Xususiy tibbiyot muassasalari akusherlik faoliyatini yuritishga haqlimi?
Yaqinda internet tarmog‘ida Samarqand shahrida bundan bir yarim yil avval, aniqrog‘i 2017 yil boshida sun’iy yo‘l bilan dunyoga kelgan chaqaloqlar savdosi va abort bilan shug‘ullangan Nargiza Sanaxonova boshqaruvidagi xususiy “tug‘uruqxona” aniqlangani haqidagi xabarlar keng tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu xususiy tibbiyot muassasasi birlamchi bo‘g‘inda hisobda turishdan qochgan, hech bir tibbiyot muassasasida nazoratda bo‘lmagan homilador ayollarni tug‘dirib, taqiqlangan tibbiy xizmat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Prokuratura xodimlarining tekshiruvlaridan so‘ng muassasaning mas’ul shaxslariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Ro‘y bergan ushbu noqonuniy holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishdagi tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, xususiy tibbiyot tashkiloti faoliyati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, ayniqsa, faoliyati to‘xtatilgan xususiy klinikaga qayta litsenziya berish tartibi va shartlarini qayta ko‘rib chiqish kerakligini ko‘rsatdi. Gap inson salomatligi va hayoti haqida borar ekan, bunda har bir masalaga chuqur yondashish va qat’iy talablar asosida ishlash lozim.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonda chaqaloqlar o‘limini noto‘g‘ri qayd qilish holatlari uchraydi. Natijada ayrim mintaqalarda bu boradagi ko‘rsatkichlar kamayadi.
Tug‘ilish va o‘limning barcha holatlarini aniq qayd qilish, nafaqat aholining tabiiy harakati yuzasidan ishonchli statistik ma’lumot olishda, balki bolalar huquqini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Qayd qilish chog‘idagi xatolar bolalarning davlat tomonidan beriladigan yordam va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini cheklab, ularni familiya va fuqarolik olish huquqidan mahrum qilishi mumkin. Qolaversa, bolalarning yashab ketish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan siyosatning sog‘lom tug‘ilgan va dunyodan o‘tgan fuqarolar haqidagi ishonchli ma’lumot mavjudligiga ham bog‘liq.
Shunday ekan, eng avvalo, inson salomatligi har narsadan ustun bo‘lmog‘i lozim. Ayniqsa, farzandlarimiz salomatligi va ularning xavf-xatarsiz voyaga yetishida biz kattalar doimo mas’ulmiz.
Elmira BOSITXONOVA,
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari:
– Xususiy tibbiyot muassasalariga akusherlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilmagan. Bu cheklovlar tegishli qonunchilik hujjatlarida o‘z ifodasini topgan. Xusususiy tibbiyot muassasalari faqat ginekologiya tibbiy ixtisosligi doirasidagina faoliyat olib borishi mumkin. Soddaroq aytganda, ginekologiya – bu faqat xotin-qizlarga xos bo‘lgan kasalliklarni davolaydigan tibbiy ixtisoslik turi hisoblanadi. Akusherlik esa homiladorlik, tug‘ish jarayoni va tug‘uruqdan keyingi holatni o‘rganuvchi va tibbiy yordam ko‘rsatuvchi ixtisoslikdir. Ko‘rinib turibdiki, homilani rivojlantirishdan to‘xtatish (abort qilish) bu akusherlik ixtisosligiga tegishli aralashuvdir. Shu sababdan homilani to‘xtatishni faqat akusherlik bo‘yicha faoliyat yuritadigan davlat tibbiy muassasasi amalga oshirishi lozim.
Farhod RAHIMQULOV,
Sog‘liqni saqlash vazirligining Nodavlat tashkilotlarining tibbiy faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi boshlig‘i:
– Sog‘liqni saqlash vazirligi xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun tug‘uruqni qabul qilish faoliyati taqiqlangan tibbiy faoliyat turi ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bois ushbu ixtisoslik turi bo‘yicha litsenziya ham berilmaydi. Xususiy tibbiyot tashkilotlarining bunday faoliyat bilan shug‘ullanishi esa noqonuniy faoliyat sifatida baholanib, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
D. AZIMOVA