Oqsaroy aslida qanday bo‘lgan?
Amir Temur ulkan saltanat asoschisi, mohir sarkarda, bunyodkor va ma’rifatparvar hukmdor sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirgan. Uning hukmronligi davrida mamlakat sarhadlari kengayib, madaniyat va san’at yuksalgan.
Sohibqironning o‘ziga xos bir jihati: u o‘zi zabt etgan mamlakatlarning eng mohir quruvchi va me’morlari, hunarmandlarini yurtiga olib kelib, ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan. Har bir inshootning bunyod etilishidan oldin muboshir va me’morlarga amaliy ko‘rsatmalar berib, qurilishni qat’iy nazoratga olgan. Bundan tashqari, u dunyoda ilk bor karvon yo‘llarida pochta xizmatiga aloqador bekatlar qurdirgan.
Amir Temur barpo ettirgan imoratlarning har biri o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lib, o‘sha davrning me’morchilik uslubini vujudga keltirgan. Birgina Shahrisabz shahrida bunyod etilgan mahobatli Oqsaroy majmuasi hali-hamon noyob arxitekturasi bilan dunyo ahlini o‘ziga maftun etib kelmoqda.
Hozirgacha Shahrisabzdagi Oqsaroyni maxsus adabiyotda ulkan, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi imorat sifatida ta’riflashadi. Aslida esa har qanday kishining aqlini lol qilib, hayrtga solgan bu inshootga Sharafuddin Ali Yazdiy “Dunyoda bunchalik muhtasham ko‘shk bo‘lmagan”, deb ta’rif bergan. Imorat bizgacha dastlabki qiyofasini qisman yo‘qotgan va vayron holda yetib kelgan, ba’zilari butunlay buzilib ketgan. Bugungi kunda saroy peshtoqsiz, faqat ikki yondagi minorasi va saroy poydevorining bir qismigina saqlanib qolgan. Shu ko‘rinishda ham uning salobatli va go‘zalligi sezilib turadi.
– Oqsaroy arki nafaqat qadimiy Kesh shahrining, balki Temuriylar saltanatining ma’muriy (saroy) devoni hisoblanib, XIV asr oxiri, XV asr boshlarida juda katta maydonni egallagan. Uning dastlabki tuzilishi to‘g‘risida faqatgina o‘rta asrlar yozma manbalaridan bilib olish mumkin, – deydi tarix fanlari nomzodi, dotsent Ozoda Rahmatullayeva. – Bu yerda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar Oqsaroyning bosh kirish peshtoqi atroflarida uncha katta bo‘lmagan hududni egallagan poydevorlar qoldig‘ini ochish imkonini berdi, xolos. Vaholanki, Amir Temur tiriklik vaqtida uning saltanatiga tashrif buyurgan ispaniyalik elchi Rui Gonzales de Klavixo bu binoni benihoya ulkan inshoot sifatida tasvirlaydi. Zahiriddin Muhammad Bobur esa “Kisro toqidan buyuk”, deb tarif beradi.
Ha, Oqsaroy temuriylar davrining eng noyob yodgorligi sanaladi. Hashamdor, salobatli va naqshinkor saroyni qurish uchun 20 yildan ortiq vaqt sarflangan. Uning qurilishi 1380 yilda boshlanib, 1404 yilga qadar davom etgan. Klavixoning yozishicha, u kelgan paytda (1404 yil 29 avgust) saroyning ba’zi koshinli naqshlari tugallanmagan bo‘lgan.
Shunga qaramay, elchi binoni juda hayratlanarli va nihoyatda go‘zal deya ta’riflaydi.
Manbalarda keltirilishicha, binoning umumiy balandligi 70 metr (saqlanib qolgan qismi 24 metr) bo‘lib, umumiy ko‘rinishi ark shaklini yodga solgan. Bino ravog‘ining kengligi 22,5 metrni tashkil etgan. Yozma manbalarda saroy turar joy va jamoat binosi sifatida qurilib, xonalar hovli atrofida joylashgan. Hovli o‘rtasida katta hovuz bo‘lib, unga Taxtaqoracha dovonidan sopol quvurlar orqali suv olib kelingan va tiniqligi butun saroy ahliga o‘zgacha zavq bag‘ishlab turgan. Shuningdek, saroy tarkibida gumbazli katta devonxona, yonlarida maslahatchilar uchun kichik xona, hashamatli ravoqli bostirmalar, ichki tomonida haram va amirning xonasi joylashgan. Devonxona peshtoqida arslon va quyosh tasviri hamda Temur davlatining 3 halqa shaklidagi nishoni tasvirlangan. Gumbaz ichki va yon tomonlariga, burchaklardagi minoralarga koshinkor g‘ishtlardan qalqon shaklidagi naqshlar ishlangan. Devorlaridagi ranglar jilosi, tarixiy, falsafiy, diniy mavzudagi, kufiy, suls va islomiy yozuvlar hamda geometrik naqshlarning o‘zaro uyg‘unligi binoga joziba bag‘ishlab turadi. Tunda oy yorug‘ida ranglarning jilolanib, oqarib ko‘rinishi sababli bu ko‘shk Oqsaroy deb atalgan.
Asrlar o‘tsa-da, mazkur inshoot sohibqiron Amir Temur saltanatining qudratidan guvohlik berib turadi. Uning koshinkor peshtoqining guldor naqshlari orasiga “Agar bizning quvvat va qudratimizga ishonmasang, bizning imoratlarimizga boq”, degan fikrning bitilgani yuqoridagi barcha ta’riflarning ro‘y-rostligidan darak berib turibdi.
Olti asrlik yo‘lni bosib o‘tgan noyob obida bugun ham sayyohlarga olam-olam hayrat ulashmoqda. Ayniqsa, so‘ngi vaqtlarda saroy va uning atrofidagi bog‘ qayta ta’mirlangani shaharga o‘zgacha husn va salobat bag‘ishlab turibdi.
Sulaymon HAYDAROV