Gidrofobiya qanday dard?

Tabiatda viruslar saqlanib qoladigan rezervuarlar bo‘ri, tulki, shoqollar bo‘lib, ular orasida quturish kasalligi to‘satdan paydo bo‘lib turadi. Ammo inson uchun asosiy va doimiy infeksiya manbai bu itlardir. Shuningdek, boshqa hayvonlar – qoramollar, qo‘ylar, echki, cho‘chqa, ot, eshak, kalamush va shu kabi jonzotlardan ham odam ushbu xastalikni yuqtirishi mumkin.

Quturish kasalligi bahor-yoz oylarida ko‘p uchraydi. Bu davrda daydi itlar bilan inson muloqoti ko‘p kuzatiladi. Unga kasallik quturgan hayvon tishlaganda teridagi jarohat hamda shilliq qavatlarga kasal hayvon so‘lagi tushishi natijasida yuqadi. Odamning bosh, yuz va qo‘l barmoqlarini xasta hayvon tishlaganda kasallik yuqtirish xavfi yuqori bo‘ladi. Virusni yuqtirgan hayvonlar kasallik belgilari paydo bo‘lishidan 3-10 kun avval yuqumli bo‘ladi. Shuning uchun ham ko‘p hollarda bemorni tishlagan hayvonda kasallik belgilari bo‘lmasligi va uni sog‘lom, deb o‘ylash mumkin. Bu xastalik ko‘proq qishloq joylarida yashaydigan odamlarda uchraydi. Chunki ushbu hududlarda daydi itlarning insonlarni tishlash xavfi yuqori bo‘ladi.

Quturish virusi organizmga tushgandan keyin asab tolalari orqali markaziy asab tizimiga o‘tadi. Uning bosh va orqa miya hujayralariga kirishi esa markaziy asab tizimining funksional va organik buzilishlariga olib keladi. Bosh miyaga qon quyilishi va to‘qimalarning nekrozi (chirishi) kuzatiladi. Virus bosh miya yarim sharlarining po‘stloq qavati va miyachani zararlaydi. Bosh miya neyronlari ichida “Babesh-Negri tanachalari” paydo bo‘ladi. Bu tanachalarning neyronlarda aniqlanishi quturish kasalligini tasdiqlaydi. Markaziy asab tizimidan virus boshqa a’zo va to‘qimalar (o‘pka, buyrak, jigar va boshqalar)ga tarqaladi. Virus so‘lak bezlariga tushib, u orqali ko‘p miqdorda ajraladi.

Kasallikning yashirin davri 10 kundan 90 kungacha, o‘rtacha 30-50 kunni tashkil qiladi. Lekin, kam hollarda bu davr 1 yil va undan ham ortiq davom etishi mumkin.

Yashirin davrning davomiyligi tishlangan joy, jarohatning chuqurligi va bemorning yoshi (bolalarda yashirin davr kattalarga nisbatan qisqa bo‘ladi)ga bog‘liq. Tishlangan joy bosh miyaga qancha yaqin bo‘lsa, xastalikning yashirin davri ham shunga yarasha qisqa bo‘ladi. Shikastlangan joy bosh sohasi va qo‘l barmoqlarida bo‘lganda ham yashirin davrning muddati kamayadi. Kasallik belgilari virus bosh miyaga yetib borgandan keyin boshlanadi.

Yana o‘qing:  Xususiy tibbiyot rivojiga nima to‘siq bo‘lmoqda?

Quturish kasalligining kechishida navbat bilan almashib keladigan 3 bosqich farqlanadi. Birinchisi, dardning boshlanish bosqichida xastalikning dastlabki belgilari paydo bo‘ladi. Ikkinchisi, qo‘zg‘alish bosqichi (bemorda agressiv – tajovuzkorlik) holati kuzatiladi) va uchinchisi xastalikning falajlanish bosqichi.

Dastlabki belgilarning paydo bo‘lish bosqichi 1-3 kun, ayrim hollarda 7 kungacha davom etadi. Bemorda umumiy holsizlik, bosh og‘rishi, mushaklarda og‘riq, og‘izning qurishi, ishtahaning pasayishi, tomoqda og‘riq kuzatiladi. Bemorda qo‘rqish va vahimaga tushish belgilari paydo bo‘ladi. Xasta odamning kayfiyati buziladi. U uyqusida yomon (qo‘rqinchli) tushlar ko‘radi va kasal kishi uyqusizlikdan aziyat chekadi. Xasta odamda yana qo‘ruv, eshituv gallyusinatsiya (“vos-vos”)lari kuzatilishi mumkin. Uning tana harorati 37,5 S gacha ko‘tariladi. Jarohatlangan joyda og‘riq paydo bo‘lib, undagi chandiq qizaradi. Shuningdek, uning atrofi shishadi va sezgirligi oshadi.

1-3 kundan keyin kasallikning bemorda ikkinchi bosqichi, ya’ni, qo‘zg‘alish bosqichi boshlanadi. U bezovtalana boshlaydi. Bu bosqichda dardmand odamda turli ko‘rinishdagi fobiya (qo‘rqish)lar: ya’ni, suvdan qo‘rqish (gidrofobiya), havodan qo‘rqish (aerofobiya), tovushdan qo‘rqish (akustikofobiya) va yorug‘likdan qo‘rqish (fotofobiya) kuzatiladi. Bu davrda unda ko‘p miqdorda so‘lak ajralishi (gipersalivatsiya) namoyon bo‘ladi. Gidrofobiyada dastlab bemor suvni ichishga harakat qilganda, keyin esa uni ko‘rganda yoki suyuqlikning sharillash ovozini eshitganda, hatto, suv haqida eslatilganda ham bemor bezovtalanadi. Halqum va hiqildoq mushaklari talvasasimon qisqarib, xastaning nafas olishi qiyinlashadi va u og‘riqli bo‘ladi (kasal odam bo‘g‘iladi). Bemorning nigohi bir nuqtaga qaratilgan bo‘ladi. Uning ko‘z olmasi bo‘rtib, qorachiqlari kengayadi. Yurak urishi esa tezlashadi. Xastaning qo‘li titrab, insonga xos bo‘lmagan katta kuch paydo bo‘ladi. Bemor buyumlarni sindirib, atrofdagilarga tashlanadi. Ovozi keskin pasayadi. Bu bosqichda xasta kishining og‘zidan ko‘p miqdorda so‘lak ajralib, u ko‘pik shaklida oqib tushadi. Terlash kuchayadi. Bu bosqich odatda 2-3 kun davom etadi.

Falajlik bosqichida qo‘zg‘alish xurujlari to‘xtaydi. Bemordagi qo‘rqinch hissi yo‘qoladi. Gidrofobiya kuzatilmaydi. Kasal odam yotadi, yuzi, qo‘li va badani ter bilan qoplanadi. Undan haddan ziyod ko‘p so‘lak ajraladi. Nafas olishi yaxshilanadi. Bemor va atrofdagilarda uning tuzalishiga umid paydo bo‘ladi. Lekin yurak va qon tomirlar tizimidagi salbiy o‘zgarishlar chuqurlasha boradi. Uning tomir urishi tezlashadi, arterial qon bosimi pasayadi. Peshob ajralishi kamayadi. Tana harorati ko‘tariladi. Bu bosqich 18-20 soat davom etishi mumkin. Kasallik 3-7 kun davom etadi. Ushbu dardning oqibati fojiali va kasallik o‘lim bilan yakunlanadi. O‘lim sababi esa yurak yoki nafas olish markazining falajlanishi hisoblanadi.

Yana o‘qing:  Yo‘l yuzidagi ayol. U kelayotgan va ketayotgan manzillar

Quturishni aniqlashda epidemiologik surishtiruv va unga xos bo‘lgan klinik belgilar muhim rol o‘ynaydi. Odamni tishlagan hayvonda kasallikning bor-yo‘qligi tasdiqlash orqali insonda xastalik rivojlanmasligining choralari ko‘riladi. Bemorga yakuniy tashxisni qo‘yish katta ahamiyatga ega. Uni qoqshol, ensefalit (bosh miya yallig‘lanishi), atropin moddasidan zaharlanishdan farqlash lozim. Bu faqat shifokorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Hayvon tishlaganda birinchi navbatda jarohatlangan joyni kir sovunli suvda yuvib, yaqin joydagi travmatologik punktga murojaat qilish zarur. Emlashning kor qilishi esa bemorning yaqinlari uni shifokorga qanchalik barvaqt olib kelishiga bog‘liq.

Quturishni davolash uchun tibbiyotga ma’lum bo‘lgan ko‘plab davolash vositalarini qo‘llab ko‘rilgan bo‘lsada, u hamon samara bermagan. Hozirgi kunda quturish davosi yo‘q kasallik hisoblanadi (xastalik belgilari paydo bo‘lgandan keyin bemorning tuzalib ketgan holatlari kuzatilmagan). So‘nggi yillarda ilmiy adabiyotlarda quturishni davolashga urinishlardan biri sifatida reanimatsion kuzatuv ostida interferonni qo‘llash bo‘yicha ma’lumotlar mavjud. Quturishni davolash hanuzgacha tajriba tarzida amalga oshirilmoqda. Faqat emlash orqaligina insonni quturish kasalligi rivojlanishidan xalos qilish mumkin.

Kasallik profilaktikasida xonadonlarda boqilayotgan itlarni albatta ro‘yxatga olish va ularni quturishga qarshi emlash, daydi itlarni yo‘q qilish, aholi orasida sanitariya-veterinariya sohasi bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish katta ahamiyatga ega. Notanish it yoki boshqa hayvon tishlaganda quturish yuqishining oldini olish uchun emlash o‘tkaziladi. Bemorning tishlangan jarohatiga ishlov berish va uni quturishga qarshi emlash jarayoni travmatologik punktlarda amalga oshiriladi. Emlash davrida va yana 6 oygacha haddan ortiq jismonan toliqish, sovqotish yoki aksincha issiqda ko‘p bo‘lish (hammom, saunada bo‘lish) taqiqlanadi. Chunki bu holatlar, ayniqsa spirtli ichimliklar iste’mol qilish, quturishga qarshi o‘tkaziladigan emlash samarasini keskin pasaytirishi mumkin.

 

Allabergan BAYJANOV,

Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi bosh shifokori,

tibbiyot fanlari doktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: