Asosiy maqsad – xolislik va shaffoflikni ta’minlash
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 noyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha olib borilgan test sinoviga tayyorgarlik holati to‘g‘risida uchinchi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Davlat test markazi mas’ullari tomonidan ushbu qaror bandlarining bajarilishi, qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar, ularni amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha yig‘ilganlarga ma’lumot berildi. 2018/2019 o‘quv yili test sinovlari jarayonining nazoratini amalga oshiruvchi mas’ul shaxslarni bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantiruvchi o‘quv dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, joylarda test sinovlari jarayonida ishtirok etishi rejalashtirilgan Davlat test markazi vakillari, bino rahbarlari va guruh nazoratchilari uchun seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Matbuot anjumanida 1 avgustdan 15 avgustga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan test sinovlarida xolislik va shaffoflikni ta’minlash bosh masala sifatida qaralayotgani alohida e’tirof etildi.
Qahramon HAQBERDIYEV,
Davlat test markazi direktori o‘rinbosari:
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 2018/2019 o‘quv yilida respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlari o‘tkaziladigan 62 ta bino tanlab olindi va hozirda ularni to‘liq tayyor holga keltirish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan bir qatorda, oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga 2018–2019 o‘quv yilidan boshlab test sinovlari jarayonini ochiq va xolis o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida 27 ta hudud, 62 ta binoning tegishli joylariga shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videofikatsiya qurilmalari, videokameralari va ota-onalarning kutish joylariga monitorlar o‘rnatish belgilandi.
Diyorbek QO‘ChQOROV,
Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i:
– Seminar mashg‘ulotlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari tomonidan tavsiya etilgan professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda 2018–2019 o‘quv yilida oliy ta’lim muasasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlari jarayonida guruh nazoratchilari sifatida jalb etilishi belgilangan oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlardan jami 8 ming 330 nafarining ma’lumotlar bazasi shakllantirildi.
Abituriyentlar qiziqishlari, talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib Davlat test markazining maxsus sayti yordamida oliy ta’lim muassasalarida qabul qilingan arizalar to‘g‘risida ma’lumotlarni bilib borishi yo‘lga qo‘yildi. Endilikda OTMga hujjat topshiruvchilar oliy ta’lim muassassiga bormay turib istalgan oliy ta’lim muassassasining, istalgan yo‘nalishiga topshirilgan arizalar sonini muntazam ravishda bilib borishlari mumkin bo‘ladi.
Xurshida HUSENOVA