Qulupnay – tabiatning tansiq tuhfasi
Ayni bahor kunlarida yurtimiz bozorlari dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan qulupnaylar bilan to‘ladi. Uning xushbo‘y ifori ishtahangizni ochib, kayfiyatingizni ko‘taradi. Chunki bu xushxo‘r rezavorni bir yil orziqib kutgansiz-da.
Ammo chelagingizni to‘ldirib qulupnay xarid qilishdan avval bu lazzatli mevaning tanangiz uchun foydali va zararli jihatlarini bilib olsangiz, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Qulupnay xushxo‘r ozuqa bo‘lishi bilan birga, shifobaxsh dori, ayollarimiz chiroyiga chiroy qo‘shuvchi pardoz vositasi hamdir. Bu rezavor juda ko‘p foydali modda hamda minerallar manbai hisoblanadi. Uning tarkibida temir, magniy, kaliy, kalsiy, natriy, fosfor, kremniy, rux va mis bor. Qolaversa, bu rezavor tarkibida A, V, S va boshqa ko‘plab darmondorilar mavjud. Undagi antioksidantlar tufayli teri silliq va tarang ko‘rinishga ega bo‘ladi. Qulupnaydagi foliy kislotasi esa reproduktiv tizim faoliyatini me’yorida ishlashini ta’minlaydi.
Yoqut rangli bu meva ko‘rish quvvatini oshiradi. Xotirani mustahkamlaydi, podagrani yengillashtiradi. Darvoqe, qulupnaydagi salitsil kislotasi gripp, o‘rvi (o‘tkir respirator virusli infeksiya)larning oldini olishga ko‘maklashadi.
Xotin-qizlar undan pardoz ashyosi sifatida ham keng foydalanishadi. U piling vazifasini o‘tay oladi. Shuningdek, qulupnay qon aylanishini yaxshilaydi. Uning kislotasi esa terini oqartiruvchi, salqigan yuzlarni taranglashtiruvchi xususiyatga ega. Bu meva ozuqa taom hisoblanadi.
Har narsada me’yor yaxshi!
Qulupnay tarkibida ko‘plab meva kislotasi bor. Shu bois, me’da-ichak tizimi faoliyatida xastalik mavjud bo‘lsa va qon bosimi baland kishilar uchun bu mevaga ruju qo‘ymaslikni maslahat beramiz. Yana qulupnay eng kuchli allergiya qo‘zg‘atuvchi hisoblanadi. Shuning uchun uni taomnomangizga asta-sekin kiritib boring.
Go‘zal bo‘lishni istayotgan xonimlar diqqatiga! Yuzingizga qulupnayli niqob qilishdan avval teringizning kichik qismida uni sinab qo‘rishni unutmang.
Vasila PO‘LATOVA