Ko‘klamdagi darmonsizlikda davo muolajalari
Bahorning “ilik uzildi” davrida bor kuch-quvvatini sarflagan tanamiz holdan toyadi. Ana shu paytda organizm vitaminlarga ehtiyoj sezadi. Bu ehtiyoj nafaqat tananing umumiy holatida, balki tashqi ko‘rinishda ham aks etadi.
Yuzlar ko‘kish tusga kiradi. Ko‘z atrofi qorayadi, teri quruqshaydi. Sochlar sinuvchan bo‘lib, to‘kiladi va bo‘g‘inlarda og‘riq paydo bo‘ladi.
Vitaminlar shunday organik elementlarki, odam ularsiz sog‘lom bo‘lolmaydi. Darmondorilarni tanamizga turli yo‘llar bilan qabul qilamiz. Ular kundalik taomlarda albatta bo‘lishi kerak. Afsuski, biz iste’mol qiladigan hamma mahsulotlarda ham yetarli miqdorda vitaminlar bo‘ladi, deb aytolmaymiz. Oqibatda ular o‘rnini turli sun’iy dori vositalari bilan to‘ldirishga majbur bo‘lamiz.
Toliqqan organizmni tiklash uchun bahorda qanday vitaminlarni iste’mol qilish zarur? Buning uchun tanamizga A, S, D, Ye hamda V guruhi tarkibidagi vitaminlar kerak. A vitamini sovuqdan zararlangan terini asliga qaytarishda yordam beradi. U asosan sabzi, lavlagi, qovoq, makkajo‘xori, o‘rik, qichitqio‘t va pomidorda uchraydi. S vitamini tanamizni turli infeksiyalardan himoya qilib, immunitetni oshiradi. Bu element karam, shovul, sitrus, ho‘l va rezavor mevalar hamda na’matakda bor.
D vitamini quyosh nurlari tufayli vujudga kelib, ushbu darmondori organizmda kalsiyni o‘zlashtirishga yordam beradi. U tirnoqlar, soch va suyak to‘qimalarini tiklaydi. Bu darmondori jigarda, qizil baliqda, sut mahsulotlarida, baliq yog‘i va uning uvildirig‘ida ko‘p bo‘ladi.
Ye vitamini holsizlangan tanamizga kuch-quvvat beradi, tomir tizimini yaxshilaydi. U o‘simlik yog‘i, tuxum, o‘simlik barglari tarkibida uchraydi.
V guruhi vitaminlari organizm to‘qimalarini kislorod bilan ta’minlaydi, charchoqni yo‘qotadi. Asab tizimi faoliyati, to‘qimalarning oqsil moddasini o‘zlashtirishini yaxshilaydi. Bu vitamin turli yormalarda, xamirturush, go‘sht, non, dukkakli o‘simliklar, tuxum hamda sarxil sabzavotlarda ko‘p miqdorda bo‘ladi.
Bahorgi darmonsizlikni (avitaminoz) bartaraf etish
Hayvon yog‘larini iloji boricha kamroq iste’mol qilish kerak. Taomnomadagi go‘sht mahsulotlarini zudlik bilan kefir, yogurt, yog‘li qatiq, tvorog, suzma kabi yeguliklar hamda ko‘katlar va rediska bilan almashtirish lozim. Aynan shu mahsulotlar bahorda organizmning vitaminlarga bo‘lgan ehtiyojini qondira oladi. Shuningdek, o‘simlik yog‘lari ham ayni muddao. Chunki tanamiz bu paytda shu yog‘ga ehtiyoj sezadi. Bahoriy salatlarga qo‘shilgan zaytun yog‘i kuchingizga kuch qo‘shadi. Ko‘katlarni limon sharbati qo‘shib yeyish esa immunitetni mustahkamlabgina qolmay, S vitamini tanqisligiga barham beradi. Yana zahirada saqlangan o‘tgan yilgi rezavor mevalar – qorag‘at, qulupnay, olcha, malina va o‘rik ham sifatli darmondori hisoblanadi.
Har kuni bir osh qoshiq muzlatilgan rezavor yeyish, undan mors, sharbat tayyorlash yoki ularni bo‘tqa, tvorogga qo‘shib tanovul qilish ham maqsadga muvofiq.
Yana organizmdagi mineral va mikroelementlar taqchilligini yil bo‘yi bozorlarimizdan arimaydigan olma, apelsin, banan bilan ham to‘ldirsa bo‘ladi. Ammo, issiqxonada yetishtirilgan pomidor, bodringlar haqida bunday deya olmaymiz. Negaki, ular tarkibida soatlab sovuq suvda yuvsa ham ketmaydigan pestitsidlardan bo‘lak hech qanday vitamin topa olmaysiz. Avitaminozdan himoya qiluvchi shivit, kashnich, selderey, ko‘kpiyoz, sarimsoqpiyoz, rediska, qichitqio‘t, ismaloq, shovul, beda, yalpiz, mator (“mador”) kabi ko‘katlarda hamda momaqaymoq barglarida nafaqat vitamin, balki mikroelementlar, yana yoshartiruvchi va antioksidant samarasini beruvchi xlorofill ham bor. Ammo bu shifobaxsh giyohlarni sanoat hududlari, ko‘cha-ko‘ylardan ancha yiroqdagi toza joylardagina o‘sganlarini terish kerak.
Vasila PO‘LATOVA tayyorladi.