradi. Ularni bu tarixiy shaharga chorlayotgan ohanrabo, nafaqat ushbu maskandagi moziydan sado berguvchi inshootlar, balki ular asosida suratga olingan filmlar ham ekanligini sayyohlarning o‘zaro suhbatidan bilish mumkin. Mana san’atning sehrli kuchi nelarga qodir.

 

Dunyoning eng go‘zal kutubxonasi

Istanbulni kezib charchagan sayyoh hordiq olish maqsadida shaharda joylashgan kutubxonlarga tashrif buyurishi mumkin. Shaharda bunday maskanlar soni juda ko‘p. Ular orasida 500 yillik tarixga ega yuksak Boyazid Davlat kutubxonasi alohida salobati bilan ajralib turadi. 1506 yilda Boyazid II tomonidan machitning bir qismi sifatida barpo etilgan ushbu maskan 1884 yilda Sulton Abdul Hamid II sa’y-harakati bilan Turkiyaning birinchi davlat kutubxonasi sifatida tashkil etiladi. 29252 metr maydonni egallagan uch qavatli kutubxona o‘zining ulug‘vor qiyofasi va kitoblar sonining ko‘pligi, go‘zal ko‘rinishi bo‘yicha nafaqat mamlakat, balki dunyoda ham yetakchi hisoblanadi. Uning boy xazinasidan bir necha minglab qadimiy qo‘lyozmalar, milliondan ortiq noyob kitoblar o‘rin olgan.

Yana o‘qing:  “O‘zbegim ” – xalq sayliga aylangan festival

…Safarimiz qarib, ortga qaytarkanmiz, qardosh turk xalqining o‘zbeklarga xos samimiyligi, ochiqko‘ngilligi, mehmonlarga bo‘lgan iliq munosabatiga tahsinlar aytdik.

 

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Toshkent-Istanbul-Toshkent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: