Surxondaryoda bir haftada 160 nafar bemor bola plastik jarrohlik operatsiyasi orqali sog‘lomlashtirildi

Surxondaryo viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida “Farzand tabassumi – oila quvonchi” aksiyasi doirasida O‘zbekiston – Turkiya salomatlik haftaligi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) hamkorligida tashkil etilgan haftalik doirasida turkiyalik plastik jarrohlar, malakali anesteziolog va hamshiralar Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan kelgan yuqori lab va qattiq tanglay hamda yuz sohasidagi tug‘ma nuqsoni bor va kuyishdan keyingi asoratlari bo‘lgan 650 ga yaqin bolani chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Bemorlarning 160ga yaqini plastik jarrohlik amaliyoti orqali sog‘lomlashtirildi. Tibbiy ko‘rik va jarrohlik amaliyotlari turkiyalik hamda ushbu soha bo‘yicha yurtimizning tajribali mutaxassislari hamkorligida olib borildi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvlariga muvofiq, so‘nggi ikki yilda sog‘liqni saqlash sohasida o‘nta yirik loyiha amalga oshirildi, – deydi Anqara ilmiy tekshirish klinikasi professori Ugur Kocher. – Shularning to‘rttasida tajribali plastik jarrohlarimiz ishtirok etdi. Bizga ana shunday imkoniyat yaratib berganlardan minnatdormiz. Ushbu aksiyaga Turkiyadan besh nafar yuqori malakali plastik jarroh, to‘rt nafar malakali anesteziolog va uch nafar hamshira jalb etildi. Haftalik davomida kelgan barcha bemorlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zamonaviy tibbiyot ko‘magida sog‘lomlashtirish choralari ko‘rildi. Biz tug‘ma-lab, yuqori tanglayida muammolari bo‘lgan, quloqdagi yoki kuyish oqibatida tanada yuzaga kelgan asoratlarni o‘z amaliyotimiz orqali davolashni maqsad qilgan edik. Shunga muvofiq, murojaat etgan barcha bemorlarga yordam ko‘rsatishga harakat qildik. Tibbiy ko‘rik davrida ularga zarur maslahatlar berdik. Qolaversa, o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan o‘zaro tajriba almashdik.

Haftalik doirasida Qashqadaryo viloyatining turli hududlaridan kelgan bemor bolalarga ham beg‘araz yordam ko‘rsatildi.

Qizim Muslima 5 yoshida to‘satdan kuyib qoldi, – deydi kitoblik F. Qosimova. – Natijada uning o‘ng qo‘l barmoqlari chandiq bo‘lib, yaxshi harakatlantirolmay qoldi. Farzandimni turkiyalik shifokorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, jarrohlik yo‘li bilan tuzatish imkoni borligini aytishdi. Shu kunning o‘zida ular zamonaviy plastik jarrohlik amaliyotini bajarishdi. Bugun qizimga javob berdi. Uyga qaytayapmiz. Muslimaning sog‘lig‘i tiklanayotganidan quvonchimiz cheksiz.

 

Sarvar IS’HOQOV,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi matbuot kotibi

Yana o‘qing:  Yangi vaksina tatbiq etildi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: