Xalqning ishonchli vakili yoxud firibgarga aylangan deputat

Deputat – xalq vakili. Unga odamlarning ishonchi sabab muhim vazifalar yuklatiladi. Shu ishonch evaziga u xalq manfaatlarini himoya qiladi. Biroq, bugungi kunda ana shunday yuksak ishonchni suiste’mol qilayotgan deputatlar ham uchramoqda. Achinarlisi, ular fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, ishonchini oqlash o‘rniga mavqe va ishonchdan foydalanib, firibgarlikka qo‘l urmoqda.

Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati Gulbahor Aliyeva (ism-fimiliyalar o‘zgartirilgan) deputatlik oliy maqom ekanligini yaxshi bilardi. Chunki bu maqom ostida unga hech kim shubhalanib qaramasdi. Ayniqsa, uning so‘zamol, gapga chechanligi bu borada yanada qo‘l keldi va rejasini amalga oshirishni paysalga solib ham o‘tirmadi.

G. Aliyeva deputat sifatida fuqarolar tomonidan kelgan arizalarni o‘rganish yuzasidan ishchi guruh rahbari sifatida viloyatdagi tumanlarning biriga boradi. Unga hamrohlik qilgan Xalq ta’limi boshqarmasida faoliyat yuritayotgan Zoir Inomov va uning hamrohi To‘lqin Irisboyev bilan o‘zaro suhbat asnosida Irisboyevning Qibray tumanidan hovli-joy izlayotganini bilib oladi. Irisboyev buni turmush o‘rtog‘ining sog‘ligi yomonlashayotgani sababli yashab turgan uyini ilojsiz sotayotgani va shahar chekkasiga, bahavoroq joyga ko‘chishi zarurligini aytadi. Qarangki, ilojsizlik sabab o‘z uyini sotishga majbur bo‘layotgan Irisboyevni deputat o‘z qarmog‘iga ilintiradi. U G. Irisboyevga yordam berishini, iloji boricha arzonroq va yaxshiroq hovli-joy topib berishini aytadi. Tabiiyki, cho‘kayotgan odam xasga ham yopishgani kabi T. Irisboyev unga ishonadi. Aliyeva uchun esa bu ayni muddao edi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay G. Aliyeva T. Irisboyevdan 1500 AQSH dollari qarzga so‘raydi. T. Irisboyev esa uning hojatini chiqarayotgan G. Aliyevaga “yo‘q” deyolmay, Inomov bilan maslahatlashib, qarzga so‘ralgan pulni berib yuboradi. Pulni qaytarish muddati kelganida esa Aliyeva Irisboyevga Qibray tumanida hovli-joy uchun mo‘ljallangan ikkita yer maydoni borligini, biroq ular ayrim sabablarga ko‘ra boshqa shaxslarning nomiga rasmiylashtirilganini aytadi. Agar bu joylar unga yoqsa sotishi mumkinligini va berilgan qarz chegirib qolinishi haqida kelishishadi. Aliyeva o‘ylagan rejasi ish berayotganidan, Irisboyev esa tezroq muammosi hal bo‘layotganidan xursand edi. Deputat hamma ishni shoshmasdan, o‘z maromida bajarar ediki, Irisboyev bu ishning qing‘irligini sezmaydi ham.

G. Aliyeva unga Qibray tumani “Yangiobod” qishloq fuqarolar yig‘inida joylashgan sakkiz sotixli yer maydonni ko‘rsatganida T. Irisboyevga ma’qul keladi. U kelishilgan pulni Aliyevaga beradi. Biroq, aybdor mulkni jabrlanuvchiga hujjatlashtirib berishni paysalga soladi. Davomli bahonalardan bezigan T. Irisboyev surishtirganida bu yer boshqa birovga tegishli ekani ma’lum bo‘ladi.

Ham uyidan, ham pulidan ayrilgan T. Irisboyev tegishli joyga murojaat qilishini aytgandagina u tipirchilashga tushadi. Negaki, uning bu qilmishidan yuqori tashkilotlar xabar topsa, oqibati qanday bo‘lishini juda yaxshi bilardi. Shu sabab u Irisboyevga undan olgan pullarining bir qismini qaytarib beradi. Uning go‘yoki insofga kelayotganini ko‘rgan T. Irisboyev murojaat qilmay turishga qaror qiladi. Biroq, G. Aliyevaning navbatdagi nayrangi yana uni esankiratib qo‘yadi. Deputat unga pulning qolgan qismini qaytaraman deb uchrashuv belgilaydi. Ammo u pul olib kelish o‘rniga “Kaptiva” rusumli mashinada keladi va uni 5000 AQSH dollariga baholab, T. Irisboyevning turmush o‘rtog‘i nomiga o‘tkazib berishini aytadi. Qolgan pulni esa hujjatlashtirishdan keyin berishini ta’kidlaydi. Ammo Aliyeva hujjatlashtirish ishlarini yana paysalga soladi. O‘n kuncha vaqt o‘tib esa mashina Aliyevaga tegishli emasligi aniq bo‘ladi. Chunki uning haqiqiy egasi, hujjatlarini ko‘rsatib, mashinani Irisboyevdan olib ketadi. Shundagina u firibgarga chuv tushganini anglab yetadi. Biroq, endi kech edi. G. Aliyeva uning ishonchiga kirish uchun pulning kam qismini qaytarib bergan, qolgan 10 ming 200 AQSH dollarini o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan edi.

Yana o‘qing:  O‘rik – hayotiy quvvat manbai

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi Gulbahor Aliyevaga O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 168-moddasining 1-qismi bilan, jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, eng kam oylik ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima jazosini tayinlash, Jinoyat kodeksining 45-moddasiga muvofiq ikki yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish, jabrlanuvchi To‘lqin Irisboyev foydasiga yetkazilgan zararni undirish haqida hukm chiqardi.

 

Yoqutxon HAYDAROVA,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi raisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: