Huquqiy tarbiya jinoyatning oldini oladi

Tamaddun jadallashgani sari jamiyat o‘zgaradi. Shuning barobarida jinoyat turlari ham ortib boraveradi. Buni ko‘p yillik tajribamda ham kuzatdim. Chunki fuqarolarning o‘z huquq va burchlarini bilmasligi, chetdan turli axborotlarning kirib kelishi va ularning ta’siriga tushib qolish natijasida turli jinoyatlar sodir bo‘ladi.

Bu jinoyatlarning oldini olish uchun nafaqat huquq-tartibot xodimlari, balki yurtimizning har bir fuqarosi o‘zida mas’ullik hissini sezishi, buning uchun o‘z haq-huquqini, burchini yaxshi bilishi zarur.

Prezidentimizning 2017 yil 30 noyabrdagi “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni aynan fuqarolarga o‘z haq-huquqlarini tanitishga ko‘mak beradi. Bunda sudlarning ham alohida o‘rni bo‘lib, ularning maqsadi fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish orqali jinoyatchilikning oldini olishdir.

 

Sayyor sud muammolar yechimini topyaptimi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani sudi tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy masalalari yuzasidan muammolarni tizimli hal etish va aholining huquqiy ongini doimiy oshirib borish maqsadida “Mening mahallam – mening sudyam” g‘oyasi asosida mahallalarda sayyor sud muhokama tashkil etilmoqda. Unda aholi bilan sudyalar o‘rtasida ochiq muloqotlar har oyda kamida ikki marta tashkil etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 fevraldagi “Toshkent shahridagi jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori talablaridan kelib chiqib, tuman sudi tomonidan huquqbuzarlik profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, aholi bilan ochiq muloqot qilish hamda mavjud muammolarni o‘rganish va hal etish yuzasidan mahallalarda sayyor sud va sayyor uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda. Bugun ushbu uchrashuvlar natijasida aholining huquqiy savodxonligi birmuncha oshganini ham ko‘rishimiz mumkin. Buni ularning profilaktika nozirlaridan tashqari, sudyalarga, prokurorlarga yechimini topmayotgan huquqiy muammolar, savollar bilan murojaat qilishidan ham bilish mumkin. Biroq, shunga qaramay, o‘zi va farzandlarining hayotiga befarq, huquq va burchalariga e’tiborsiz yoki huquqiy bilimi bo‘lmagan fuqarolarga ham duch kelyapmiz. Ularning birovga zarari tegmasligi mumkin. Ammo ularning o‘zlari firibgarlarga “chuv” tushib qolishi yoki qiziqqonligi oqibatida kimgadir tan jarohati yetkazib qo‘yishi ehtimoldan xoli emas. Shu bois bunday uchrashuvlar orqali ularni sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlardan, huquqiy tajovuzlardan asrash maqsad qilingan.

Yana o‘qing:  Bahosi oltinga teng giyoh

 

Jinoyatlar nega sodir etiladi?

Bugun jamiyatda sodir etilayotgan jinoyatlarning turi xilma-xil. Buni birgina Mirzo Ulug‘bek tumani miqyosida olsak, 2017 yilda tumanda jinoyatning uchta turi, ya’ni firibgarlik, tan jarohati yetkazish va giyohvandlik jinoyatlari eng ko‘p sodir etilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik jinoyatini sodir etgan 114 ta shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-, 105-, 109-moddalari, ya’ni tan jarohati yetkazish jinoyati bilan 62 shaxsga nisbatan, Jinoyat kodeksining 270-, 271-, 272-, 273-, 274-, 275-, 276-moddalari, ya’ni giyohvandlik bilan shug‘ullanish jinoyati bilan 64 ta shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Bundan ko‘rinadiki, aynan shu turga mansub jinoyatlarga aholi befarq yoki shunga moyil. Bu huquqbuzarliklarning kelib chiqishiga esa turli omillar sabab bo‘lishi mumkin. Bu sabablarning tub mohiyatini esa biz aynan sayyor uchrashuvlarda topishga harakat qilamiz.

 

– Ko‘pincha oiladagi noto‘g‘ri muhit bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunga otaning ichkilikka berilishi yoki bolaning qarovsiz yetim bo‘lib qolishi ham sabab bo‘ladi. Bu esa shu oilada voyaga yetayotgan bolaning ruhiyatida tajavuzkorlikka moyillikni keltirib chiqaradi. Bu esa jinoyatga yo‘l ochadi. Bolalarning ana shunday noqobil oilalarda aziyat chekib, ulg‘aymasligi va jamiyat rivojiga raxna solmasligi uchun mahalla va huquq-tartibot xodimlarining aholi bilan uchrashuvlari ijobiy samara beradi. Bunda sudyalar mahalla faollariga aholining huquqiy ongini rivojlantirishga ko‘maklashadi, – deydi “Katta Qorasuv” mahallasi raisi Naima Po‘latova.

 

Chindan ham sayyor uchrashuvlar aholi bilan huquq-tartibot idoralari xodimlarini birmuncha yaqinlashtirmoqda. Buning natijasida yoshlar, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlarga bir muncha chek qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, mahallalarda o‘tkazilayotgan sayyor sud majlislarida Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘limlari mutaxassislarining ishtiroki aholida o‘ziga ishonch tuyg‘usini uyg‘otmoqda. Shuning barobarida aholida o‘zgalarga nisbatan xayrixohlik, zarar yetkazmaslik, yordam berishni burch deb bilish kabi munosabatlar shakllanyapti. Buni esa tumanda tushunmovchiliklar sabab yuzaga kelgan huquqbuzarlik va da’vo arizalari sabab boshlangan sud ishlarining yarashuv bilan tugatilayotganida ham ko‘rsak bo‘ladi.

 

Yoqutxon HAYDAROVA,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi raisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: