Mahbuslar va aholi bir shifoxonada. Shunday bo‘lishi mumkinmi?

Yaqinda mahallamizda bir odam vafot etdi. Shamollashni o‘tkazib yuborgani sabab o‘pkasi ishdan chiqqan ekan. Aslida esa xastalik sababi sil edi. Buni biz mahalladoshlari va oila a’zolari bilamiz, ammo sir saqlaymiz. Tashvishlisi –bolalarimizdan xavotirdaman. Ularni darvozadan chiqarishga qo‘rqamiz…

Toshkent shahar hokimligi Sog‘liqni saqlash bosh­ bosh­qarmasining 2016 yil 9 yanvar 22-sonli buyrug‘iga asosan Toshkent viloyati, Qibray tumanida joylashgan 2-Sil kasalliklari klinik shifoxonasining faoliyati tugatildi. U yerdagi 350 nafar bemor poytaxtdagi Olmazor tumanida joylashgan 1-Sil kasalliklari klinik shifoxonasiga ko‘chirildi. Ayni paytda 500 nafardan oshiq bemor mazkur maskanda davolanmoqda. Bir xonada olti va undan ko‘p odam joylashtirilgan. Muammolar ana shundan so‘ng boshlandi.

Jinoyatchilar ozodlikda…?

Gap shundaki, Qibray tumanidagi shifoxona qamoqxonaga qarashli bo‘lib, davolanayotgan shaxs­lar muqaddam sudlanganlar edi. Ular poytaxtdagi shifoxonaga ko‘chirilgach, “o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon” bo‘lishdi. Shifoxonada oddiy fuqarolar davolanadi. Mahbuslar esa ularga do‘q urib, tajovuz qilishgan. Shu tariqa shifoxonada ketma-ket huquqbuzarliklar sodir bo‘lmoqda.

Bu tartibsizliklar bino ichidan ko‘chaga ham tarqala boshlaydi. Mahbuslar ozodlikda ko‘ngli tusagan ishni qilishadi. Istagan paytda ko‘chaga chiqib, tashqaridan kasalxona hududiga spirtli ichimliklar, giyohvand moddalar olib kirishadi. Misol uchun, 2017 yilda giyohvand moddalar iste’mol qilgan shaxslar tomonidan to‘rtta jinoyat sodir etilgani uchastka nozirining daftarida qayd qilingan.

 

– Hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan qaror qabul qilingan, – deydi G‘ani A’zamov nomidagi mahalla uchastka noziri mayor Sherzod Qodirshoyev. – Oddiy bemorlar bilan mahbuslar­ning bir joyda davolanishiga yo‘l qo‘yilganida, eng avvalo, qo‘riqlash xizmatini kuchaytirish lozim edi. Shifoxonada har kuni biror muammo chiqadi. Shaxsan o‘zim mahbuslar shifoxonaga giyohvand moddalar olib kirayotganida qo‘lga olganman. Ularni ko‘chalardan yig‘ib kelaman. Men bilan sheriklikda ishlayotgan hamkasblarim tez-tez almashyapti. Yigirma to‘rt soat davomida mahbuslar ortidan yuramiz. Ularning viloyatlarga ketib qolganlarini qidirib, topib qaytarib kelamiz. Mahalladagi odamlarning halovati yo‘qolgan. Sudlanganlar aholining uyiga o‘g‘irlikka tushayapti. O‘g‘irlik ustida ikki nafarini tutganmiz. Bu beboshlik qachongacha davom etishi mumkin?

 

…2017 yil 5 fevral kuni soat 20:00 atrofida shifoxonada janjal ko‘tarildi. 1978 yilda tug‘ilgan Abdusalom Umarov va 1972 yil tug‘ilgan Xayrullo Ahmedov spirtli ichimlik iste’mol qilganidan so‘ng, o‘rtada nizo paydo bo‘ladi. Natijada Umarov Ahmedovning oyog‘iga pichoq sanchib, og‘ir jarohat yetkazadi.

Yana o‘qing:  SELFIMANIYa QACHON KASALLIKKA AYLANDI?

Bunday huquqbuzarliklar kunora sodir bo‘lmoqda. Aholi va bemor mahbuslar o‘rtasida ham keskin nizolar yuzaga kelyapti. Buning oldi olinmasa, oqibatini taxmin qilish qiyin emas.

Aholining silga chalinayotgani rost(mi)?

G‘ani A’zamov nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 1-Sil kasalliklari klinik shifoxonasi aholiga ma’naviy zarar yetkazib qolmay, salomatligiga ham salbiy ta’sir etmoqda. Yana to‘rt qo‘shni mahalla ahli ushbu masala yuzasidan har hafta Olmazor tumani hokimligiga shikoyat bilan murojaat qiladi.

Mahbuslarning ko‘p qismini giyohvandlar, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, turar joyi yo‘q shaxslar tashkil etadi. Ularning davlatga boqimandaligi kamdek, odamlarga ham ziyoni yetyapti. Ular mahalladagi umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ovqatlanishadi, spirtli ichimliklar ichishadi. Sil kasalligi havo orqali insonga tez yuqishiga aqli yetgan odam borki, mahbuslar kirgan yemakxonalardan oyog‘ini uzgan. Hududdagi do‘konlardan ham narsa xarid qilishmayapti. Bundan norozi kafe va do‘kon egalari bemor mahbuslarga narsa sotishni istashmaydi. O‘rtada esa janjal, mushtlashishlar sodir bo‘lmoqda. Eng achinarlisi, bunday vaziyatda Prezidentimiz tinimsiz qo‘llab-quvvatlab kelayotgan tadbirkorlar katta zarar ko‘rmoqda.

Aholi bilan suhbatlashganimizda “Sil kasalligi boshqalarga ham yuqayapti, hatto, bolalarda ham aniqlanmoqda. Biz shikoyat bilan ko‘p joylarga bordik, ­ammo besamar” deya o‘z muammolarini aytishdi. Eng xavfli tomoni shifoxona hududi qo‘riqlanmaydi.

 

– Mahallamizda 3 ming 300 ga yaqin fuqaro istiqomat qiladi, – deydi G‘ani A’zamov MFY raisi Mirabbos Magdiyev. – Ularni qiynayotgan muammolar birgalikda, hamjihatlikda bartaraf etib kelinadi. Ammo ikki yildan buyon yechimini topmayotgan bu muammo nafaqat bizning mahalla, balki shifoxona atrofidagi Taraqqiyot, Qorasaroy, Guruchariq, Chimboy va Oltinsoy mahallalari uchun ham boshog‘riqqa aylandi. Oldinlari bu yerdagi bemorlarga maxsus kiyim berilardi. Ularning xatti-harakati nazorat qilinardi. Gigiyenaga qattiq e’tibor qaratilardi. Endi ularni eplab bo‘lmayapti. Mahallada yoshlar ko‘p, qizlarimiz bor. Biz farzandlarimizning maktabga borib-kelishi, ko‘chaga bemalol chiqishidan ham xavotirga tushayapmiz.

 

Mahalla raisining kuyunganicha bor. Darhaqiqat, shifoxonani ko‘chirishning imkoni yo‘qdir, ammo qo‘riqlash tizimini joriy etib, aholini xavf-xatardan, surinkali bu xastalikdan qutqarishning nahotki biror-bir yo‘li topilmasa…

Rahbariyat nima deydi?

Biz muammoni o‘rganish jarayonida shifoxona rahbariyatidan ushbu holat yuzasidan izoh olishga harakat qildik. Biroq, surishtiruv jarayonida kasalxonaning bosh shifokori o‘z vazifasidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi.

Yana o‘qing:  Suvda suzuvchi shahar

 

– Ayni paytda shifoxonamizda yangi bosh shifokor tayinlanish arafasida. Yangi rahbar kelganida, barcha savollarga javob olasiz, – dedi 1-Sil kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokor o‘rinbosari Rahima Rasulova.

 

Aholi salomatligi, ertamiz egalari hisoblanmish yoshlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratilayotgan bir paytda katta muammoga panja orasidan qaralmoqda. Mahallalarda huquqbuzarlikning oldini olish borasida chora-tadbirlar faqat qog‘ozda qolmasligi kerak. “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Obodlik esa, eng avvalo, sog‘lom muhitdan ham bosh­lanadi.

G‘ani A’zamov nomidagi mahallada ro‘y berayotgan, kun sayin palak yozayotgan ushbu muammo hal etilmasa, oqibati bundan-da, yomon ko‘rinish olishi mumkin.

Biz mutasaddi tashkilotlardan ayni masala yuzasidan amaliy harakat va ijobiy natija kutib qolamiz.

 

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: