Yaqinlaring baxtu kamoli – bu sening ham halovatingdir

Endilikda O‘zbekis­tonda nefrologiya va gemodializ xizmati yanada keng imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Sababi tibbiyot sohasining dolzarb muammosiga aylangan ushbu xizmat turiga hukumat darajasida yuksak e’tibor qaratilmoqda.

Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda inson manfaatlari va uning salomatligi hamda hayoti nechog‘lik yuksak darajada qadrlanishining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, har bir go‘dak dunyoga kelar ekan, avvalo, ota-onasi uning to‘rt muchasi sog‘lom bo‘lib o‘sishini Yaratgandan so‘raydi. Agar mendan “Dunyodagi eng baxtli insonlar kim?”, deb so‘rasa hech ikkilanmay Vatani tinch, ko‘ngli xotirjam va albatta, o‘g‘il-qizlari, jonu jigarlari sog‘lom odamlar, deb javob bergan bo‘lar edim. Chunki kishining oilasi yoki yaqinlaridan kimdir dard cheksa, uning ham halovati buziladi. Uyidan ko‘ngli tinch fuqaroning ishida unum bo‘ladi. Bunday shaxsning jamiyatga ham foydasi tegadi. U asosiy diqqat-e’tiborini o‘z ustida ishlashga, ona Vatan ravnaqi va uning taraqqiyoti rivojiga hissa qo‘shishga qaratadi.

Aksi bo‘lsa-chi? Kimningdir uyida bemor yaqini bo‘lsa, u ham qo‘shilib dard chekadi. Dono xalqimiz “Bemor bemor emas, unga qaragan bemordir” deb bejiz aytishmagan. Yuqorida tilga olingan Yurtboshimiz qarori juda ko‘plab xasta ko‘ngillarda yana yashashga bo‘lgan umid shamchirog‘ini yoqdi. Sababi dunyodagi hech bir mamlakat O‘zbekistonchalik o‘z fuqarolari salomatligi yo‘lida ko‘p sarmoya sarflamaydi. Juda ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda gemodializ xizmati pullik. U ham bo‘lsa, qurbi yetganlargagina nasib etadi. Aslida bu tibbiy xizmat turining mohiyati qanday, degan haqli savol tug‘iladi?

Gemodializ – qonni zaharli moddalardan tozalash. Bunda arteriya qoni qon tozalovchi maxsus tibbiy asbob-uskunalardan o‘tkazilib, yana organizmga qaytariladi. Ushbu muolaja o‘tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi hamda organizm zaharlanganda amalga oshiriladi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham mazkur qarorga muvofiq amalga oshiriladigan shu nomdagi chora-tadbirlar das­turiga surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, gemodializ xizmati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida “O‘zbekiston dializ jamiyati” nodavlat-notijorat tashkilotini tashkil etish to‘g‘risida o‘z takliflarini kiritgan edi.

Quvonarlisi, ushbu taklif qarorga muvofiq O‘zbekiston Res­publikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinadigan bo‘ldi.

Yana o‘qing:  Jamiyatda o‘zbek ayollarining roli qanday?

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ­O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etishi zarurligi qayd etilgan. Ushbu markaz negizida Toshkent Vrachlar malakasini oshirish institutida “Nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantatsiyasi” kafedrasi tashkil etiladi. Yaqin kelajakda, ya’ni 2019–2020 o‘quv yilidan boshlab ushbu vazirlikning “nefrologiya” va “bolalar nefrologiyasi” mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha magistratura hamda klinik ordinaturaga talabalarni qabul qilish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Yana nefrologik va gemodializ muassasalarini zamonaviy yuqori texnologik tashxis qo‘yish va davolash tibbiyot uskunalari bilan to‘liq jihozlash, ularni butlovchi, tibbiy ehtiyot qismlar, gemodializ muolajasi uchun o‘ta muhim hamda zarur bo‘lgan sarflash materiallari bilan uzluksiz ta’minlanadi. Shuningdek, ushbu muolaja uchun zarur bo‘lgan tibbiy muassasa, asbob-uskunalarni qurish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish tufayli ushbu yo‘nalishning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ham ko‘zda tutilgan.

Ma’lumki, buyrak xastalik­lari o‘tkir, surunkali, shuning­dek, tug‘ma va nosog‘lom turmush tarzi oqibatida orttirilgan, irsiy (nasl suruvchi) hamda organizmning turli kimyo­viy moddalardan va turfa sabablar tufayli zaharlanishi, avtohalokatlar, xilma-xil shikastlanishlardan so‘ng ham sodir bo‘ladi. Ekologik jihatdan noqulay hududlarda toza ichimlik suvining tanqisligi oqibatida aholi o‘rtasida buyrak-tosh kasalliklari uchraydi. Chunki ichimlik suvidagi tuz miqdorining oshishi va shu kabi bosh­qa zararli, qo‘shimcha biokimyoviy unsurlarning mavjud bo‘lishi hamda uning qattiqlanishi ham sog‘lom buyraklar faoliyatiga zararli ta’sir etadi. Yana fuqarolarning tibbiy savodxonligining oshishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi hamda hududlarda “Obod mahalla” va “Obod qishloq” davlat dasturining mamlakatimizda keng qamrovli amalga oshirilayotgani ham yurtimizda kelajakda buyrak kasalliklarining kamayishiga zamin yaratadi, deb umid qilamiz.

 

Svetlana INAMOVA,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: