O‘zbekiston: 34 mamlakat orasida 3-o‘rin
Vyetnamning Xoshimin shahrida bo‘lib o‘tgan taekvondo WTF bo‘icha Osiyo chempionatida vakillarimiz ikkita oltin, bitta kumush va beshta bronza medalni qo‘lga kiritgan holda faxrli uchinchi o‘rinni egallashdi.
Musobaqaning birinchi kunidayoq 74 kg. vaznda Nikita Rafalovich barcha raqiblarini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Navbatdagi kunlar ham vakillarimiz uchun medalsiz o‘tmadi. Vazni 67 kg. bo‘lgan sportchilar o‘rtasida Nigora Tursunqulova ham oltin medal, 87 kg. vazn toifasida esa Jasur Boyqo‘ziyev kumush medal sohibi bo‘ldi.
Madina Mannopova (46 kg.), Niyozbek Po‘latov (58 kg.), Sardor Toirov (63 kg.), Maksim Rafalovich (80 kg.), Dmitriy Shokin (87 kg.) kabi sportchilarimiz shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra 34 mamlakatdan 564 nafar sportchi ishtirok etgan qit’a birinchiligida o‘zbekistonlik taekvondochilar jami 8 ta medalni qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalldi.