E’tiborsizlikning achchiq badali yoxud yana tibbiy savodxonlik xususida

2008 yilning erta bahori. Olti oylik Avazbek beshikda miriqib uxlamoqda. Xontaxta ustidagi sham qorong‘u xonani yoritib turibdi. Shu payt nogahon yonib turgan sham ko‘rpa ustiga tushdi. Chetlaridan toy paxtasi ko‘rinib turgan, ustki astari eskirgan ko‘rpa tezda alanga oldi.

Bu paytda Mahfuza opa yuvilgan kiyimlarni uy orqasidagi dorga ilayotgandi. Kutilmaganda go‘dagining baland ovozda yig‘laganini eshitib, u yotgan uy tomon yugurdi. Xonaga kirdi-yu, dahshatdan chinqirib yubordi. Chunki jondan aziz farzandi yotgan beshik alanga ichida qolgandi. Ona beshik yopinchiqlari va qo‘lbog‘larini uloqtirib, bolasini bag‘riga bosgancha dod soldi. Avazbek tirik, ammo uning yuzi va bo‘yni og‘ir darajada kuygan edi…

Avazbek “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi yordami bilan Germaniyada davolanib qaytdi. Plastik jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsada, uning yuzida, nigohlarida mudhish hodisaning asorati qolgan.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi 1993 yil tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan 25 yil mobaynida qator xayrli ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, fond bugunga qadar, Avazbekka o‘xshagan ko‘plab og‘ir xasta bolalarning shifo topishida ko‘makdosh bo‘ldi. Misol uchun 2017-2018 yillarda 1 ming 39 nafar bemor bola fond hisobidan davolandi. Shundan 785 nafari jarrohlik amaliyoti orqali o‘z salomatligini tikladi. Bunday amaliyotlarning ko‘p qismi og‘ir kuyish natijasida jarohatlangan bolalarda o‘tkazildi.

 

Raqamlar emas, amaldagi ishlar sarhisobi muhim

– Istiqlolning ilk yillaridan boshlab mamlakatimizda oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish va mustahkamligini ta’minlash borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirib kelinmoqda, – deydi Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot kotibi Dilfuza Shukurova. – Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar jarayonida sog‘lom farzandlar tug‘ilishiga erishish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Sog‘lom ona – sog‘lom farzand – sog‘lom kelajak” ezgu g‘oyasi asosida qilinayotgan ezgu sa’y-harakatlar o‘zining ijobiy samaralarini berayotir.

Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, oila institutini rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, pirovardida har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi xodimlari tomonidan yurtimizning barcha hududlarida ayollar bilan davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda.

Tadbirlar davomida oilalarda sog‘lom muhit yaratish, turmush mustahkamligini ta’minlash, ham jismonan, ham ma’nan yetuk farzandlarni voyaga yetkazish bo‘yicha aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlari olib boriladi. Shunday bo‘lsada ayrim hollarda kattalarning e’tiborsizligi natijasida bolalar bilan turli ko‘ngilsiz holatlar yuz bermoqda. O‘rganishlarimiz natijasida yurtimizning chekka hududlarida bolalar salomatligiga xavf tug‘diruvchi omillar ko‘p uchraydi. Katta hovli, yumushlar ham shunga yarasha. Ona bu tashvishlarga andarmon bo‘lib, bolalariga ko‘z-quloq bo‘lolmaydi. O‘yinqaroq farzandlar esa sandalga tushib ketishi, olov ustidagi qaynoq choy yoki issiq ovqatni to‘kib yuborishi mumkin.

Olib borilayotgan targ‘ibotlarimizning asosiy mavzusi ham aynan onalar farzandiga ko‘proq vaqt ajratishi lozimligini tushintirishdan iborat. Ayol uy yumushlariga o‘ralashib qolmasdan dilbandlarini yurtga sadoqatli, oilaparvar, sog‘lom voyaga yetkazishi lozim.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan olib borilayotgan ishlar, targ‘ibot tadbirlari o‘z samarasini beryaptimi? Oilalarda tibbiy madaniyat yuksalishi uchun yana qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak?

Yana o‘qing:  Farzand – qutlug‘ ne’mat

Har yili xizmat safari bilan yurtimizning turli hududlarida bo‘lamiz. Shahar va chekka qishloqlarda yashaydigan ayollarning turmush tarzini o‘rganamiz. Bu harakatlarimiz orqali shu narsa bo‘ldiki, viloyat markazlarida tez-tez ma’naviy tadbirlar o‘tkaziladi va ayollar bu uchrashuvlarda ishtirok etish imkoniga ega. Tadbirlarni tashkil etgan mutassaddilar “yiliga faloncha uchrashuv o‘tkazdik” deb, raqamlarni belgilab berishadi. Bu bilan esa muammolar tarozisi og‘irlashib boraveradi.

Qishloq joylarda esa bunday tadbirlar juda kam o‘tkaziladi. Unga onalar ro‘zg‘or yumushidan vaqt orttirib borishi amrimahol. Balki shuning uchun ham ko‘ngilsiz voqealar ko‘proq shu hududlarda sodir bo‘lar.

Demak, hududlardagi mas’ul shaxslar targ‘ibot ishlarini xonadonlarda amalga oshirishi lozim. Agar ular har bir xonadon uchun alohida vaqt ajratib, tushuntirish ishlari olib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aytmoqchimizki, raqamlar emas, amaldagi ishlar sarhisobi muhim.

 

Tilsiz yovning tig‘siz jarohati

– Yong‘inlar, ularning tafsilotlari, yong‘in xavfsizligi qoidalari talablari, soha xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar keng yoritilgan film va ijtimoiy roliklar hududiy va markaziy telekanallar orqali muntazam efirga uzatib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati bo‘lim boshlig‘i Jamoliddin Hakimov. – O‘tgan 2017 yil davomida respublikaning iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’yektlarida, korxona, muassasa, tashkilot va mahallalarda qism shaxsiy tarkibi tomonidan yong‘in xavfsizligini ta’minlash mavzularida 13 mln. 409 ming 514 nafar fuqaro ishtirokida uchrashuvlar, suhbat va yo‘riqnomalar asosida tadbirlar o‘tkazildi. Insonlar hayotini yong‘inlardan himoya qilish, keng omma orasida targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida markaziy televideniye orqali 1 ming 421 ta, mahalliy televideniyelar orqali 8 ming 220 ta va kabel televideniyesi orqali 83 ming 903 marotaba ko‘rsatuv va roliklar namoyish etildi.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 maydagi “Ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablari asosida 2017 yilning iyun oyidan har chorshanba joylarda yong‘inlar profilaktikasi kuni deb e’lon qilindi. Shundan beri respublikamizda yong‘inlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 649 ta (yoki 5,5 foiz)ga, insonlarning halok bo‘lishi 35 nafar (yoki 21 foiz)ga va tan jarohati olishlari 113 nafar (yoki 28,1 foiz)ga kamaydi. Bu muhim tabdirning ta’sirchanligini oshirish maqsadida birinchi galda fuqarolar jalb etilmoqda.

Sir emas, sodir bo‘layotgan yong‘inlarning ko‘pchilik qismi aholi turar joylarida, xonadonlarda ro‘y beradi. Shuning uchun ham aksariyat tadbirlar mahallalarda, guzarlarda fuqarolar ishtirokida o‘tkazilayapti.

Olovni bejiz “tilsiz yov” deyishmaydi. Unga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish salbiy oqibatlarga olib kelishi hayotiy misollar bilan isbotlangan. Achinarlisi, xonadonlardagi yong‘inlarning yuzaga kelishiga aksariyat hollarda bolalar sababchi bo‘lishadi.

Yana o‘qing:  Ham ilg‘or, ham iste’dodli

– O‘sha kuni qizim Nozimaning tug‘ilgan kuni edi, – deydi samarqandlik Dilnavoz Vafoyeva. – Farzandim olti yoshni qarshi olishi munosabati bilan bayram taraddudini ko‘rdik. Mehmonlar bilan ovora bo‘lib, qizimni qarovsiz qoldiribman. U esa qo‘lida o‘ynab yurgan qo‘g‘irchog‘ini gaz pechiga uloqtiribdi. Natijada paxta qo‘g‘irchoq yonib, yuqorida ilingan sochiqlarga olov tutashgan. Mehmonlardan biri dahlizda tutunni ko‘rgach, hamma oshxona tomon chopdi. Olov gilamlarga o‘tgan ekan. Mehmonlar o‘tni o‘chirishga oshiqdi. Men esa qizimni izlardim. U qo‘rqqanidan xontaxta tagida o‘tirardi. Shukrki, unga hech qanday ziyon yetmabdi. Ammo shu voqeadan so‘ng farzandim tutulib gapiradigan bo‘lib qoldi…

Mutaxassislar va hamyurtlarimizning fikrlarini o‘qib, o‘zingiz uchun kerakli xulosani chiqarasiz, degan umiddamiz.

 

Dildora FAYZIYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: