Yaxshi kayfiyat: unga erishish uchun nima qilmoq kerak?
Inson ruhiyati bilimdonlari ish unumi kayfiyatga bog‘liq ekanini aytishadi. Chunki doimo yaxshi kayfiyatda yuruvchi kishilar stressdan uzoq bo‘lishadi. Yurak qon-tomir kasalliklariga kamroq chalinishadi, bosh og‘rig‘idan ham kam shikoyat qilishadi.
Lekin omadsizlik, ro‘zg‘or tashvishlari, odamlar bilan o‘zaro muloqot kayfiyatga ta’sir etmasdan qolmaydi. Amerika psixologiya assotsiatsiyasi olimlari psixoterapiya jadvaliga jismoniy mashqlarni qo‘shishni tavsiya qiladi. Shunday ekan raqsga tushing, sakrang, yengil mashq qiling: endorfinlarni ishlab chiqarish uchun har qanday jismoniy faollik turi to‘g‘ri keladi. Harakat – bu nafaqat kayfiyatni ko‘tarish va zo‘riqishni kamaytiruvchi kuchli vosita, balki xotirani mustahkamlash va umuman fikrlash qobiliyati uchun a’lo darajadagi samarali usuldir.
Ortib borayotgan bosimga jismoniy faoliyat yordamida qarshi turish mumkin: mashqlar, yugurish yoki velosipeddagi sayr zo‘riqishga qarshi kurashda asqotadi. Tonggi jismoniy mashqlar butun kun uchun zarur sur’atni hadya etib, diqqatni muhim vazifalarda jamlashga yordam beradi. Kunni 10 daqiqa jismoniy mashq qilishdan boshlang va uning davomiyligini yarim soatgacha yetkazing.
Yomon kayfiyat kuch-quvvat va ishdagi samaradorlikdan mahrum qiladi. O‘zingizdan jahlingiz chiqmasin: agar kuningiz oddiy o‘tsa, o‘nta murakkab ish o‘rniga uchta oddiy yumushni rejalashtiring. Kichik bo‘lsa-da, maqsadga erishish o‘zingizdan qoniqish hosil qilish hissini paydo qiladi. Ishda bo‘lsangiz birorta hamkasbingizga, uyda bo‘lsangiz, oilangiz a’zolarining biriga tabassum qilib ko‘ring. Sizning ham, siz tabassum yuborgan kishining ham kayfiyati ko‘tarilganini sezasiz. Chunki tabassum qilishda ishtirok etayotgan mushaklar qisqarganda, bosh miyada quvonchli his-tuyg‘u haqida axborot paydo bo‘ladi.
Tanamiz bu – mexanizm. Mazkur g‘aroyib va betakror tizim g‘amxo‘rlik va hordiq chiqarishga muhtoj. Ishxonadan uyga ketayotib, har kuni kompyuterni o‘chirib ketasiz, tana va miyaga ham aynan shu zarur.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yaxshi uyqu miyaga kun davomida to‘planuvchi zaharli moddalardan qutulish imkonini berar ekan. Aynan shuning uchun ham 7-8 soatlik uyqu ruhiy va jismoniy salomatlik uchun juda muhim.
Haftada bir marta (xohlang har kuni) umuman yangi narsani sinab ko‘rishni o‘zingizga vazifa etib belgilang. Bu judayam ulkan g‘oya bo‘lishi shart emas. Misol uchun ishga boshqa yo‘ldan boring. Hatto, mana shu arzimas narsa ham – g‘aroyib tajribadir. U miyani yangi fikrlash usullari va his qilishga tayyorlaydi.
Kunimiz muomala madaniyatidan boshlanadi. Shunday ekan har bir kunni yaqinlarimiz, atrofdagilar, hamkasblarga yaxshi, shirin muomaladan boshlasak ishda unum bo‘ladi. Kunni yaxshi kayfiyat bilan boshlang, bilingki bugun hayotingizdagi eng yaxshi kun bo‘lishi mumkin!..
Zamira MAMANAZAROVA,
psixolog