Shaharlik kelin
Halovat xola kenja o‘g‘li Erkinjonga shahardan kelin olayotganini eshitgan qo‘ni-qo‘shnilar “O‘zlari gapga yetarman kayvoni ayol bo‘lsa, “dom”da o‘sgan qizni kelin qilib, qarigan chog‘ida ro‘zg‘orning ishlarini kim qilarkan, qishloqchilik, sigir-buzoq, tandir-o‘choqqa qarash nima bo‘ladi?..” deb gap qilishgan edi. U bu gaplarni ichiga yutib, “O‘g‘lim shunga ko‘ngil qo‘ydi, peshonamda borini ko‘raman”, deb o‘ynab-kulib to‘yni o‘tkazdi. O‘tkazdiyu, ichidagi hadik baribir yo‘qolmadi.
“Chillasi chiqqandan keyin ko‘chaga shim kiyib chiqaman desa yoki ro‘zg‘or ishlarini qilolmayman deb labini burib tursa, govmishim tug‘ib o‘tiribdi, erta-kech bir chelakdan sut beradi. Uni soqqincha qo‘limning madori yetmaydi, kelin sog‘masa kim sog‘adi? Sigirdan qo‘rqaman desa-chi? O‘zi men nima qilib qo‘ydim, uy-joyimga egalik qiladigan kenja kelinni bilagi baquvvat qishloq qizlaridan tanlasam bo‘lmasmidi, Erkinjonni ham bir amallab ko‘ndirardim-da”. Halovat xolaga shu kabi o‘y-xayollar tinchlik bermasdi.
Sarvi kelin o‘tgan yili kollejni tugatgan. Soch turmaklash, pishiriq pishirish, tikish-bichish singari ishlarni biladi. Ammo sigir sog‘ish, non yopishni umuman ko‘rmagan. Ular hamma narsani bozordan sotib olishardi. Ko‘p qavatli uydagi hayot tarzi shunday bo‘lgandan keyin u nima ham qilsin?
To‘ydan biron hafta o‘tgandan keyin Halovat xola hovli supirayotgan kelinining yoniga kelib, “Bolam, sekin-sekin o‘rganaverasiz, qishloqda yashaydigan ayollarning ishlari ko‘proq. Sigir sog‘adi, non yopadi, kezi kelganda daladan o‘t olib keladi”, dedi yumshoqqina kulib.
Halovat xola nonni yopib olgach, qolgan ikkita kulchani ko‘rsatib “Kelinjon mana shularni yoping, o‘rganib ketasiz”, dedi. Kelin yuz-ko‘zini ro‘mol bilan o‘rab, kulchalarni yopib, tandir ichiga qarasa, shuncha joy turib ikki kulchani ustma-ust yopib qo‘ygan edi.
– Oyijon buncha uquvsiz bo‘lmasam, hech ishni eplolmayapman-ku, – dedi yig‘lamsirab orasi oppoq pishgan kulchalarni ko‘rsatib.
– Qo‘ying, xafa bo‘lmang, hali hammasini o‘rganib ketasiz. Sizdek paytimda men ham ko‘p qiynalganman. “Odam qilgan ishni odam qiladi” deydi xalqimiz. Faqat qunt bilan, chin yurakdan qilish kerak, – deya kelinini yupatdi xola.
Ertadan boshlab kelinchak astoydil ishga kirishdi. Tong qorong‘usida Halovat xolaning ko‘ylagini kiyib, ro‘molini o‘rab sigirning yoniga borgan edi, sigir buzog‘ini yalagancha indamay turdi. Bir pasda yarim chelak sut sog‘ildi. Sevinib ketganidan sigirning bo‘yinlarini silab, erkalab qo‘ydi. Kelinning harakatlarini uzoqdan kuzatib turgan qaynona o‘zini ko‘rmaganga oldi va ichki bir sevinch bilan uyga kirib ketdi.
Sarvi kelin yangi sog‘ilgan sutdan shirchoy pishirib kelganida xola uzundan uzoq duo qildi va kulimsirab turgan o‘g‘liga qarab “Baraka topgur qudam yaxshi qiz o‘stirgan ekan, kelinim uy ishlarini birma-bir qo‘limdan olayapti”, dedi xursand bo‘lib.
Kelinchak o‘zining qilayotgan ishlaridan zavqlanardi, qaynonasi va erining xursand bo‘layotganini ko‘rib, yanada yaxshiroq ishlar qilgisi kelardi. U uchun bitta jumboq qolgandi, u ham bo‘lsa non yopish. Halovat xola bir kuni qizinikiga ketdi. Hovlida yolg‘iz qolgan kelin supra yozib, non qilishga ahd qildi. Tandirning kulini olib, o‘tin qaladi. “Tandirning ichidagi olov yonib bo‘lgandan keyin, yuzingga tafti urilmasa nonni yopaver” degan edi xola. Kelin yengcha-rapidalarni shoshmasdan kiyib, o‘zini erkin qo‘yib “Bismillo” deb birinchi nonni yopdi. Qarasa, qo‘li kelishayapti. Keyin ikkinchisini, uchinchisini…
Dastlabki yopilgan nonlarning yuzi qizara boshladi. Hovuchiga suv olib sepdi, non yaltilladi. 10-15 daqiqadan keyin nonlari qizarib, pishib qolibdi. Oxirgi nonni uzayotganda darvoza ochilib Halovat xola kirib keldi.
– Voy, pazanda kelinimdan o‘rgilay, non qiliptimi? O‘ho‘, nonlarning chiroyliligini qarang. Xola ildamlab tandir yoniga keldi va qip-qizil pishgan nonlarni savatga solayotgan kelinini duo qildi, “Umringizdan baraka toping, qo‘shganingiz bilan qo‘sha qaring”.
Birinchi pishirgan noningizni qo‘shnilarga ulashamiz. Shaharlik kelin pishirgan nonni ular ham ko‘rib qo‘yishsin, – dedi xola. Qaynona-kelin birday quvonardi, biri ro‘zg‘or ishlarini uddalay olganidan, biri esa kelin bobida omadi yurishganidan…
Bo‘ston RAHMONOVA