Nonni e’zozlaganning nasibasi butun
Keng ko‘chadan yosh ota-ona borishardi. Ota to‘rt yoshlardagi o‘g‘ilchasini yetaklab olgan. Ona esa bolalar aravachasidagi bir yarim-ikki yoshlardagi qizalog‘ini dam-badam erkalatib borardi. Qizchaning qo‘lida shirin kulcha. Shu payt qizchaning «Mang, aya», degan ovozi eshitildi. Shu lahzada kutilmagan holat ro‘y berdi. Onasi qiziga nimadir dedi shekilli, bola qo‘lidagi kulchani yo‘l chetiga irg‘itib yubordi. «Bopladimmi», deganday onasiga qarab shodon jilmaydi. Ona qizining uddaburonligidan zavqi keldi shekilli, uni erkalatib qo‘ydi.
Shirin kulcha esa koptokday dumalab tuproqqa belangancha yo‘lning chetiga borib tushdi. Bu manzara menga og‘ir ta’sir qildi. Xayolimda bundan bir necha kun avval Rahmonjon aka bilan bo‘lgan suhbat jonlandi.
U kishini yigirma mingdan ziyod hamqishloqlarimning barchasi juda hurmat qilishadi. Boisi, qaysi xonadonda qanday marosim bo‘lmasin, Rahmonjon akaning tandiridan chiqqan bo‘rsildoq, mazali, kishining havasini keltiradigan nonlari dasturxonni bezaydi. Ana shundan bo‘lsa kerak, uni el ko‘proq «Novvoy aka» deb e’zozlashadi.
Har bir inson nimagadir e’tiqod qiladi, unga talpinib yashaydi. Rahmonjon akaning ham hayot to‘g‘risida o‘z falsafasi, e’tiqodi bor. Ayniqsa, u nonni chindan ham yuksak darajada qadrlaydi. Uning hikoyasini tinglasangiz, siz ham bugungi kunda ko‘zimizga ancha serob ko‘rinayotgan nonning nechog‘lik tabarrukligiga, usiz hayotning qanchalar mashaqqatga aylanishi mumkinligiga qayta-qayta imon keltirasiz.
– Ba’zilarning tutumiga hayron qolaman, – degandi suhbatdoshim. – Ochiqroq aytganda, ozgina boyidimi, u albatta boshqalar oldida kim o‘zarga hayot kechirishga o‘tib oladi. Bu narsa to‘y-hashamlarda, ayniqsa, yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Oramizda shundaylar ham borki, ular o‘tkazayotgan marosimlarning dabdabasini novvoylarga berilgan buyurtma nonlarning soni bilan ham baholashga o‘rganishgan. Men novvoy sifatida non yopib, so‘ngra o‘sha to‘yga borganimda isrofgarchiliklarni, bolalarning oyog‘i ostida qolayotgan tabarruk non bo‘laklarini ko‘rganimda ming bor achinaman. Shunday paytlarda bir burda nonga zor bo‘lgan yoshligim va kunjara yeb bevaqt dunyodan ko‘z yumgan hamqishloqlarim ko‘z oldimga keladi.
Otam urushga ketganida men o‘n yoshda, singlim sakkiz yoshda edi. Non – anqoning urug‘i. Bu degani joningni garovga qo‘ysang ham non topilmaydi. Onda-sondagina bir burda yoki yarim burda zog‘ora non yesak, o‘zimizni eng baxtiyor inson hisoblar edik. Onam dalaga ikkimizni boshlab chiqar, bir qo‘lida ketmon, boshida tugunchasi bo‘lar edi. Endi shuni o‘ylasam, onam bechora dalaga mehnat qilishdan ham ko‘ra, suyuq atala bilan bizning qornimizni to‘ydirish uchun borar ekan. Yosh boshimiz bilan yemish topish tashvishi bizning zimmamizga ham tushganligini o‘ylasam, yana ham ezilib ketaman. Qishloq yonidan oqib o‘tadigan soydan kechib ne mashaqqatlar bilan adirlardan boshoq terganlarimiz, chumolidek rizq-ro‘z izlab zir yugurganlarimizni o‘ylasam, yuragim orqaga tortib ketadi. Don topa olmagan paytlarimizda olabuta, qichitqi kabi o‘tlarni o‘rib kelardik. Onam esa ularni oftobda obdon quritib, kelida tuygach, ozgina tuz, yana qandaydir biror narsani solib xamir qilardi va o‘choqqa ko‘mib qo‘yardi. U kulga belangan holatda pishgach, talashib yerdik. Buni odamlar ko‘mach deyishardi. Qornimizning o‘ta ochligidan bo‘lsa kerak, kulga belangan o‘sha ko‘mach juda shirin tatir edi.
O‘tmishda nonga qanchalik zor bo‘lganligimizni, bir burda non uchun odamlar ne ko‘ylarga tushganligini yoshlarga aytsak, ertakdek tuyuladi. Gohida o‘ylanib qolaman, qanday zamonda yashayapmiz! Bizning farzandlarimiz bunchalik isrofgarchilikka yo‘l qo‘ysalar, ularning avlodi qanday ish tutarkin? Ota-bobolarimiz «Nimani xor qilsang, o‘shanga zor bo‘lasan», degan o‘gitini yoshlarga qanday tushuntirish mumkin?
Ha, novvoy akaning kuyunchak fikrlarida jon bor. Yodimda, bolalik paytimizda ota-onalarimiz: «Dasturxonga to‘kilgan ushoqlarni yesang, savob bo‘ladi, tovoqdan dasturxonga to‘kilgan osh guruchidan yetti dona yesang, boy bo‘lasan», deb uqtirishardi. Ne ajabki, biz hech og‘rinmasdan ularning aytganlarini bajarardik. To‘kilgan ushoq va guruchlarni aka-ukalar yoki opa-singillar bilan talashib ham ketardik. Farzandlarimiz-chi, ortib qolgan ovqatni yoki nonning suvi qochganligidan yeyishga o‘zini tortib turishadi.
Xalqimizning nimasi ko‘p, marosimi ko‘p. Hozirgi to‘qchilik kunlarida ham dasturxon ko‘rki – non. Ammo mehmonning hurmati qancha non qo‘yilgani yoki sindirilganligi bilan o‘lchanmaydi? Nonning muqaddasligini farzandlarimiz ongiga singdira olsak, yuqoridagi qizchadek irg‘itib tashlashlariga beparvo bo‘lmasak, nonning uvoli borligini unutmasak, ayni muddao bo‘lur edi.
Shamsiddin ISMON