74 xonadon egalari ko‘chada qoladi (mi?)

Yangiyo‘lda yetti yillik muammo hech kimni qiziqtirmayapti

  •  Xalqimizning odati shu: mustaqil hayotga qadam qo‘ygan odam borki, o‘z uy-joyiga ega bo‘lishni niyat qiladi. Vatanli bo‘lish uchun tinim bilmay tirishadi, mehnat qiladi. Axir, huzur-halovatda, farzandlar qurshovida mamnun yashashdan ortiq baxt bormi? Kishining mustaqil yashashi, mehmonini bemalol kutib, farog‘atda turmush kechirishi uchun “o‘z uyi – o‘lan to‘shagi” bo‘lmas ekan, u o‘zini xotirjam his qila olaydi.

 

Baxtning baxtsiz fuqarolari

Mana, bir necha yildirki, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani “Baxt” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi yuzlab insonning turish-turmushida halovat yo‘q. Bu odamlarni yillar davomida o‘z uyiga o‘zi egalik qilolmayotgani ezib kelyapti.

Bu chigallikning avvali oddiy bosh­langan edi. Bundan yetti-sakkiz yil muqaddam yangiyo‘llik tadbirkor-fermer O‘tkir Mahmudov ismli shaxs fermer xo‘jaligi tasarrufidagi to‘rt qavatli eski imoratni aholi istiqomat qilishi va o‘z nomiga xatlab olishi mumkinligini aytib, bu yerdagi xonalarni pullay boshlaydi. O‘rtadagi kelishuv va oldi-berdi summasi bir parcha qog‘ozga bitilib, fermerning muhri bilan tasdiqlanadi. Fermer shu yo‘sinda bir-ikki yil mobaynida barcha xonalarni sodda odamlarga pullashga ulguradi. Kimdir ikki xona, yana birov uch-to‘rt xonani sotib olgach, ularni birlashtirib, xonadon qiyofasiga keltiradi.

Dastlab, tashlandiq bu bino faqatgina beton devorlardan iborat bo‘lgan. Yillar davomida kishilarning ko‘chib kelib, binoni odam yashaydigan holatga keltirgunga qadar uning holati hozirgidan-da xaroba holatda bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, bu yerda yashovchilar boriga ko‘nib, yashab kelishmoqda.

Ammo ularning qo‘lida hech qanday huquqiy hujjat yo‘qligi bois na uyi­ni ta’mirlay, na atrofni obodonlashtira oladi. Negaki, kimdir kelib, uyning hujjatlari qani, deb qolishidan qo‘rqishadi.

 

Ko‘p qavatli uyda o‘tin yoqiladi

Ana shu taxlit dardi ichida yashab kelayotgan odamlar xonadonlari “dard ustiga chipqon” deganlaridek, gazdan ham uzib qo‘yilgan. Aholi bu borada mutasaddilarga bir necha bor murojaat qilgan bo‘lsa-da, hech kim e’tibor qaratmagan. Eshitgan javobi bitta: “hujjatsiz xonadonlarga gaz berilishi mumkin emas”!

Bino yo‘laklarining eshik-romsizligi, ta’mirtalabligi qishning izg‘irin kunlari yashovchilarni qiyin ahvolga soladi. Ayniqsa, yosh bolali va keksasi bor xonadonlarga boz mushkulot tug‘diradi. Ikki yildirki, uyni isitish tugul, aqalli qora qozonni qaynatish uchun ham gaz berilmaydi. Shu bois, ayrimlar qish kunlarida uy ichida o‘tin qalab, isinish uchun olov yoqishga ham majbur bo‘lmoqda.

Yana o‘qing:  Intilish besamar qolmaydi

O‘ylab qoladi kishi: nahot ko‘p qavatli uylarda ham bunga yo‘l qo‘yilsa? Aholi-ku, jon achchig‘ida majburligidan shunday chorani qo‘llayotgandir. Mutasaddilar nega jim? Agar ehtiyotsizlik ortidan xonadonlardan birortasida o‘t chaqnasa, butun boshli uy xatar ostida qoladi-ku.

Ayni masala yuzasidan dastlab “Baxt” mahalla fuqarolar yig‘ini raisining fikri bilan qiziqdik.

 

– Haqiqatda, 34-uyda yashovchi 74 xonadon egasi ancha yildan beri quruq va’daga ishonib yashab kelmoqda, – deydi “Baxt” MFY raisi Yoqubjon Kushakov. – Agar uyning haqiqiy egasi kelib, “Uyni bo‘shatib qo‘yinglar” deb qolsa, ularning “falonchi so‘m berganman” degan mazmundagi tilxat-qog‘ozdan bo‘lak ko‘rsatadigan “hujjat”i yo‘q. Biz bu muammoni hal etish uchun bir necha bor harakat qilib ko‘rdik. Ammo uyning qonuniy egasi qamalib ketgani bois, xonadonlarni notarial rasmiylashtirishning imkoni bo‘lmayapti. Endi odamlar O‘tkir Mahmudov qamoq jazosini o‘tab bo‘lganidan so‘ng, kelib hujjatlarni rasmiylashtirmagunga qadar kutishga majbur.

 

34-uy xonadon egalarining fikrlarini eshitgan kishining o‘yi yanada ortadi.

 

– Sharoitlarni ko‘rib, hayron qolayotgandirsiz-a? – deydi fuqaro Bahrom Yo‘ldoshev fig‘oni falakka chiqib istehzo bilan. – Nachora, nima ham qilardik. Dastlab ko‘chib kelganimizda bu yerda yashovchilarning barchasidan pul yig‘ib, oqova suv, gaz va elektr toki uladik. Ammo qo‘limizda uyning kadastr hujjatlari bo‘lmagani sababli, ikki yil o‘tar-o‘tmas, gazni o‘chirib qo‘yishdi. Ko‘p qavatli uyda yashasak-da, qishda ob-havo juda ham sovib ketishi natijasida xonadonlarimizda o‘tin yoqishga majburmiz. Xonalarimiz esa achimtir olov tutunidan qorayib ketadi. Xavotiri esa, undan ham oshib tushadi. Agar elektr isitgichlarni yoqadigan bo‘lsak, elektr tokining narxi osmonga yetadi. Xullas, dodimizni eshitadigan quloq yo‘q…

 

Ha, shahar markaziga yaqin hududda joylashgan bu imorat xarobaligi bilan nafaqat shahar ko‘rkini buzib turibdi, balki bu yerda istiqomat qiluvchilarning yashash tarzi ham achinarli ahvolda qolayotgani kishini chuqur o‘yga toldiradi. Istiqomat qiluvchilarning aytishicha, ayni shu muammoni bartaraf etish uchun bir qancha tashkilotlardan, jumladan, tuman hokimligidan ham mutasaddilar kelishgan. Ammo shu bo‘yi hech biri qorasini ko‘rsatmagan.

 

Nima qilmoq kerak?

Tinimsiz murojaatlar va yugur-­yugurlardan charchagan aholi umidsizlikka tushib qolgan. Qachondir tayyor uy-joyini birovga qo‘shqo‘llab topshirishdan, o‘zlari esa, qo‘lini burniga tiqqancha, vatansiz qolishdan qo‘rqadi. Endi esa, ularning oldida yana bir muammo ko‘ndalang bo‘lib turibdi: 74 xondonda bir vaqtning o‘zida elektr plitalarning yoqilishi natijasida bir necha bor tutashuvlar yuzaga kelgan va transfarmator yonib ketgan. Bu yilgi qish mavsumida esa ushbu transfarmatordan foydalanuvchi boshqa xonadon vakillari elektr plita qo‘shishlari mumkin emasligini aytishgan. Hali zamon qish keladi. O‘tgan yillar taj­ribasi — ayozli kunlar zahri odamlar jonini hozirdanoq chimchilamoqda.

Yana o‘qing:  TARBIYACHI O‘YINCHOQLAR ota-onalarga yaqin ko‘makchi

 

– Bu yerdagi har bir fuqaro o‘z mehnati bilan topgan puliga bu yerdan xona sotib olgan, – deydi uyboshi Yulduz Boborahimova. – Ularning birgina “aybi” shuki, sal arzonroqligi uchun, keyinroq bo‘lsa ham shaxsiylashtirib olishga ishongan. O‘tgan vaqt modaynida odamlar yukinib borishi mumkin bo‘lgan mutasaddilar – hokimlar almashaverdi. Biroq, birortasi mazkur masalani jiddiy o‘ylab ko‘rgani yo‘q. Endi esa bu yilgi qish mavsumini qanday o‘tkazishga boshimiz qotgan. Gaz yo‘q, tokdan esa isitish uchun foydalanib bo‘lmaydi…

 

Muammoni o‘rganish chog‘ida O‘tkir Mahmudovning ish yurituvchisi bilan bog‘lanishga harakat qildik. Afsuski, to‘rt kun davomidagi tinimsiz qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi. Kalavaning bu uchi mavhumligicha qoldi.

Ehtimol, yechimni tuman hokimligi mutasaddilari topar.

Biz esa masalaga yana qaytamiz va albatta, Yangiyo‘l tuman hokimligi rahbariyatidan bu borada ijobiy javob kutib qolamiz.

 

Sulaymon HAYDAROV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: