Mehr mo‘jizasi

Onamning aytishicha, otam Abdusattor Umarovni 1948–49 yillari Sobiq Ittifoq davrida raykom rahbariyati uzoqqa kanal qazuvchilarga bosh qilib jo‘natgan. Men o‘sha paytda amakimning uyida tug‘ilgan ekanman.

Farzandi qiz tug‘ilgani uchun otamga hech kim xabar bermagan ekan. Kunlar o‘tgach, onamning ahvoli yomonlashadi. Ularning holidan yangamlar xabar olib turadi. Kunlarning birida onamning Barot ismli tog‘asi mehmonga keladi. Jiyanining ahvolini ko‘rib, otamning qarindoshlaridan qattiq xafa bo‘ladi. U kishi bir ot-arava topib, volidamni men bilan G‘allaorolga olib ketadi. Bobom Alibek darhol shifokor chaqiradi. Mutaxassis onamning ahvoli og‘irligini aytib, Samarqandga yo‘llanma beradi. Shifokorlar tomonidan bemorga “leptomeningit” tashxisi qo‘yilgan ekan. Volidamning ahvolidan qattiq tashvishga tushgan Alibek bobom Zilola buvimga: “Endi nima bo‘lsa ham chaqaloqni olib ketamiz, uni o‘zing boqasan”, deydi.

Bir kuni yo‘lda borayotib, rosa yig‘labman. Buvim meni yupatolmay ovvora emish. Shunda bobom buvimga: “Qizimizdan umid yo‘q. Undan qoladigan zurriyodni asramasang, mendan xafa bo‘lma” – deydi jahl bilan. Keyin ular menga sut izlab ketibdi. Buvim nima qilarini bilmay, axiri meni emizishga tutinadi. So‘ngra yig‘lab, Yaratganga iltijo qiladi. Mo‘jizani qarangki, shundan keyin ularning ko‘kragiga sut kelgan ekan. Shu-shu buvijonimning mo‘jizaviy mehr sutini 4 yoshga kirgunimcha emganman.

Onam shifoxonada uzoq davolanganidan so‘ng sog‘ayib chiqqan. Lekin, otam bilan o‘rtasidagi munosabat tiklanmaydi. Talabalik davrimda tanishlarim meni otam bilan tanishtiramiz, deyishsa, “onamni xastaligida tashlab ketgan”, deyishsa bunga qarshi bo‘lardim. Ular esa meni uzoqdan ko‘rib yurar ekan.

Yillar o‘tib, hayotga bo‘lgan munosabatim, qarashlarim o‘zgardi. 32 yoshimda otam menikiga ilk bor mehmon bo‘lib keldi. Men ularni yaxshi kutib oldim. Padarimni bayramlarda tabriklashga borardik. U kishi Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi edi. Hozir singillarim va ukalarim bilan ham bordi-keldi qilamiz.

Allohga shukurlar bo‘lsinki, ota-onam hayotligida jigarlarim bilan o‘zaro mehr rishtalari bog‘langan edi. Endi o‘zimni yolg‘iz his etmayman. Taqdirning sinovlari sabab, ota-onam ayro yashadi. Men esa bag‘ributun va baxtibekam tengdoshlarimga ich-ichimdan havas qilib ulg‘aydim. Bu bolalikdagi iztiroblarim va eng katta armonim edi.

Alloh meni oilaviy baxt bilan siyladi. Turmush o‘rtog‘im (rahmatli) Abdug‘ani aka ziyoli inson edi. O‘g‘il-qizlarimning baxt-u kamolini ko‘rish nasib qildi. Hozirda bir etak nevaralarning suyukli buvijonisiman. Nazarimda inson uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.

Yana o‘qing:  Iqlim o‘zgarishi Yer yuzi uchun xavfli

 

Salomat G‘OYIBNAZAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: