Umumta’lim elektron kutubxona loyihasini amalga oshirishda Janubiy Koreya tajribasi qo‘llaniladi
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan xorijiy davlatlar kompaniyalari bilan hamkorlikda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish va uni yangi bosqichga olib chiqish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shunday loyihalardan biri Janubiy Koreya Respublikasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Milliy umumta’lim elektron kutubxona” loyihasidir.
Mazkur loyiha doirasida Agentlik tizimidagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Raqamlashtirish va skanerlash hamda Multimedia markazlari tashkil etilmoqda. Shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Koreya Respublikasida joriy qilingan elektron kutubxona faoliyati, uning texnik tizimi, ilmiy-ta’limiy axborot ma’lumotlarini foydalanuvchilarga yetkazish, undan foydalanish hamda boshqaruvini tashkil qilish bo‘yicha o‘quv-trening mashg‘ulotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L. Tangriyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 2018 yil 9-15 iyul kunlari Seul shahrida o‘tkazilayotgan seminar-treninglarda ishtirok etib, bu borada Janubiy Koreya tajribasini o‘rganishmoqda.