Urug‘chilik haqida 10 muhim savolga 10 javob
1. Urug‘chilikda innovatsion yondashuvlarning nima keragi bor?
Agrar sohada yuzaga kelgan qator muammolar seleksiya-urug‘chilik kompleksini isloh qilish va uni bozor sharoitlariga moslashtirishni, shuningdek, sohaga innovatsion texnologiyalar olib kirishni talab qilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida talabga ega bo‘lgan yangi nav – innovatsion mahsulot hisoblanadi. Yangi nav esa faqatgina yaxshi tashkil etilgan urug‘chilik tizimi tomonidan yetkazib beriladigan sifatli urug‘ ekilgandagina bor bo‘y-bastini namoyish etadi.Shu bois urug‘chilik raqobatbardosh mahsulot yetishtirishning asosi bo‘lib, strategik jihatdan mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini va xalq xo‘jaligining samarali rivojlanishini ta’minlaydi.
Bugunda sohaning barcha yo‘nalishlariga foyda keltiradigan innovatsiyalar ishlab chiqilmoqda: ekinlarning hosildorligi hamda ozuqaviy qiymatining oshishi, begona o‘tlar va zararkunandalar bilan kurashdan boshlab iste’molchilarga yetkazib beriladigan tayyor mahsulotning sifatigacha.
2. Mavjud urug‘larning sifatini oshirish usullari ham bormi?
Urug‘larning sifatini oshirish uchun urug‘larning turli xil saralash usullaridan foydalaniladi.
Urug‘lar o‘lchami, shakli, qalinligi, rangi va boshqa xususiyatlariga ko‘ra odatda urug‘chilik xo‘jaliklarida saralanadi, ammo zaruriyat tug‘ilganida buni bevosita ekishdan avval ham amalga oshirish mumkin. Yomon saralangan urug‘larning unib chiqish darajasi past bo‘ladi, ekilganda esaunib chiqqan nihollar soni kam, kuchsiz va nimjon bo‘ladi, ekinlar kam hosil beradi.
Urug‘larni o‘lchamiga qarab saralash kalibrovka deb ataladi. Shuningdek urug‘larning elektr potensialining turli xilligiga ko‘ra elektrseperatsiya ham qo‘llaniladi. Bundan tashqari, havo yordamida urug‘ hajmi fraksiyalarga ajratiladigan havo separatsiyasi (aeroseparatsiya)dan ham foydalaniladi.
So‘nggi yillarda urug‘larni optik saralash texnologiyasi joriy etilgan. Bunda elektromagnit nurlanish (X-nurlari, ultra nurlanish, zohir va IK nurlanish) va tovush to‘lqinlari usullari kengroq yoyilgan. Bu usullar urug‘larning tashqi (shakli, rangi, o‘lchami, tuzilishi) va ichki (embrion holati, endospermasi, urug‘ qatlami, muayyan birikmalarning mavjudligi, patogenlarning borligi va hokazo) xususiyatlarini baholashga imkon beradi.
3. Dorilash nima degani?
Urug‘larni ekishdan avvalgi ishlov muhim bosqich sanalib, ularning unib chiqishi oshadi, nish urgan ekinlarning salbiy abiotik va biotik stresslarga chidamliligini oshiradi. Bularga urug‘larni zararlantirish, ivitish, rag‘batlantiruvchi vositalar bilan ishlov berish, kapsulalash va b.lar kiradi.
Urug‘larni zararlantirishda, odatda, dorilash usulidan foydalaniladi. Urug‘larni kimyoviy moddalar yordamida dorilash –qishloq xo‘jaligi ekinlarining kasalliklari va zararkunandalari bilan kurashishning umumiy tizimdagi eng muhim, maqsadga yo‘naltirilgan, samarali, iqtisodiy jihatdan maqbul, atrof-muhitga kam zarar yetkazadigan tadbirlardan biri.
4. Dorilashning qaysi turi eng xavfsiz sanaladi?
Dehqonchilikni biologizatsiya qilish zarurati munosabati bilan oxirgi yillarda urug‘larni ekishdan avvalgi ishlovining atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan turi – ozonlashtirish keng qo‘llanilmoqda.
Ozonlashtirish – urug‘larga ishlov berish jarayoning eng zamonaviy va ilg‘or texnologiyalaridan biri. Ozondan foydalanishning asosiy afzalliklari quyidagilardan iborat: yuqori oksidlanish imkoniyati, havodagi kisloroddan istalgan joyda olish mumkinligi, elektr apparatlari yordamida ozon olishning osonligi va qulayligi, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi, chiqindilarsiz ishlab chiqarish, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetkazmasligi.
Ekishdan avvalgi ishlovning yana bir usullaridan biri urug‘larga gidrotermik ta’sir ko‘rsatishdir. “Gidrotermik ishlov” deganda urug‘larga ekishga tayyorlashning bir necha usullari nazarda tutilsa-da, ammo ularning barida urug‘lar turli daraja issiqlikdagi suvga ivitib qo‘yiladi.
5. Ekinlar hosildorligini urug‘ qadashdan avval ham oshirish mumkinmi?
Albatta, mumkin! Buning bir necha usullari bor:
– Urug‘larni mikroelementlar eritmasida ivitish. Urug‘larning unib chiqishini rag‘batlantirish, o‘sish va rivojlanish sur’atini tezlashtirish uchun ular mikroelementlar va biologik faol moddalar eritmalarida ivitiladi. Urug‘larni ivitish zaruriyati va eritmalarning tarkibi muayyan ekinning ehtiyoji va u ekiladigan tuproqning turiga bog‘liq bo‘ladi.
– O‘sish stimulyatorlaridan foydalanish. Ishlab chiqarishda eng ko‘p qo‘llaniladigan o‘sish stimulyatorlariga gibberellin, sitokinin, 2-xloretilfosfon kislotasi hosilalari (etefon, etrel), fuzikoksin, tarkibida kremniy bo‘lgan birikmalar va hokazo. Ularning ta’sirida nimjon urug‘larning unib chiqishi tezlashadi, urug‘larning unib chiqish salmog‘i oshadi, nish urgan ekinlar baquvvat bo‘ladi.
– Barbotaj. Bu usul suvga solingan urug‘larga kislorod yoki havo yordamida ishlov berishga asoslangan. Barbotaj jarayonida kislorod yoki havo bilan to‘yingan suvga solingan urug‘lar tezroq shishib, urug‘larning nish urishini to‘xtatib turadigan tashqi qobiq – ingibitorlaridan xalos bo‘ladi. Shu munosabat bilan barbotaj qilingan urug‘larning unib chiqish muddati anchayin qisqaradi, bu o‘z navbatida tez qurib qolish xususiyatiga ega tuproqli yer maydonlarida dehqonchilik qilganda muhim ahamiyat kasb etadi.
6. Ishlov berilgan urug‘larni saqlash muddatini qanday uzaytirish mumkin?
Buning uchun osmo (grek. osmos – zarba, bosim) ishlovdan foydalanish mumkin.Osmo ishlov AQSH, Buyuk Britaniya, Polsha va boshqa davlatlarda tobora keng yoyilmoqda. Bu usulning mohiyati shundaki, urug‘lar kimyoviy nofaol moddaning (aksariyat hollarda polietilenglikol 6000dan foydalaniladi) ichiga solinadi, bunda urug‘lar shishishi, ammo nish urmaydigan miqdorda konsetratsiya tayyorlanadi. Shunday qilib, ishlov berilgan urug‘lar tez bir maromda unib chiqadi. Bunday urug‘larni quritib, bir qancha vaqt mobaynida saqlash mumkin bo‘ladi. Bunday urug‘lar tuproqqa qadalganidan so‘ng, hatto, past haroratda ham unib chiqishi mumkinligi bilan e’tiborga loyiqdir.
7. Urug‘larni bahorda havo haroratining keskin o‘zgarishidan qanday himoyalash mumkin?
Sabzavotlar yetishtirishda o‘simliklarni bahorda tez-tez uchrab turadigan ob-havoning keskin o‘zgarishlariga, shuningdek, past harorat sharoitlariga tayyorlash muhim ahamiyatga ega. Urug‘larni chiniqtirish unib chiqayotgan urug‘larda shakar moddasining yig‘ilishini kuchaytiradi, ko‘chatning biometrik ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Inkrustatsiya (kapsulalalash) – texnologik jarayon bo‘lib, unda urug‘lar sirti parda hosil qiluvchi maxsus suyuqlik bilan qoplanadi. Uning tarkibidagi moddalar himoya muhitini yaratib, o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishini rag‘batlantiradi, urug‘ni zararli mikroblardan tozalab, urug‘ ustidagi biologik faol moddalarning parchalanishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Mikroelementlar ta’sirida o‘simliklarning zamburug‘lar va bakterial kasalliklarga, shuningdek atrof-muhitning salbiy ta’siriga – atmosfera va tuproqdagi qurg‘oqchilikka, yuqori va past havo haroratiga, qishlash sharoitlariga chidamlilikni oshiradi. Dorilashdan avval inkrustatsiya qilishning asosiy afzalligi – preparatlar iqtisod qilinadi. Inkrustatsiyadan so‘ng pestitsitsidlarni 1,5—3 martagacha kamaytirish mumkin.
8. Urug‘chilikning innovatsion usullari yordamida ekologik toza mahsulotlar yetishtirish mumkinmi?
Sabzavotlar yetishtirishda pestitsidlar miqdorini kamayirish zamonaviy dehqonchilikning muhim vazifalaridan sanaladi. Mazkur muammoning yechimlaridan biri – tabiiylikka maksimal darajada yaqinlashtirilgan moddalar va birikmalardan foydalanishdir. Mana shunday moddalar qatoriga biosferaning asosini tashkil etuvchi temir, rux, alyuminiy, kremniy kabi metallarning ultradispers kukunlari (UDK)ni kiritish mumkin.
Taxminlarga ko‘ra, UDK metallarining mikrozarralari urug‘lar po‘stining teshikchalari orqali bir tekisda kirarkan, o‘simlik tomonidan o‘zlashtirilib, ularning o‘sishi va rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Boshqa nuqtai nazar ham mavjud: UDK urug‘lardagi “shikastlangan darvoza”ni berkitadi, zamburug‘larning giflari metallga tegib, o‘sishdan to‘xtaydi-da, metallar UDKsi urug‘larning sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
9. Drajelash nima degani?
Drajelash deganda urug‘ni sun’iy qoplama bilan o‘rash tushuniladi. Aksariyat hollarda urug‘lar shaklini tekislash,o‘lchami va og‘irligini oshirish maqsadida drajelanadi, bunda urug‘larni sepish ham, birma-bir ekish ham osonlashadi.
Drajening asosiy komponentlariga torf, kukunsimon ko‘rinishdagi diatomit, dala shpati qumi va bentonit tuprog‘ini kiritish mumkin. Draje tarkibiga, shuningdek, maxsus urug‘dorilagichlar, mikroelementarni ham qo‘shish mumkin.
10. Urug‘larga ishlov berishning qaysi usullari eng samarali?
Urug‘larga ta’sir ko‘rsatishning fizik usullaridan elektromagnit nurlanish, ultrabinafsha nurlar, lazer uskunalar, tojli razryad va boshqalarga katta ahamiyat berilgan.
Ta’sir usullaridan qat’i nazar (doimiy yoki o‘zgaruvchan magnit maydoni, o‘ta yuqori chastotali nurlanish, radioto‘lqinlar, lazer va hokazo) urug‘larni faollashtirish hosilning deyarli bir xil o‘sishiga olib keladi. Shu bois usullarni birortasini tanlashda undan foydalanishning qulayligi va ekologik tozaligi inobatga olinadi.
Shunday qilib, xulosa qilib aytish mumkinki, hozirgi paytga kelib urug‘chilikda an’anaviy usullar bilan bir qatorda urug‘chilik materialining sifatini oshirishga hamda ekishga mo‘ljallangan urug‘lar sarfini kamaytirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlardan tobora ko‘proq foydalanilmoqda.