Nasabingizni bilasizmi?
yoxud shajarani davom ettirish xususida
Hech e’tibor berganmisiz, ota-bobolaringiz yashab o‘tgan go‘shaga borganingizda o‘sha yerning yoshi ulug‘lari tashqi qiyofangiz, gap-so‘zingiz, qolaversa, o‘zingizni tutishingizga qarab, kimlarning avlodi ekaningizni fahmlaydi.
Uzoq yillar yashab, el orasida obro‘ qozongan bobongizni ismini aytib, “Sen falonchining nevarasi emasmisan?” yoki “Qosh-ko‘zingga qaraganda sen falonchilardan bo‘lsang kerak?!” deydi. Buni qarangki, ziyrak keksalarimiz bu borada sira adashmaydi. Xullas, nasabni saqlash, ajdodlarga munosib bo‘lish insonga katta mas’uliyat yuklaydi.
Biroq, bugun hamma ham bu ezgu an’anaga sodiq qolayotgani yo‘q. Hatto, ko‘pchilik insonlar shajarasini to‘liq aytib bera olmaydi. Buning eng asosiy sababi hali avlodlar davomiyligida bobosi, otasining ismi familiya bo‘lib ulgurmasdan, otalar o‘z ismini familiya sifatida farzandlariga berayotganidadir.
– Har bir inson uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ilk qonuniy hujjat hisoblanadi, – deydi Toshkent shahar 1-sonli FHDYo mudirasi Mastuba Sadretdinova. – Shuningdek, bola tug‘ilgan zahoti ro‘yxatga olinadi va tug‘ilgan daqiqasidan boshlab, ism bilan atalish, shuningdek, o‘z ota-onasining g‘amxo‘rliklaridan bahramand bo‘lishga haqli hisoblanadi. Farzandga munosib ism qo‘yish ota-onaning burchi hisoblanganidek, unga familiya berishda ham milliy an’analar hisobga olinib, ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Ko‘pincha bolaning tug‘ilganligini qayd etishda unga ota yoki onaning yoki bobolaridan birining ismi familiya sifatida beriladi.
Darhaqiat, Oila kodeksining 69-moddasida “Bolaga ism ota-onaning kelishuviga binoan, ota ismi – otasining ismiga ko‘ra beriladi. Bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Ota-ona turli familiyalarda bo‘lganda ota-onaning kelishuviga binoan bolaga otasining yoki onasining familiyasi beriladi. Ota-onaning xohishiga ko‘ra bolaga ota yoki ona tomonidan milliy an’analarga ko‘ra boboning ismi bo‘yicha familiya berilishi mumkin”, deya yozilgan.
Ushbu moddada ayniqsa, bir jumla juda ahamiyatli. Ya’ni, milliy ana’analarga ko‘ra bolaga boboning ismi bo‘yicha familiya berilishi mumkin. Shunday ekan unda nega hozirgi avlod vakillari ushbu udumga sodiq qolmayapti. Axir azaldan ma’lum bir nom ostida nasabning davomiyligi kamida ikki avlod davom etgan. Shundan so‘ng esa keyingi avlod vakili o‘z ismini familiya sifatida davom ettirgan. Nazarimda, bunda o‘ziga xos hikmat bordek. Chunki nasabning davomiyligini ta’minlash o‘sha insonning, eng avvalo, ulug‘ yoshda bo‘lishi, o‘z avlodlariga munosib ajdod bo‘lib yetishganligi bilan belgilangan bo‘lsa, ne ajab.
– Yaqinda yetti ajdodimiz kim ekanligiga qiziqib qoldim, – deydi qashqadaryolik Munira Husanova. – Dadamning familiyasi Husanov bo‘lganligi uchun bobomning ismlari Husan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Biroq yanglishgan ekanman. Keyin bilsam, bobom ham Husanov familiyasida bo‘lib, ularning otalari Tojinor buva Husan boboning o‘g‘li ekan. Bobolarimning nomlari avlodlariga familiya bo‘lib o‘tmaganligi sababli katta bobom – Tojinor buvaning ismlarini bilishim qiyin kechdi. Yaqinda akam farzandli bo‘ldi. Buni qarangki, jiyanimizga ota-bobolarimizning nomi qolib, o‘zining ismini familiya qilib berdi. Endilikda dadam, so‘ng, Diyor va Tojinor buvalarning ismlari avlodlarimiz nasabida davom etmayapti. Bu esa tabiiyki, shajara zanjirida uzilishga olib keladi. Xuddi mendek keyingi avlod vakillari ham bobolarimiz ismlarini bilishda qiyinchiliklarga duch keladi. Bunga o‘xshash oilalarni ko‘plab uchratish mumkin. Nazarimda, bu hol ota-bobolarimizga nisbatan hurmatsizlik, deb o‘ylayman.
– Islom dinida nasabga nihoyatda katta e’tibor berilgan, – deydi poytaxtimizdagi Ko‘kaldosh o‘rta-maxsus bilim yurti mudarrisi Jaloliddin Ahmedov. – Tarixiy kitoblarga ahamiyat bersak, barcha ulamolarning avval ismi, so‘ng, otasining, undan keyin bobolarining ismi ketma-ketlikda yoziladi. Bu ketma-ketlik kamida yetti ajdodigacha, balki undan ham ko‘proq davom etishi mumkin. Nasabni o‘zgartirish dinimizda joiz emas. Agar kimdir farzandlikka bola olmoqchi bo‘lsa, o‘sha bolaning haqiqiy otasini ismi aniq keltiriladi. Shundan so‘ng asrab olgan insonning ismi keltirilishi shart. Toki, o‘sha bola ulg‘ayganda, nasabning o‘zgartirilishi orqali jigarlari bilan yaqin aloqlarni o‘rnatishida chalkashliklar bo‘lmasligi lozim. Bugun esa farzandlikka olinayotgan bolaga nasab berishda uning haqiqiy nasabi mavhumligicha qoladi. Bu esa kelajakda ko‘p xatoliklarni, chalkashliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, bu hol insonning o‘z shajarasini bilmasligiga ham olib keladi.
Darhaqiqat, ajdodlarimiz nomining davom etishi va ularga munosib avlod bo‘lish har jihatdan o‘zimizga bog‘liq. Shunday ekan milliy qadriyatlarimizga sodiq bo‘laylik!
Mayna HASANOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri