Ezgulik makon tanlamaydi
Dunyoda xalqlar ko‘p. Ularning tili, irqi va dini o‘zgacha. Bir millatning qadriyati boshqa birinikidan farq qiladi. Ammo, odamiylik, oqibat kabi ezgu tushunchalar barcha odamlarni birlashtirib turadi.
Insonlar qalbidagi mehr, hamdardlik fazilatlarini anglash uchun uning tili yoki dinini bilish shart emas. Bajarayotgan amallarida, nurli ko‘zlarida aks etadi. Biz bilan zamondosh Mahbub Afzal ham o‘zgalarga ezgulik ulashishni o‘zining oliy maqsadi deb biladi.
1992 yil Hindistonning Bihar shahrida tug‘ilgan Mahbub Afzal Dehli Milliy universitetida o‘zbek tili mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan. Shundan so‘ng u salomatlik markazlarida tarjimon bo‘lib ishlagan. Yurtimizdan borgan bemorlar, sayyohlar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatgan. Mahbubning mehmondo‘stligi, odamoxunligi o‘zbekistonlik mehmonlarda iliq taassurot qoldiradi. Uning ta’rifini eshitgan sayohatchilar Hindistonga borganida, albatta Mahbubga qo‘ng‘iroq qilishadi.
– Ba’zan o‘zbek birodarlarim qo‘ng‘iroq qilib, muammolarini aytishadi. Davolanish uchun kelgan bemorlar o‘zlari joylashgan mehmonxonaga ikki baravar haq to‘laganini, davo uchun aytilgan mablag‘dan ko‘proq pul sarflagani haqida yozg‘iradi. Ularga qo‘limdan kelguncha yordam beraman, – deydi Mahbub Afzal.
Ana shunday kunlarning birida u o‘zbekistonlik Nurilla Mirzoyev bilan tanishadi.
– Do‘stlarim bilan davolanish uchun Hindistonga borganman, – deydi Nurilla aka. – Mehmonxonaga joylashdik. Tushlikka yaqin mehmonxonada Mahbub bilan tanishib qoldim. U o‘zbek tilida bemalol suhbatlashardi. Mahbubning hamrohligida juda ko‘p ishlarimizni bitirdik. U bizga qo‘lidan kelgan barcha yaxshilikni qildi. Hamrohimiz nafaqat samimiyligi, balki vijdoni pok, halol insonligi bilan hurmatimizni qozondi. Biz kabi mehmonlar firibgarlarga uchragani haqidagi voqealarni aytib berardi. Mahbub o‘zga yurtdan kelgan do‘stlariga yordam berishni, ularning aldanmasliklarini istardi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, xastalangan inson davo istab, bor-budini olib, uzoq masofadan kelsa-yu, bir noinsof bemordan foydalanib, uning ortidan cho‘ntak to‘ldirishni o‘ylasa, bemor kimga arz qilsin?! Xullas, ikkimiz yaxshi niyatda ezgu ishga qo‘l urdik.
“Maqsad aniq bo‘lsa, manzil bir qadam” deganlaridek, ikki do‘stning ko‘nglidagi ezgu istaklari tez orada amalga oshdi. Poytaxtimizda ish boshlagan tibbiyot vakolatxonasi Hindistondagi barcha shifoxonalar bilan hamkorlik o‘rnatgan. Markaz agentlik yoki shunga o‘xshash xususiy tashkilot emas, balki O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ilk tibbiy vakolatxona hisoblanadi. Bu yerda hind mutaxassislari bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazadi yoki ularning tashxis xulosalarini Hindistonga jo‘natadi. Jarrohlik amaliyoti zarur bo‘lgan bemorlar ushbu mamlakatdagi shifoxonalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuboriladi. Samolyotdan tushgan bemorlarni Mahbub Afzal kutib oladi va shifoxonaga joylashtiradi. Davolanishdan boshlab, uyga qaytguniga qadar u bemorning yonida bo‘ladi.
Yana bir qulaylik: bemorlar davolanishga borishda hech qanday to‘lovni amalga oshirmaydi. Faqat Hindistonda davolanish uchungina mablag‘ to‘laydi, xolos. Qolgan barcha xizmatlar bepul. Bemorga zarur bo‘lgan hujjatlar va turur joy xizmatlari vakolatxona hisobidan.
Hindistonda davolanib qaytgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashiganimizda, ularning cheksiz minnatdorlik izhorlarini eshitdik.
– Xorijda davolanish ko‘p mablag‘ talab etadi, deb o‘ylardim, – deydi Sanobar Rahimova. – Bir tanishimning tavsiyasi bilan tibbiyot vakolatxonasiga murojaat qildim. Ular mening tashxis natijalarimni Hindistondagi shifokorlarga yubordi. Hech qancha vaqt o‘tmay, meni davolanish uchun yubordi. Jigar xastaligi bilan og‘riganligim uchun Hindistondagi malakali shifokorlar donorlik yo‘li bilan jarrohlik amaliyotini o‘tkazishdi. Eng muhimi, hozir o‘zimni juda yaxshi his qilyapman.
Salomatlik – eng katta boylik. Xulosa o‘rnida alloma al-Xorazmiyning quyidagi so‘zlarini aytib o‘tmoqchiman. U odamlarni quyidagi teoremada hisoblaydi:
Insonning qalbi pok bo‘lsa, uning bahosi 1. Agar tashqi ko‘rinishi go‘zal bo‘lsa, 10 baho. Kiyimlari qimmatbaho bo‘lsa, 100. Uylari hashamdor bo‘lsa, 1000 baho beriladi. Ammo boshidagi 1 raqami bo‘lmasa, qolgan barcha nollar hech qanday qiymatga ega emas.
Oramizda Mahbub Afzal va Nurilla Mirzoyev singari o‘zgalar dardiga darmon bo‘layotgan, oilalarga quvonch ulashayotgan oqibatli insonlarning borligi uchun ham hayotimiz fayzlidir.
Dildora FAYZIYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri