45 yoshli akademik
Ilm-fan taraqqiyotida fundamental tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan ular orqali yangi bilimlar o‘zlashtiriladi va nazariyalar shakllantiriladi, kelgusi amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ishlanmalar uchun mustahkam asos yaratiladi.
Kuni kecha O‘zRFA Botanika institutiga quvonchli xushxabar yetib keldi. Botanika instituti direktori, biologiya fanlari doktori, professor Komiljon Tojibayev O‘zRFA akademiyasining akademigi etib saylandi. Bundan institutimiz jamoasining boshi osmonga yetdi.
Darhaqiqat, ilm-fanimiz darg‘alari ichida Komiljon eng kichigi – 45 yoshda akademik bo‘ldi. Bu yoshda shunday yuksak maqomga erishish hammaga ham nasib etavermaydi. Buning zamirida Davlatimiz rahbarining ilm-fanimiz namoyondalariga ko‘rsatayotgan yuksak g‘amxo‘rligi yotibdi.
Ma’lumki, bugungi taraqqiyot zamonaviy axborot texnologiyalarini mukammal bilish, ilm-fanimiz yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishni taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda K.Tojibayev olib borayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari tahsinga sazovor.
U 2002 yilda biologiya fanlari doktori, professor Toshxonim Rahimova rahbarligida “Chodaksoy havzasining tabiiy o‘simliklar qoplami va o‘tloqlari” mavzusida nomzodlik, 2010 yilda “G‘arbiy Tiyonshon florasi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Mazkur ilmiy tadqiqotlar doirasida bir qator muhim ilmiy yangiliklarni kashf etdi.
Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarib bormoqda, jahonning yetakchi institutlari, universitetlari, ilmiy markazlari va fanlar akademiyalari bilan ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashni zamonning o‘zi talab qilmoqda. K.Tojibayev Floristika va o‘simliklar taksonomiyasi yo‘nalishlari bo‘yicha respublika va xorij olimlari orasida katta hurmatga ega. Uning xorijiy hamkorlari Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Chexiya, AQSH, Gollandiya, Buyuk Britaniya, Xitoy va boshqa davlatlardagi yetakchi ilmiy muassasalarda faoliyat olib bormoqda.
K.Tojibayev 3 ta fan nomzodi, 2 ta fan doktori tayyorlagan. Hozirda u besh nafar fan doktori dissertatsiyasi ishlariga ilmiy maslahatchi. Uchta monografiya, 60 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifidir. Biz yosh olim, akademikning ilmiy faoliyatiga qisqacha to‘xtalib o‘tdik, xolos.
Ilm-fan iqtisodiyotning barcha tarmog‘i taraqqiyotida katta o‘rin tutadi. Davlat esa bu yo‘lda, avvalo, olimlarga suyanadi, – deya ta’kidlaydi Prezidentimiz. Ha, Yurtboshimizning ezgu tashabbusi O‘zbekistonda ilm-fan rivojini yangi bosqichga olib chiqadi. Tilagimiz, o‘zbek olimlari safida Komiljondek yosh iqtidorli akademiklarimiz ko‘payaversin!
Marhamat MATVAFAYEVA,
Orzimat TURGINOV,
biologiya fanlari nomzodlari