Ramazon aytib keldik eshigingizga…

Xushvaqt boboning shaharda yashaydigan o‘g‘li otasining Ramazon oyida qiynalmasin, deb qo‘yarda qo‘ymay, shaharga olib keldi. Qishloqdan qorako‘zlar uchun qand-qurs va noz-ne’matlar ola kelgan boboni butun mahalla bolalari xursandchilik bilan kutib oldi. Endi otaxon ro‘za oyini nabiralari quchog‘ida o‘tkazadigan bo‘ldi.

Muqaddas oyning ilk kunlari. Iftorlikdan so‘ng bobo nevaralariga qadim rivoyatlardan so‘zlab turgan mahal ko‘cha eshigi ortidan yosh bolalarning ovozi eshitildi. To‘ng‘ich nabira tezda borib eshikni ochdi. Shu payt bolalar “Ramazon aytib keldik eshigingizga, qo‘chqorday o‘g‘il bersin beshigingizga. O‘choqda kul, karmonda pul, chiqara qoling ming so‘m pul…” deya qo‘shiq ayta boshlashdi. Ramazonning so‘zlarini eshitgan Xushvaqt bobo biroz taajjubga tushib, ularni yoniga chorladi.

– Ey bolalarim, bu qo‘shiqni qanday aytilishini bilmaysizlarmi? – dedi. Bolalar esa uyalganidan “Sen bilasanmi, sen bilasanmi?” deganday bir-birini turtkilay boshladi. Bobo esa mehmonlarni xijolat qilib qo‘yganidan o‘zi ham biroz mulzam bo‘lib, ularni uyga chorladi.

– Qani, oldin hamma joylashib o‘tirib olsinchi, keyin mening ortimdan birma-bir takrorlaysizlar. Sizlarga “Yo, Ramazon” qo‘shig‘i qanday aytilishi kerakligini o‘rgataman.

 

– Ramazon aytib keldik eshigingizga,

Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga.

Makkada bir yog‘och bor g‘adir-budur,

Xudoyim o‘g‘il bersin mulla Xidir.

Yo, rabibay, yo, rabibay yo, Ramazon,

Muhammad ummatiga mohi Ramazon…

 

Xushvaqt buva shu tarzda Ramazon qo‘shig‘ining aslida qanday aytilishini chiroyli ohangdorlik bilan bolalarga hirgoyi qilib berdi. Ular ham ikki-uch takrordan keyin qo‘shiqni yod olishdi, so‘ng, birgalikda takrorlashdi. Bundan hursand bo‘lgan bobo bolalarni turli hadyalar bilan siyladi.

Ramazon oyi oxirlab, Xushvaqt bobo qishloqqa qaytish tadorigini ko‘rarkan iftorlik payti ko‘chadan bolalarning sho‘x-shodon ovozi eshitildi. Ular jo‘r bo‘lib bobo o‘rgatgan “Yo, Ramazon” qo‘shig‘ini aytishardi. Buni eshitgan otaxonning ko‘ngli yorishib, yuziga tabassum yugurdi…

 

Mayna HASANOVA

Yana o‘qing:  Kulgu-shifo (2013/50)

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: