Xususiy tibbiyot rivojiga nima to‘siq bo‘lmoqda?
Sog‘liqni saqlash vazirligida Respublika Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturining ijrosini ta’minlash yuzasidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida litsenziyalovchi organ mansabdor shaxslari va xodimlarining mas’uliyatini yanada oshirish” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalarining tibbiy faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha mutaxassislari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Shuningdek, seminarda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish va davlat xizmatlari ko‘rsatish borasida qabul qilingan huquqiy hujjatlar, yangicha tartib-tamoyillar, tibbiy xizmatni litsenziyalash jarayonida qonuniylik, shaffoflik, adolat prinsiplariga rioya etish, bu tizimda korrupsiyaning oldini olishda mutasaddilar zimmasidagi vazifalar xususida so‘z yuritildi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda korrupsiya va poraxo‘rlik natijasida yiliga 1,5-2 trillion dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, jahon iqtisodiyotiga juda katta zarar yetkazilmoqda. Bu muammo mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. Jumladan, tibbiyot tizimida ham bunday holatlar uchrab turibdi. Joriy yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida sohaning turli yo‘nalishlarida ana shunday noqonuniy hatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan 28 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyotning barcha bo‘g‘inida bunday muammolarning oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, tibbiy xizmatni litsenziyalash jarayonida ochiqlik, oshkoralik, qonuniylikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotir. Shu maqsadda sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan zamonaviy usullari tatbiq etilgan.
Prezidentimizning 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda. Ushbu qarorga muvofiq, xususiy tibbiyot muassasalari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan tibbiy ixtisosliklar 50 tadan 126 taga ko‘paydi. Xususiy klinikalarga davlat tomonidan qator moliyaviy imtiyozlar berilmoqda. Bundan tashqari, litsenziya olish uchun berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartirildi, litsenziya olish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 10 baravaridan 5 baravarigacha kamaytirildi.
— Bunday imtiyoz va imkoniyatlar tufayli qisqa muddatda, ya’ni, so‘nggi bir yil ichida 202 ta xususiy tibbiyot muassasa o‘z faoliyatini kengaytirdi, 300 ta yangi tashkil etilib, xususiy tibbiyot muassasalarning umumiy soni 4200 tadan oshdi,- deydi respublika Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov.- Ana shunday yutuqlar bilan birga hali oldimizda yechimini kutib turgan muammolar ham talaygina. Bu vazifalarni bajarishda qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik — har bir tibbiyot xodimi faoliyatining kundalik qoidasiga aylanishi kerak. Buni tibbiy xizmatni litsenziyalash bilan shug‘ullanuvchi organlarning rahbar-mutaxassislari ham yaxshi anglashi lozim. Shundagina sohada adolat qaror topadi. Adolat, halollik bor joyda ishda unum, baraka bo‘ladi.
Seminarda sog‘liqni saqlash tizimida bu yo‘nalishda o‘ziga xos natijalar bilan birga, xususiy tarmoqni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammolar borligi ham qayd etildi. Masalan, bu yo‘nalishda faoliyat yuritish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga yer ajratish yoki davlat mulkini xususiylashtirish, ularga tijorat banklari orqali kreditlar ajratish bilan bog‘liq jarayonlar murakkabligicha qolmoqda. Shuningdek, xususiy tibbiyot sohasiga chet el investitsiyasi va malakali mutaxassislarini jalb etish ishlari ham talab darajasida emas.
Tadbirda bu boradagi muammolarni bartaraf etish, tibbiy xizmatni litsenziyalashda qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida litsenziyalovchi organ mansabdor shaxslari va xodimlarining mas’uliyatini yanada oshirish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, sohaga ilm-fan va innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish, xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar ham belgilab olindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi