Jiloli sochlar – salomatlik “barometri”
Kishi hamisha o‘zining sochlari sog‘lom va qalin bo‘lib o‘sishini istaydi. Inson organizmida yangi sochlar paydo bo‘lishi bilan eski soch tolalari to‘kila boshlaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha o‘rtacha kunlik soch to‘kilishi 100 donani tashkil etsa, bu holat odatiy hisoblanar ekan.
Biroq ayrim holatlarda ta’bimizni xira qiladigan haddan ziyod ko‘p soch to‘kilishlari bizni tashvishga soladi. Ko‘pincha ularning to‘kilishiga ichki a’zolar kasalliklari ham sabab bo‘ladi. Sochlarning me’yordan ko‘p to‘kilishiga organizmda vitaminlar yetishmasligi, noto‘g‘ri ovqatlanish, zamburug‘li va yuqumli kasalliklar, kuchli dori vositalari (levomitsitin, aspirin) kabi dorilarni iste’mol qilish ta’sirida, qalqonsimon bez kasalliklarida, stress (ruhiy zo‘riqish)lar natijasida soch folikulalari shikastlanadi.
– Og‘ir kasalliklarni boshidan o‘tkazgan bemorlarda va haddan ziyod siqilish, zo‘riqib ishlash, uyqusizlik va kun bo‘yi kompyuterda o‘tirish ham me’yoridan ortiq soch to‘kilishiga sabab bo‘ladi, – deydi allergolog-dermatolog shifokor Ra’no Xushvaqtova. Bu kasallikni davolashdan oldin uning sababini aniqlash zarur. Agar organizmga vitaminlar yetishmasa, streslar natijasida yoki odam kuchli dori vositalarini qabul qilganligi aniqlansa, bemorga kerakli tavsiyalar beriladi. Mabodo sochlarning to‘kilishi naslga bog‘liq bo‘lsa, unda xastalikning oldini olish ancha murakkab kechadi. Ayollarda soch to‘kilishi asosan bo‘qoq kasalligida va homiladorlik davrida ko‘proq kuzatiladi. Kasallikning oldini olish uchun xasta odamga zarur dori-darmonlar va A, V, Ye vitaminlarini qabul qilish bilan birga vitaminlarga boy bo‘lgan tabiiy ho‘l mevalar va sabzavotlarni ham iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Undan tashqari, ushbu dardning yuzaga kelishi yashab turgan ekologik muhitga ham bog‘liq ekanligini unutmaslik kerak. Fasllar o‘zgarishi natijasida havoning o‘ta issiq yoki o‘ta sovib ketishi ham sochlarga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Bundan tashqari, sun’iy ta’m beruvchi oziq-ovqat mahsulotlari, rangli ichimliklar, bir zumda tayyor bo‘ladigan ovqatlar, o‘ta sho‘r va achchiq tuzlamalarni ko‘p iste’mol qilish ham soch ildizlarining yallig‘lanishiga olib keladi.
Yosh bolalarda nega soch to‘kiladi?
Buni qarangki, ayrim holatlarda kattalar qolib yosh bolalarning ham sochlari to‘kilayotganidan tez-tez shikoyat qilib turishadi. Go‘daklarning chaqaloqlik davridagi soch to‘kilishi qorin sochining to‘kilishi, deya bunga tabiiy holatday qaraladi. Biroq ayrim paytlarda bolalarda sochning ko‘p to‘kilishi yoki parcha-parcha bo‘lib to‘kilish holatlarini ham kuzatish mumkin. Bunday hollarda esa ota-onalar sergak bo‘lishlari darkor. Chunki bu normal holat bo‘lib hisoblanmaydi. Farzandlarining organizmida A, Ye vitaminlarining yetishmasligi hamda yuqumli va gijja kasalliklar borligidan dalolat beradi. Ularning oldini olish uchun, avvalo, bolalarni shifokor nazorati ostida organizmini gijja va xiltlardan tozalab, parhez qilish orqali davolash ishlari olib boriladi. Organizmdagi parazit gelmentlar yosh bolaning sochlarigagina emas, balki ularning yuzlariga ham oq dog‘lar tushishiga va bemorning ozib ketishiga sabab bo‘ladi. Bolalarda sezilarli darajada lohaslik holatlarni kuzatgan ota-onalar ularni albatta, mutaxassis shifokor ko‘rigiga olib borishlari zarur. Yosh bolalarni davolashda, eng avvalo, pokizalikka e’tibor berish nihoyatda muhim. Bolajonlarning xonalarini toza tutish, o‘z vaqtida ularning tirnoqlarini olish, qo‘llarini sovunlab yuvish, ichki kiyimlari va choyshablarini toza tutish hamda ularni tez-tez issiq dazmol bilan dazmollash gijjalarni nobud qiladi.
Dilfuza AZIMOVA