Inson xotirada barhayot yashaydi
Allomalarimiz bu dunyoni ikki eshik orasi, deya ta’riflashadi. Odamzot bir eshikdan kiradi-yu ikkinchisidan chiqib ketadi. Bu foniy olamga qachon kelishini, qachon ketishini, ikki eshik o‘rtasida qancha umrguzoronlik qilishini bilmaydi.
Inson bosib o‘tgan izlariga nazar tashlab, undan xulosalar chiqarib yashaydi. Ma’lum dovonga yetganida esa qilgan ezgu va xayrli ishlarini sarhisob qiladi.
Yaqinda kursdoshim Xolmurod Allanazarov “Kursdoshlar kursdoshlar haqida” degan kitob yozsak, degan tashabbus bilan yonimga keldi. Uning taklifidan boshim osmonga yetdi. Qaysi kursdoshlar haqida kimlar yozishi kerakligini o‘zaro kelishib oldik. Shaxsan o‘zim boqiy dunyoga ketgan o‘n bir kishi haqidagi shirin xotiralarimni qog‘ozga tushirishni qalbimga tugib qo‘ydim. Ularning har biri bu dunyoda o‘ziga xos va mos yo‘lni bosib o‘tdi.
Ana shunday kursdoshlarimizdan biri Shahriyor Latipov (oxirati obod bo‘lsin) ziyoli oilada kamol topgan, madaniyatli inson edi. Bir kuni kursimiz yetakchisi Namoz aka Sa’dullayev “Ra’no ijaraga uy izlayotgandingiz, sizga bir joyni tavsiya qilaman”, deb qoldi. U paytda akam oilasi bilan Toshkentga ko‘chib kelgan, ilmiy ish qilish arafasida edi. Shahriyorning ota-onasi Sirdaryoda turishar, universitet orqasidagi “Professorlar” shaharchasida mo‘jazgina, serdaraxt hovlisi bor edi. U yerda kursdoshim ukasi bilan birga yashardi.
Shahriyorning onasi bilan uchrashdik. Baland bo‘yli, sharq malikalaridek go‘zal ayol bizni xushkayfiyat bilan kutib oldi. “O‘g‘limning o‘qishlariga yordamlashsangiz bo‘ldi, ijara haqqi ham kerak emas” dedi. Biz akamning oilasi bilan birga o‘sha uyga ko‘chib o‘tdik. Shartlashganimizdek, men Shahriyorga darslarni o‘zlashtirishda yordam bera boshladim. U yosh boladek qalbi toza, bir gapirib o‘n kuladigan samimiy, oq ko‘ngil yigit edi. Men uni Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asaridagi orzulari serob bolakay va uning bobosi Mo‘min cholga o‘xshatardim. Darhaqiqat, u Mo‘min choldek qalbida kiri yo‘q mo‘min-qobil yigit edi. Dars tayyorlashni yoqtirmasada, qizg‘in suhbatlarni xush ko‘rardi.
Rus adabiyotidan imtihonga qattiq tayyorgarlik ko‘rayotgan kunlarimiz edi. Bir kuni “Ra’no shu mavzuni juda yaxshi biladi”, deb uyga ko‘pgina kursdoshlarni yig‘ib kelibdi. Ularning bariga rus adabiyotidan o‘qigan kitoblarimning mazmunini qisqacha izohlab berdim. Imtihon kuni hammamiz sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdik.
Kursdoshlar bu hovlida tez-tez jam bo‘lardik. Bizdan quyidagi kursda o‘qiydigan o‘shlik Saltanat, Yorqul kursdoshimizga turmushga chiqqan o‘shlik Ra’no, bizdan bir yil oldin o‘qigan buxorolik Vahobga turmushga chiqqan Muazzam mehmonga kelib turishardi. Hovlida xushmanzara, serdaraxt bog‘cha bor edi. U yerda tushgan suratlarimizni hozir ham tomosha qilib turaman. Shahriyorning onasi Fotima aya ham tez-tez kelib turar, biz bilan uzoq suhbatlashib o‘tirardi. Juda suhbatijon ayol edi, rahmatli onaxon.
Shahriyor mashhur zarbdor traktorchi Tamara ismli qizni yoqtirib, u bilan taqdirini bog‘ladi. O‘zidan yaxshi iz, yaxshi nom qoldirdi. Farzandlar ko‘rdi. Keyinchalik uning turmush o‘rtog‘i o‘qituvchilik kasbini tanladi. O‘zi esa tug‘ilib o‘sgan tumanining madaniy-ma’rifiy hayotida faol ishtirok etdi…
Yana bir kursdoshimiz G‘ulom Akramov esa jurnalistikani tugatib, folklorshunoslik sohasini tanladi. Ilmiy izlanishlar olib bordi. Gazeta-jurnallarda xalq og‘zaki ijodiga oid ko‘plab maqolalar chop etdi.
Bir kuni turmush o‘rtog‘im Namoz aka uyga kelib: “endi bir hafta suyuq ovqat pishirib turasiz. G‘ulomjon yonimizdagi kasalxonada yotgan ekan, yo‘qlab boramiz”, deb qoldi.
Bemorni ko‘rgani tez-tez borib turdik. O‘shanda kursdoshimiz xalq og‘zaki ijodini xush ko‘rishini, bu sohaning yetuk bilimdoni ekanligini yana bir bor his qilganman. Tanlagan sohasining rivojiga munosib hissa qo‘shish orzusida ekanligini bildik. U niyatiga yetdi. Filologiya yo‘nalishida fan nomzodi bo‘ldi. Ko‘plab ilmiy maqolalar yozdi. Qisqa umri davomida xalq og‘zaki ijodiga oid risola va kitoblar chop etishga ulgurdi. Ilohim, G‘ulomjonning oxirati obod bo‘lsin!
Kursdoshimiz andijonlik Ibrohim Sotiboldiyev turmush o‘rtog‘i bilan Toshkentda tanishdi. U qiz farmatsevtika institutida o‘qib yurardi. Ularning to‘yiga bora olmaganman-u, lekin Namoz aka qatnashgan edi. Ibrohim o‘qishni tugatib, o‘z yurtiga ishga ketdi. Dastlabki yillarda oilasi bilan uyimizga kelib turishardi. Bu oila sayr-u sayohatni xush ko‘rardi. Gohida Yalta, gohida Moskvaga sayohatga borishardi. U paytlarda men yosh bolalarim bilan dekret ta’tilida uyda o‘tirardim. Ularning sa’y-harakatlariga, intilishlariga havasim kelardi. O‘z faoliyatini viloyat gazetasida oddiy muxbirlikdan boshlagan Ibrohim jurnalistika pillapoyalarini asta-sekin bosib o‘tdi. Keyinchalik bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, bosh muharrir, viloyat teleradiokompaniyasining raisi lavozimlarida xizmat qildi…
O‘rol O‘tayev bilan “O‘zbekiston” televideniyesida bir vaqtda ish boshlaganmiz. U “Badiiy ko‘rsatuvlar” tahririyatida, men esa “Targ‘ibot” tahririyatida faoliyat yuritardik. O‘rol tezkor ishlashni yoqtiradigan, birovga so‘z bersa, albatta, ustidan chiqishga intiladigan jurnalist edi. U Matyoqub Qo‘shchonov rahbarligida ilmiy izlanishlar olib borgan, gazeta-jurnallarda ilmiy maqolalari tez-tez chiqib turardi. Kursdoshim televideniyeda oddiy muharrirlikdan, bo‘lim mudiri, bosh tahririyat rahbari va televideniyening direktori lavozimigacha bo‘lgan pog‘onalarni muvaffaqiyatli bosib o‘tdi…
Karim Bo‘ronov bir umr “O‘zbekiston” nashriyot matbaa-ijodiy uyida ishlab, nafaqaga chiqdi. Bu uning sabr-toqatli ekanligi, kasbiga mehrini ifodalab turadi. Kursdoshim mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov asarlariga muharrirlik qilardi. Uning ilmi o‘tkirligi, bilimi yuksak ekanini shu misolning o‘ziyoq yaqqol anglatib turadi. Unga ishxonasidan uy berildi, hukumatimizning qator orden va medallariga sazovor bo‘ldi.
Bir kuni qizimning uyiga borayotsam, uni Sebzor dahasida uchratib qoldim. Nevarasi bilan yurgan ekan.
– Shu yerda turaman, ishxonamiz menga uy berdi, – dedi quvonch bilan. Afsuski, qarilik gashtini sura olmadi, nafaqaga chiqqach, olamdan o‘tdi…
Baxtiyor Ne’matov biz bilan besh yil o‘qidi. U nogironlik aravachasida o‘tirsa-da, dars qoldirmaslikka, hamma narsaga ulgurishga intilardi. Universitetni bitkazganidan keyin Namangan viloyat gazetasida ishladi. Men u bilan boshqa uchrashmadim. Biroq, jurnalistika sohasida munosib xizmat qilayotganini kursdoshlarimdan eshitib turardim.
Shuningdek, sirdaryolik kursdoshimiz Mirzo O‘rozov, Habibullo Sheyuzoqov, Buxoro viloyat gazetasida muxbir bo‘lib faoliyat yuritgan Sharofat G‘aybullayeva, Quyi Chirchiq tuman gazetasida muharrir bo‘lib ishlagan Dilbar Usmonova va Abduvosit Valiyevlarni ham o‘tgan barcha kursdosh do‘stlarimiz qatori Yaratgan o‘z rahmatiga olsin! Oxiratlari obod bo‘lib, yotgan joylari nurga to‘lsin!
Ra’no ZARIPOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist