Tanganing ikkinchi tomoni
O‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda otaning o‘z qiziga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganligi aks etgan video-tasvir ko‘pchilikning nafratini qo‘zg‘atgan edi. Qolaversa, ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda, OAVlarida keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Buni qarangki, so‘nggi paytlarda internet orqali farzandlariga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘layotgan ota-onalar “bot-bot” tilga olinyapti. Achinarlisi, bu kabi holatlarga birinchi bor guvoh bo‘lganimizda hayratga tushgan bo‘lsak, borib-borib ajablanmay ham qo‘ydik.
Yaqinda hamkasb opa-singillarimiz tongda ishxonaga keliboq, telekanallarning birida 3 yoshli farzandini bo‘g‘ib o‘ldirgan andijonlik ayol haqida ko‘rsatuv berilganini xavotir aralash so‘zlay ketdi. Barchasining ranggi bir ahvolda “uydan qanday chiqib, ishga qanday kelganimni bilmayman. Juda yomon ahvolga tushib qoldim. Ko‘rsatuvni oxirigacha ko‘rishga yuragim bo‘lmadi”, deya so‘zladi ulardan biri. Bu voqea hamkasblarimning kun davomida tushkun kayfiyatda yurishiga sabab bo‘lgani rost. Qolaversa, o‘zim ham ushbu mudhish qotillik haqida eshitganimdan so‘ng, uning ta’siridan chiqib ketishim juda qiyin kechdi. “Nahotki, ona qotil bo‘lsa?, “Nahotki, 9 oy qornida ko‘tarib yurgan jigarbandiga rahmi kelmasa?” degan savollar menga sira tinchlik bermasdi.
Shu o‘rinda bir masala kishini tashvishga soladi. Yosh avlodga nisbatan kattalarning bunday munosabatini oynai jahon orqali keng ommaga ma’lum qilish, balki aholini ogohlikka da’vat etar, biroq bu mavzuni yoritishda inson ruhiyatini ham hisobga olish kerak, nazarimda. Chunki oramizda ayrim insonlar bunday voqealardan juda qattiq ruhiy tushkunlikka tushishi yoki ayrim ruhiy xasta insonlarga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bu borada psixologlar ham ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya qiladi.
– Bugun axborot, yangilik tarqatadigan tashkilotlar ruhiy jarohat masalasiga bundan 10 yil oldingiga qaraganda jiddiy munosabatda bo‘lmoqda. Ammo bu borada ko‘rilayotgan choralarni talab darajasida deyishga hali erta, – deydi psixolog Aziza Toshxodjayeva. – Zero, bobokalonimiz Abu Turob an-Naxshabiy ham “Fikringizga ehtiyot bo‘ling. Chunki barcha narsa fikrdan hosil bo‘ladi. Har kimning fikrlari durust bo‘lsa, uning qiliqlari ham durust bo‘lgay” degan edi. Shuning uchun ham biz ruhshunoslar har bir ma’lumotni qayta-qayta tekshiruvdan o‘tkazib, so‘ng ommaga uzatish kerak, deb hisoblaymiz. Sababi inson vahshiy kino filmlar, voqealarni qancha ko‘p ko‘rsa, ko‘zi, diydasi qotadi. Natijada o‘sha jinoyatni sodir etish ular uchun oddiy holga aylanib qolishi mumkin. Hozirda OAVlarda yuqoridagi kabi voqea tafsilotlarining tez-tez yoritilishi, odamlarni ogohlikka chaqirish, ularni befarq bo‘lmaslikka undash, mudhish fojialarning tub ildizini aniqlashga yordam berar, biroq ana shu ma’lumotlar inson ongiga salbiy ta’sir etishini ham unutmaslik lozim. Sababi odamlar o‘zlarining fe’l-atvoriga ko‘ra bir necha toifaga bo‘linadi. O‘ta ta’sirchan yoki his-hayajonga beriluvchi insonlarga bu kabi voqealar ijobiy ta’sir etadi, deb bo‘lmaydi. Ular ancha vaqtgacha jinoyat tafsilotlarini xotirasidan chiqarolmaydi. Qolaversa, turmushning past-u balandliklari, uning zarbalaridan bezigan, ruhiy tushkunlikka tushgan insonlar OAVda berilgan bunday jinoyat tafsilotlaridan keyin o‘zlari ham jinoyat sodir etishlari hech gap emas. Sababi miyamizga kelgan har bitta fikr o‘zining moddiy ko‘rinishiga ega.
Tabiiyki, inson hayoti davomida o‘lim holatlari, insoniy azob-uqubatlarning shohidi bo‘lishi hamda boshqa ruhiyatga ta’sir qiluvchi salbiy holatlarning guvohi bo‘lishi mumkin. Bunday sharoitda ruhimizni jarohatlagan voqealarni hazm qilishning o‘zi mushkul. Shu bois, qotillik tafsilotlarini ko‘p ham jamoatchilik bilan muhokama qilish maqsadga muvofiq emas. Yaxshisi, bu masalani mas’ul tashkilot xodimlari zimmasida qoldirgan ma’qul. Ularga, eng avvalo, jamiyatimizdagi mavjud qonunlar bo‘yicha jazo tayinlanadi. Qolaversa, bunday kimsalarga oxiratda ham Yaratganning og‘ir jazosi bor.
Oramizda farzandlarini oq yuvib, oq tarab, yurt rivoji uchun munosib hissa qo‘shadigan komil farzandlarni tarbiyalayotgan mehribon onalar juda ko‘p. Turmushi og‘ir bo‘lsada, boriga bardosh bergan, ajralishni or deb bilgan ayollar qancha. Garchi, beva bo‘lsada, yomon yo‘lga kirmagan, bolalarini halol mehnat evaziga boqib o‘stirgan onalarimiz bor. Aynan ular ko‘proq e’tirofga va ibratli tashviqotga munosib.
Mayna HASANOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri