Ham savob, ham baraka

Beshik xalqimiz madaniyati va turmush tarzida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lib, uning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqalsada, hali-hamon o‘zbek xonadonida aziz va qadrli buyum sanaladi. Garchi hozirda zamonaviy bolalar yotoq mebellari kishi e’tiborini tortsada, biroq, xonadonda chaqaloq dunyoga kelishi bilan u uchun yaxshi niyatlar bilan beshik xarid qilinadi.

Sahifamiz qahramoni Abdulloh Mahammadov ham bolaligidanoq beshikning xususiyatini o‘ziga xos deb bildi va unga o‘zgacha mehr qo‘ydi. Ta’til kunlari bobosi hamda tog‘alarining ustaxonasiga borib, beshik yasash sirlarini qunt bilan o‘rgana boshladi. Keyinchalik uning o‘zida ham beshikchi-hunarmand bo‘lish niyati tug‘ildi. Ayni paytda 20 yoshni qarshilagan Abdulloh bobosining kasbini puxta o‘zlashtirib kelayotgan beshikchilar sulolasining davomchisidir. Shuningdek, u hozirda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining 3 bosqich talabasi.

– Beshiksoz usta bo‘lish oson ish emas, – deydi Abdulloh Mahammadov. – Bobom hamda tog‘alarimning beshik yasash jarayonini kuzata turib buning mehnati qanchalik og‘ir ekanligini his etganman. Shuning bilan birga mehnat yakunida dunyoga kelgan boqiy qadriyatimiz namunasi hamda uning ortidan kelgan rohat va savobni qanchalik totli ekanligini ham yurak-yurakdan his etganman. Shu sabab ham bu hunarga bo‘lgan mehrim o‘zgacha.

Chindan ham beshik yasash zalvorli yumush. Ta’til kunlari bobosi mo‘jazgina ustaxonasida yog‘och bo‘laklariga ishlov berayotganini ko‘rib, uning yaqin ko‘makchisiga aylandi. Sayqallangan yog‘och bo‘laklarini beshikka o‘rnatishda yordam berdi. O‘shandan buyon usta Abdullohning bu hunarga bo‘lgan mehri jo‘shib, uni yanada ishtiyoq bilan o‘rganishni boshladi. Yog‘och bilan tillashdi, bor mehrini, kuch-g‘ayratini unga bag‘ishladi. Qanday beshik bolajonlar uchun foydali bo‘lishi haqida ota-bobolaridan qolgan o‘gitlarga amal qilgan holda tinmay izlandi.

– Beshikning qaysi daraxtdan bo‘lganligi juda ahamiyatli. Chunki shunga qarab beshikning sifati belgilanadi. Yong‘oq daraxtidan tayyorlangan beshiklar azaldan qadrlangan. Hozirda ushbu xomashyo qimmatbaho sanalgani uchun ko‘p ham undan foydalanavermaymiz. Tol va terakning o‘zidan tayyorlangan beshiklar sifatsiz chiqadi. Tutdan tayyorlangani esa og‘ir bo‘ladi. Shu sabab beshik yengil va oson, qulay tebranishi hamda uzoq chidaydigan, mustahkam, pishiq bo‘lishiga ahamiyat beramiz, – deydi hunarmand.

Darhaqiqat, yoshlar orasida milliy hunarlarimizga bo‘lgan qiziqish, ishtiyoq bor ekan, qadriyatlarimiz sayqal topib boraveradi. Ular el-yurtga, jamiyatga foydasi tegishi bilan birga o‘z oilasining, kelajagining ham tayanchi bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Oila madaniyati – yurt tinchligi

 

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: