Tamaki chekish: ilk qadam ogoh etadi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra inson salomatligi 50-55 foiz holatlarda insonning o‘zi va uning sog‘lom turmush tarziga bog‘liq ekan. Buning asosiy tamoyillaridan biri zararli odatlardan xoli bo‘lish hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ning 1988 yil 42 sessiyasida 31 may – xalqaro chekishga qarshi kurashish kuni deya e’lon qilindi. Kashandalarda chekmaydiganlarga nisbatan bronxit (bronxlar yallig‘lanishi) va o‘pka emfizemasi olti karra, halqum saratoni besh barobar, qizilo‘ngach va me’da saratoni uch marotaba, qon aylanish tizimi kasalliklari 2,5 hissa ko‘p uchraydi. Me’da yarasi o‘n marotaba, to‘satdan yuz beruvchi o‘lim holati esa besh marotaba ko‘p kuzatiladi. Yana chekuvchilar orasida yurak infarkti, stenokardiya kasalliklari chekmaydiganlarga qaraganda 12-15 marotaba ko‘p uchraydi. 35-40 yoshlarda miokard infarkti bilan kasallanganlarning 80 foizini tamakini o‘smirlik davridan boshlab chekkanlar tashkil qiladi.

Tamaki tutuni tarkibida kishi sog‘ligiga zararli ta’sir qiluvchi 400 dan ortiq moddalar borligi aniqlangan. Ularga nikotin, is gazi, ammiak, azot, serovodorod, benzopiren, poloniy – 210, margimush, metan, butan, kadmiy, geksamin, toulen, metanol va boshqa moddalar kiradi.

Bu zararli odat jinsiy maylni so‘ndiradi va bepushtlikka olib keladi. Chekish urug‘ hujayralari (sperma)ga salbiy ta’sir qilishini ko‘rsatdi.

Chekadigan ayollarda ham 60 foiz ko‘p holatlarda bepusht bo‘lish xavfi yuqori bo‘ladi. Tamaki tutunidan organizmga tushadigan nikotin va boshqa zararli moddalar homilaning shakllanishida o‘ta muhim bo‘lgan ovulyasiya jarayonini boshqaradigan estrogen gormonlarining ishlab chiqishiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada ovulyasiya jarayoni buziladi va bepushtlik yuzaga keladi. Tamaki chekish homilaning qon bilan ta’minlanishini sezilarli darajada yomonlashtiradi va uning rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada tamaki chekuvchi ayollarda homila tushishi uning chala yoki o‘lik tug‘ilishi, jismoniy va aqliy zaif farzandlar tug‘ilishiga hamda ularda kashandalik va giyohvandlikka moyillik kuchli bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Kashandalar nafaqat o‘zlarini, balki atrofidagilar uchun ham xavf tug‘dirishadi. Ularning yonveridagi odamlar passiv chekuvchilar, deb ataladi. Ular faol kashandalarga nisbatan ko‘proq tamaki tutunidan zaharlanadi. Ota-onasi chekadigan bolalarning organizmi faol chekuvchilarga nisbatan ko‘proq zararlanadi.

Chekish natijasida yutilgan tamaki tutuni og‘iz bo‘shlig‘i, traxeya va bronxlar shilliq qavatlarini shikastlaydi. Natijada shilliq qavat yumshab qoladi va zararlangan joylarga kasallik paydo qiluvchi mikroblarning kirishi osonlashadi. Halqumning burun qismida, hiqildoq, bronxlarda chekish sababli surunkali yallig‘lanish jarayonlarini tez-tez paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Chekuvchilarda surunkali bronxit kasalligi rivojlanib, ularni ertalabki yo‘tal va qiyinchilik bilan balg‘am ajralishi bezovta qiladi. Yana ularda hansirash paydo bo‘lib, nafas olish qiyinlashadi. Kashandalarda qo‘l-oyoqlarning uvishishi, oqsoqlanish, surunkali kasalliklarning (bronxit, stenokardiya, me’da va o‘n ikki barmoqli ichakning yarasi va shu kabi xastaliklar) tez-tez xuruj qilishi kuzatiladi.

Yana o‘qing:  Mutaxassislar Alsgeymer kasalligining oldini olish yo‘lini topdi

Tamaki tarkibidagi nikotin og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq qavatidan tez so‘riladi va qonga oson tushadi. Natijada 20-23 daqiqada butun organizmga tarqaladi. Eng avvalo, nikotin markaziy asab tizimiga, bosh va orqa miyaga ta’sir qiladi. Nikotin buyrak usti bezlarida adrenalin va noradrenalin kabi gormonlarning ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Buning natijasida yurak faoliyati tezlashadi va notekis ura boshlaydi. Nikotin yurak va bosh miya qon tomirlarini toraytiradi. Qon bosimini oshiradi. Bu zaharli modda ta’sirida ushbu a’zoning jismoniy zo‘riqishlarga chidamliligi susayadi. Chekuvchi o‘z yuragining urishini seza boshlaydi. Yurak tomirlari zararlanishi rivojlanadi va unig mushaklarini yog‘ bosadi.

Ma’lumot o‘rnida:

Bugungi kunda yer yuzida 1,3 milliard aholi tamakiga qaramdir. Tamaki chekish har yili 5,4 million odamning o‘limiga sabab bo‘ladi. Bu zararli mahsulot kishi umrini 12-15 yilga qisqartiradi. Chekuvchilar o‘rtasida kasalliklardan yuz beradigan o‘lim ko‘rsatkichi chekmaydiganlarga qaraganda 30-50 foiz yuqori bo‘ladi. O‘pka saratoni bilan kasallanganlarning 95 foizini tamaki chekuvchilar tashkil qiladi. Har 8 soniyada bir inson chekish bilan bog‘liq bo‘lgan kasallik oqibatidan vafot etadi. Agar bu zararli odatning oldini olish chora-tadbirlari ko‘rilmasa 2030 yilga borib har yili 10 million odam chekish bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklardan vafot etadi.

Amerikalik kardiologlar chekish yurak chap qorinchasi mushaklarining qalinlashishi va uning og‘irligi oshishiga olib kelishini aniqlashgan. Bu yurak yetishmovchiligi xavfini oshiradi. Chekuvchilarda yurak ishemik kasalligi, infarkt, insult bo‘lmagan holatda ham, ushbu a’zoning chap qorinchasida o‘zgarishlar kuzatiladi. Uning shakli va o‘lchamlari kattalashadi. Bu yurak faoliyatining yomonlashishiga olib keladi. Shuningdek, ushbu zaharli modda o‘pka to‘qimalariga bevosita salbiy ta’sir etib, rak hujayralarining paydo bo‘lishini tezlashtiradi.

Gipertoniya (xafaqon) yurak tomirlari va bosh miyaning aterosklerozi, yurak ishemik kasalliklarining yuzaga kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Nikotin qonni quyultiradi. Natijada qon laxtalari, ya’ni tromblar hosil bo‘lishi uchun sharoit yaratiladi. Bu esa miokard infarktini keltirib chiqaradi.

Tamaki tarkibidagi uglerod gazi (SO2) qondagi eritrotsitlar (qizil qon tanachalari) tarkibidagi gemoglobin bilan birikib, ularni kislorodni qabul qilish va to‘qimalarga olib borish imkoniyatini kamaytiradi. To‘qimalarga kislorod borishining kamayishi to‘qima va hujayralardagi moddalar almashinuvi jarayonlarini izdan chiqaradi. Oqibatda moddalar almashinuvining buzilishi bilan bog‘liq kasalliklar, tomirlarda ateroskleroz, bo‘g‘imlarda poliartrit xastaligining rivojlanishi, ichki a’zolar faoliyatining izdan chiqishi, organizmda xiltlarning to‘planib qolishiga sharoit yaratiladi.

Yana o‘qing:  KAMQONLIKNI BIR ZUMDA ANIQLASH MUMKIN

psixologik jihatdan qaraganda kashandalik inson xotirasining eng ashaddiy dushmani hisoblanadi. Chekish xotiraning pasayishi, uyqusizlik, xayolparastlik hamda “vos-vos” kabi holatlarga olib keladi.

Kashandalik – bir lahzalik rohatlanish evaziga salomatlikni boy berish hisoblanadi. Bu ofat o‘tmishda tarqalgan dahshatli epidemiyalar kabi halokatlidir. Tamaki chekishni har qanday yoshda ham tashlash mumkin. Ammo, bu oson kechmaydi. Avvalambor, insonda iroda va chekishni tashlash uchun kuchli xohish bo‘lishi kerak.

 

Kenjaboy ISMOILOV,

Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil

etish ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi,

tibbiyot fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: