Yangi baholash tizimi: xalqaro ta’lim jarayoniga integratsiyalashuvni ta’minlaydi

Maktabda olingan bilim insonning kelgusi hayot yo‘lini belgilaydi. Ko‘pchilik uni baho bilan o‘lchaydi. Ammo baho bilimni belgilovchi aniq mezon emas. U o‘quvchilarni faollikka undovchi, rag‘batlantiruvchi vosita, xolos.

Har bir o‘qituvchining o‘z ish uslubi, baholash metodi bor. Qaysidir o‘qituvchi uchun baho bu – rag‘bat yoki o‘quvchini 45 daqiqa ushlab turish vositasi. Shundanmi, bir sinfdan ikkinchi sinfga o‘tgan bolaning bahosida keskin o‘zgarish yaqqol namoyon bo‘ladi. Yana, pedagoglar orasida bahoni nisbatan yuqoriroq qo‘yuvchi yoki o‘quvchining bilim darajasi talabga javob bersa-da, “5” ni tejaydiganlari bor. Bu usullarning qaysi biri to‘g‘riligi esa doimiy bahs talab mavzu.

O‘quvchilarning bilim va malakasini umumiy ravishda tahlil qilish mamlakatdagi ta’lim sifati darajasini belgilaydi. Shu maqsadda o‘quv yili davomida har bir ta’lim muassasasida ichki va tashqi monitoring o‘tkazib boriladi. Uning natijasiga ko‘ra, eng namunali maktablar ketma-ketligi, o‘qituvchilar salohiyati va o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi aniqlanadi. Bu jarayon ta’lim taraqqiyotini belgilovchi muhim mezon bo‘lgani uchun Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlarni amaliyotga joriy etish maqsadida ilk qadamlar tashlandi. Ya’ni, o‘quvchilar bilimini xalqaro talablarga yetkazish, unga mosligini o‘rganib borish maqsadida PISA (Programme for International Student Assesment), TIMSS (Trends in Mathematics and Science Study) kabi baholash dasturlarini keng qo‘llash rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida

PISA – 15 yoshli o‘quvchilarning savodxonligi va kompetensiyasini baholovchi xalqaro dastur bo‘lib, Xalqaro Iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish tashkiloti tomonidan 3 yilda bir marta o‘tkaziladi. Unda o‘quvchilarning bilim sifati o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha monitoring qilinadi va 1000 ballik tizimda baholanadi.

TIMSS – maktabda matematika va tabiiy fanlarni o‘qitish sifatining xalqaro monitoringi bo‘lib, Ta’lim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan tashkil etiladi. Ushbu tadqiqot turli davlatlardagi 4–va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha egallagan bilim darajasi va sifatini solishtirish hamda milliy ta’lim tizimidagi farqlarni aniqlashga yordam beradi. Ushbu ma’lumotlar belgilangan fanlarni o‘zlashtirish holatini ko‘rsatishda asos bo‘ladi.

Ushbu tadqiqot to‘rt yilda bir marta dunyoning ko‘plab ilmiy-tadqiqot markazlari va tashkilotlari, xususan, AQSHning Ta’lim sohasidagi test xizmatlari (ETS-Educational Testing Services), Kanadaning statistik markazi (Statistic Canada), Ta’lim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA)ning vakillari ishtirokida o‘tkaziladi. Shuningdek, turli davlat mutaxassislaridan iborat maslahat qo‘mitalari tashkil etiladi.

Yana o‘qing:  Yoshlar uyi: Endi “navbatimni birovga berishdi” deyishga hojat yo‘q

 

Xalqaro monitoring sari ilk qadam

Mamlakatimizda ham TIMSS xalqaro monitoring tadqiqotiga bosqichma-bosqich qadam qo‘yilmoqda. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan tashqi monitoring jarayonida ushbu xalqaro baholash materiallaridan qisman foydalanish orqali o‘quvchilar xalqaro talab darajasiga o‘rgatib borilmoqda.

Joriy yilning may oyida Xalq ta’limi vazirligi va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “O‘quvchilarning muvaffaqiyatli o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni aniqlash” mavzusida tadqiqot o‘tkazildi. Unda respublika bo‘yicha tanlab olingan 255 ta maktabda tahsil olayotgan 4-sinf o‘quvchilarining matematika, o‘qish va tabiatshunoslik fanidan bilimi tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazildi. Monitoring uchun TIMSS tadqiqoti materiallari mazmuni, talabidan kelib chiqib, test savollari tayyorlandi. Test sinovi materiallari YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda umumlashtirilib, tahlil qilinmoqda. Shuningdek, vazirlik YUNISEF bilan hamkorlikda PISA talabi asosida umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini takomillashtirish ustida ham ishlamoqda.

Yuqoridagi vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi mamlakatimiz ta’lim tizimining xalqaro ta’lim jarayoniga integratsiyalashuvini ta’minlaydi. Sohadagi bo‘shliqlarni aniqlashga, yangi vazifalarni belgilab olishga xizmat qiladi. Eng muhimi, o‘quvchilar bilimini adolatli va shaffof baholashga erishamiz.

 

Abdurahim NOSIROV,

Xalq ta’limi vazirligining umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida

o‘quv-metodik jarayonlarni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: