“Salomatlik” poyezdi olis safardan qaytdi
Mana bir necha yildirki, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi yosh avlodni jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk shaxs etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, respublikamizning chekka hududlarida yashovchi aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan hamkorlikda “Salomatlik” poyezdi loyihasini tashkil etib kelmoqda.
Joriy yil 19-27 aprel kunlari ushbu xayriya karvoni Qoraqalpog‘iston Respublikasining ekologik noqulay hududlarida yashovchi aholiga tibbiy hamda insonparvarlik yordami ko‘rsatish maqsadida Toshkent – Qoraqalpog‘iston – Jasliq – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha safarda bo‘ldi.
Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qo‘ng‘irot tumani, “Qoraqalpog‘iston” PFYdagi 986 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron va boquvchisini yo‘qotgan oilaga muruvvat yordamlari ko‘rsatildi. Xususan, 100 nafar fuqaro oziq-ovqat mahsulotlari, 50 nafar kam ta’minlangan oilada tug‘ilgan chaqaloqqa bolalar vannasi, poyafzal, gigiyenik vositalardan iborat insonparvarlik yordamlari bevosita mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, Qo‘ng‘irot, Shumanay, Qonliko‘l tumanlari Kengashi vakillari bilan hamkorlikda manzilli yetkazildi. Shuningdek, 836 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari, poyabzallar, uy-ro‘zg‘or buyumlari berildi.
Poyezdning keyingi manzili “Jasliq” temir yo‘l bekati bo‘ldi. Saxovatpesha tashkilot xodimlari tomonidan “Jasliq” PFYdagi 1 ming 228 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron va boquvchisini yo‘qotgan oilaga insonparvarlik yordamlari ko‘rsatildi. Qolaversa, posyolkadagi aholi poytaxtdan borgan malakali shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
– Xayriya tadbiri davomida “Qo‘ng‘irot”, “Qoraqalpog‘iston”, “Jasliq” PFYlar, Shumanay, Qonliko‘l tumanlarining uzoq va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi 2214 nafar fuqaroga dori-darmon, uy-ro‘zg‘or anjomlari va sanitariya-gigiyena vositalari topshirildi, – deydi fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali direktori Urozgul Yembergenova. – Shundan 500 nafariga manzilli tarzda oziq-ovqat mahsulotlari hamda 1 yoshgacha bolalari bo‘lgan 100 nafar yosh onalarga uy-ro‘zg‘or buyumlari va sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordami yetkazib berildi. Qonliko‘l tumanidan 2 nafar, Qo‘ng‘irot tumanidan 1 nafar bola nogironlar aravachasi, bir nafar qiz bola esa yurish moslamasi bilan ta’minlandi.
Terapevt, pediatr, ginekolog, stomatolog, lor, oftalmolog, jarroh hamda nevropatolog mutaxassislarining ko‘magi bilan doimgidek 2 ming 885 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan bemorlarga sog‘lomlashtirish yuzasidan tavsiya va maslahatlar berildi.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tganlarning 434 nafarini xotin-qizlar (ulardan 148 nafari tug‘ish yoshidagi ayollar), 328 nafari bolalar va o‘smirlar, 158 nafarini esa nafaqaxo‘r va nogironlar tashkil etdi.
Ko‘rik davomida bemorlarga aniq laboratoriya tahlillari va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashxislar qo‘yildi.
Shuningdek, muruvvat yordamlari hududdagi “Muruvvat”, “Mehribonlik” uylari hamda boshqa ta’lim muassasalariga ham yetkazildi. Jumladan, Xo‘jayli va Chimboy tumanlaridagi “Muruvvat” uyiga, Taxiatosh shahridagi “Go‘daklar” uyiga insonparvarlik yordamlari ko‘rsatildi. Xo‘jayli tumani 1-sonli “Mehribonlik” uyiga ham sanitariya-gigiyena hamda uy-ro‘zg‘or buyumlari yetkazib berildi. Xo‘jayli tuman Respublika ko‘p tarmoqli 1-sonli bolalar sanatoriysi, shu tumandagi 17-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi o‘yinchoq, tibbiy asbob-uskunalar va sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlandi. Qolaversa, Qo‘ng‘irot tumani 4-sonli tumanlararo silga qarshi kurashish shifoxonasi hamda Nukus shahar 1-sonli Respublika ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga vitaminlarga boy, quritilgan sabzavot aralashmasidan iborat oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
Aytish joizki, ushbu xayriya aksiyasi davomida aholiga va davolash profilaktikasi muassasalariga jami 2 milliard 844 million so‘mlik oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy jihozlar, sanitariya-gigiyena vositalari, vitaminlarga boy, quritilgan sabzavot aralashmasidan iborat oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Erkin G‘OZIYEV,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi yetakchi mutaxassisi