Sizga sog‘lik tilayman…
Tadbirda ishtirok etish uchun qo‘shni maktab tomon ketayotgandik. Yo‘lda yoshi ulug‘roq erkak-ayolga salom berdim. Alik oldilar, mamnun jilmayishdi. Birozdan so‘ng bizdan bir-ikki sinf yuqori o‘qiydigan hamrohim Nargiza so‘rab qoldi:
– Qarindoshlaringmi?
– Yo‘q, – tushunmay javob qildim.
Javobimdan hayron bo‘lgani shundoqqina ko‘rinib turardi.
– Unda nega salom berding?
– Salom – Xudoning qarzi.
U menga iztehzoli boqib, labining bir cheti bilan kulib qo‘ydi. Battar hayron bo‘ldim. Xushro‘ygina opamiz dugonasiga engashib, pichirlab kuldi. Yelka qisib qo‘ya qoldim. Balki o‘shanda bolaligimga borib, nega kulganini tushunmagandirman. Keyinchalik ham shu voqeani ko‘p o‘yladim. Lekin baribir kulgu sababini tushuna olmadim. Shunchaki, tanimagan odamimga salom bergandim…
Salom-alik xalqimizning qon-qoniga singib ketgan fazilati, kerak bo‘lsa qadriyati ham. Hol-ahvol so‘rash, ishlarini surishtirish – o‘zbekning yetmish ikki tomirida oqadi. Mehr-oqibat, bir-biriga bo‘lgan hurmat…
Salomlashishning ham tarixi bor ekan. O‘tmishda odamlar o‘ng qo‘lida qurolini olib yurgan ekan. Agar biror odam boshqasi bilan uchrashib qolsa, o‘ng qo‘lini ko‘rsatar ekan. Ya’ni, mana o‘ng qo‘lim bo‘sh, qurolim yo‘q ma’nosida. Shu tariqa dushman emasligini bildirarkan.
Vaqt hamma narsani, jumladan udumlarni ham o‘zgartirganidek, salomlashish shakllari ham o‘zgarib boravergan. Har ulusning o‘z salomlashishi bor. Masalan, Afrika xalqlaridan biri bushmenlar burnini burniga tekkizib hol-ahvol so‘rarkan…
Hozir esa kim bilandir quyuqroq ko‘rishsangiz, ayrimlar darhol o‘sha odamning mansabiyu mol-dunyosini surishtira boshlaydilar. Biroz taajjublanarli hamda achinarli holat.
Biroq shuni esdan chiqarmaslik kerakki, shu oddiy salom-alik odamlar o‘rtasida munosabatlarni mustahkamlaydi, bir-biriga yaqinlashtiradi. Kimgadir tinchlik, salomatlik tilashimizga sabab bo‘ladi. Yomonmi?
Xalqimiz doimo bir-biriga suyanib, mehr ulashib umr kechirgan. Ehtimolki, ko‘p muammolar yechimi boshida oddiygina salom turadi. Bir-birimizni mehrsizlikda ayblashdan avval shular haqida o‘ylab ko‘rsak bo‘lar edi.
Assalomu alaykum!
Adham ARSLONOV