Tangob

Bahor faslining farahbaxsh tongi. Derazadan quyosh chiqishini kutarkanman, betoqatlanib soatga qarayman. Bugun nihoyat ancha vaqtdan beri orzu qilganim – Farg‘onaga borishimni o‘ylasam, yuragim hapqiradi.

Tezda narsalarimni yig‘ishtirib, safarga otlandim. Ushbu safardan ko‘zlagan murodimiz mutasaddi tashkilot vakillaridan iborat ishchi guruh bilan vodiyliklarni qiynab kelayotgan muammolarni joyida o‘rganish, ularga ijobiy yechim topishdan iborat.

Yo‘l-yo‘lakay guruhimiz a’zolari bilan bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar haqida miriqib suhbatlashib boryapmiz. Katta yoshli, yuzlari quyoshda qizargan haydovchi amaki esa maqsadimizni anglab, gapirishga chog‘lanadi: “Odamlar tashvishi bilan yuribsizlarmi? Savob ish boshlabsizlar, rahmat sizlarga!”

Vodiyliklar mutoyibaga usta ekani sir emas. Bir og‘iz gap bilan “mot” bo‘lasiz. Haydovchi ham Yusufjon qiziq zuvalasidan ekanligi darrov bilindi. Odamshavandaligidan tezda til topishib ketdik. Hazil-mutoyiba avjiga chiqdi. Avtomashinamiz esa tekis va ravon yo‘lda yeldek uchib bormoqda. Yon-atrofning go‘zalligi kishi hayratini oshiradi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, istiqlol yillarida Qamchiq dovonida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Dovon oshib o‘tadigan avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilindi, umumiy uzunligi 1,5 kilometr bo‘lgan ikkita tunnel qurildi. Avvallari yo‘lovchilarga jiddiy xavf tug‘dirgan ilonizi yo‘llar xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan katta trassaga aylantirildi. Keyinchalik purviqor tog‘lar bag‘ridan uzoq masofali, ya’ni 19,2 kilometrlik temir yo‘l tunneli barpo etildi. 2016 yilning 22 iyuni sanasi esa mamlakatimiz hayotida o‘chmas iz qoldirdi. Shu kuni 123,1 kilometrlik Angren-Pop temir yo‘li va uning tarkibidagi 19,2 kilometrlik tunnel qurilishi nihoyasiga yetib, ishga tushirildi. Bugun ushbu temir yo‘l vodiyliklar og‘irini yengil qilmoqda.

– Ana mehmonjonlar, bag‘i bizdi pereval. Hozir yangi qurilgan poyiz yo‘lini ko‘rasizlar, – haydovchi akaning so‘zlaridan sergak tortdim. Shu topda yomg‘ir yog‘ishni boshladi. Mashina derazasini ochib, salqin havoga to‘yindim. Tog‘ning musaffo havosi elitdi. Qancha vaqt tin olganimni bilmayman. Uyg‘onsam mashinamiz hali ham katta yo‘lda yeldek uchib bormoqda. Biroz yo‘l yurgach, ko‘zlagan manzil – O‘zbekiston tumaniga yetib keldik. Mahalliy mutaxassislar bilan uchrashgach, ular bilan birgalikda Tangob qishlog‘iga yo‘l oldik.

Shu o‘rinda bir gap. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan yurtimizda Xalq qabulxonalarining tashkil etilishi ayni muddao bo‘ldi. Odamlar o‘z dardini aytib boradigan eshik, muammolarini tinglaydigan insonlar borligidan mamnun bo‘lmoqda. Endi rahbarlar xonasida o‘tirib emas, aksincha odamlar orasida yurib, ularning dardiga sherik bo‘lmoqda, muammolariga yechim topmoqda.

Yana o‘qing:  Maroqli ta’til – yil bo‘yi tatir

Biz ham shu maqsadda tumandagi “Fayziobod” va “Farovon” mahallalarida yashayotgan aholi xonadonlarida bo‘lib, ular bilan dildan suhbatlashdik.

Fayziobodlik Mamasoli Kimsanovning dardi aslida xalq dardi ekan.

Mahallamiz yo‘lini ko‘rgan bo‘lsalaringiz kerak. O‘ttiz yil bo‘ldi qurilganiga. Biror marta tuzatilmadi. Mashinalar mayli, odamlar ham yurishga qiynaladi. Asfalt tuproqqa singib ketgan. Ayniqsa, qor-yomg‘irli kunlarda bu yo‘lda yurish ancha qiyin. Bu haqida besh yildan beri turli tashkilotlarga yozaman. Biroq natija yo‘q, – deydi Mamasoli aka.

Ushbu muammoli masala shu yerning o‘zida mutaxassislar bilan birga o‘rganib chiqildi. Shikoyat etiborga olindi va nazorat daftariga qayd qilindi. Oradan bir kun o‘tgach, telefonimga Mamasoli aka qo‘ng‘iroq qilib, masala ijobiy hal etilgani, mahallaning ichki yo‘llarini tekislash va asfalt qilish 2019 yil rejasiga kiritilganini aytib, bizga minnatdorlik bildirdi.

Qishlog‘imizdagi elektr toki o‘tgan simyog‘ochlar ancha eskirgan, – deydi shu mahalla fuqarosi Mansurjon Hamdamov. – Bir kun kelib, qulab tushmasa edi, deb xavotirdamiz. Yana simyog‘ochlar ekinzorlarning o‘rtasidan o‘tgan. Bu esa dehqonlarimizga turli noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Shu masalani ijobiy hal etilishiga ko‘mak bersangizlar, xursand bo‘lardik.

Quvonarlisi, ushbu muammo ham joyida ijobiy hal etildi.

Tangoblik Vafoxo‘ja Yo‘ldoshev afg‘on urushi qatnashchisi. U qishloq bo‘yicha yagona baynalmilal jangchi hisoblanadi. Uning ijtimoiy himoyasi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tuman tayanch maskani va Yoshlar ittifoqining tuman bo‘limi vakillari zimmasiga yuklatildi.

Shuningdek, “Fayziobod” va “Farovon” mahalla ahli ichimlik suvining sho‘rligidan shikoyat qildi. Ularning aytishiga qaraganda odamlar suvni tindirib, so‘ng iste’mol qilisharkan. Tuman mutaxassislari ushbu masalaga to‘xtalib, qishloqdan 30 kilometr uzoqlikda toza ichimlik suvi borligi, ayni paytda uni ushbu mahallalarga ham tortib kelish loyihasi ustida mutaxassislar ish olib borayotganini aytishdi. Biz esa ushbu muammo tez kunda ijobiy hal etilishiga umid bildirdik.

Yana bir gap. Qaysidir yillari Tangob qishlog‘iga yaxshi niyatlar bilan gaz quvuri tortilgan. Lekin keyinchalik ba’zi muammolar tufayli hududga tabiiy gaz yetkazib berilmay qo‘ygan. Afsuski, soha xodimlarining mas’uliyatsizligi tufayli ba’zi xonadonlarga foydalanilmagan tabiiy gaz uchun katta miqdorda qarzdorlik yozilgan. Qolaversa, aholi balonli gaz bilan to‘liq ta’minlanmagan. Ushbu masalalar ham o‘z o‘rnida tuman gaz idorasi vakillari ishtirokida o‘rganilib, kerakli yechim topildi.

Yana o‘qing:  QIZALOQLAR

Shuningdek, aholini ish bilan ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga ko‘mak berish bo‘yicha qator muammolar ijobiy hal etildi. Bir so‘z bilan aytganda so‘lim vodiyga safarimiz har tomonlama samarali bo‘ldi. Eng asosiysi, farg‘onaliklar bilan suhbatlashib, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi baland ekanidan xursand bo‘ldik.

 

Javlon SA’DULLAYEV,

Toshkent – Farg‘ona – Toshkent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: