URGANCH – ijtimoiy-siyosiy barqarorlik timsoli
Mamlakatimizning 14 farzandidan biri – Xorazm viloyati. Uning markazi Urganchni teng ikkiga bo‘lib, Amudaryodan suv simirib, Shovot kanali oqib o‘tadi. Shovot bo‘ylarining havosi rohatijon, safoli, musaffo. Xorazmliklar uning qirg‘oqlarini obod qilishga, kelinchakdek bezatishga hamisha intilib kelishgan. Mustaqillikning o‘tgan yigirma ikki yili mobaynida shaharning ko‘hna Shovot kanali bo‘ylarida yangidan bunyod etilgan salobatli bunyodkorlik ishlari milliylik va zamonaviylik aks etgan ulkan inshootlar, obod go‘shalar, ko‘priklar ko‘zni quvontiradi.
Jaloliddin Manguberdi xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik, qadimiy va jahondagi birinchi qo‘lyozma «Avesto» kitobining ramzi aks ettirilgan so‘lim maydon ana shu go‘zal maskanda bunyod qilingan.
Ayni kunda ham Urganchda hayratomuz go‘zalliklar mujassamlashmoqda. Bu yerda jonajon yurtimizdagi bunyodkorlik ishlarining go‘zal an’analari uyg‘unlashmoqda. Hamrohim Xorazm viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i Dilbarjon Bekjonova faxr va mamnuniyat bilan shunday dedi:
– Buyuk mutafakkir va shoir bobokalonimiz Alisher Navoiy go‘zal bunyodkorlik ishlarini, orzu o‘ylarini Farhod timsolida aks ettirgan. Mir Alisher Navoiy orzu qilgan shahar Urganch timsolida bunyod qilinmoqda, nazarimda. Shahar ichki yo‘llari va suv yo‘llari ravonlashtirilib, ulug‘vor koshonalar qurilib, namunali mahallalar bunyod etilmoqda.
Mamlakatimiz Prezidenti Konstitutsiyamizning 20 yilligi bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishdagi nutqida Urganch shahrini eng go‘zal maskanga aylantirish borasida taklif-mulohazalarini bildirgan edi. Chet ellik mehmonlar, sayyohlar avval markazni ko‘rib lol qolib, keyin Xivaga borishlari lozimligi to‘g‘risidagi fikrlari viloyatimiz ahlini cheksiz quvontirdi.
Mamlakatimiz rahbarining o‘tgan yil 9 oktyabr kuni viloyatimizdagi tashrifidan so‘ng, 2012 yil 25 oktyabrda «Xorazm viloyati sanoat salohiyatini oshirish, turizm sohasini rivojlantirish, aholi ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash hamda obodonlashtirish ishlarini tubdan o‘zgartirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish to‘g‘risida»gi farmoyishi qabul qilindi.
Shuningdek, «Urganch shahrining bosh rejasini amalga oshirish, obodonlashtirish ishlarini va Xorazm viloyati aholisini ichimlik suvi ta’minotini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezidentimiz qarori ham nur ustiga a’lo nur bo‘ldi. Ayni kunda ushbu qarorlar asosida ishchi guruh tuzildi, dasturlar ishlab chiqildi. Urganch ulkan qurilish maydoniga aylantirildi. Qiymati 1,6 trillion so‘mlik qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
UluFvor rejalar kelajakni belgilaydi
– 2013-2017 yillarda Urganch shahrining ijtimoiy bozor infratuzilmasini rivojlantirish va arxitektura qiyofasini o‘zgartirish bo‘yicha 127 ta chora-tadbirlarning bajarilishi belgilandi.
Ishchi guruhlar tomonidan viloyat iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini rivojlantirish yuzasidan kompleks dasturlar ishlab chiqish nihoyasiga yetkazilmoqda.
Prezidentimizning «2013-2015 yillarda Xorazm viloyati sanoat salohiyatini oshirish dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2013-2015 yillarda 253 ta loyiha doirasida viloyat iqtisodiyotiga 462 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilish hisobiga 8 ming 870 ta yangi ish o‘rinlari yaratish belgilangan.
Viloyatda olib borilayotgan keng ko‘lamdagi qurilish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish uchun 7 ta maxsus qurilish korxonalari tashkil qilinib, ular 162 ta mashina mexanizmlar va 1 ming 408 ta ishchi kuchi bilan ta’minlandi.
Ushbu tashkilotlar tomonidan 2013 yilning 1 may holatiga 10,2 milliard so‘mlik, ya’ni yillik rejaga nisbatan 11,3 foiz qurilish montaj ishlari bajarildi.
Bulardan tashqari tijorat banklari tomonidan kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida 120 million dollarlik 213 ta loyiha amalga oshirilishi va 2 ming 270 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirildi.
Dasturda belgilangan loyihalar amalga oshirilishi natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2015 yilda 2012 yilga nisbatan 2,1 barobarga, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,7 barobarga, qurilish materiallari 4,4 barobarga, mashinasozlik va kimyo sanoati sohasida 7,3 barobarga, nooziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish 2,6 barobarga va boshqa tarmoqlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1,3 barobarga o‘sishi ta’minlanadi.
Shovotning obod soHillari
Respublikadagi nufuzli loyihalashtirish institutlarining yetakchi olimlari, shahar aholisi vakillari va mutaxassislar ishtirokida Shovot kanalini betonlash, shaharda yer osti suvlari sathini tushirish hamda manzarali daraxtlar ekish ishlari o‘rganib chiqildi.
Yaqin kelajakda Shovot kanalining ikkala qirg‘og‘ida manzarali daraxtlar ekilib, yashil hudud tashkil etiladi, sayyohlar uchun 4 ta mehmonxona, zamonaviy ovqatlanish maskanlari, ko‘ngilochar va istirohat bog‘lari, sayyohlar va aholi dam olishi, qayiqlar to‘xtashi uchun kichik bandargohlar barpo etiladi, ushbu ishlarga 39,1 mlrd. so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Shaharning irrigatsiya tizimining modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarida 15,3 mlrd so‘m o‘zlashtiriladi.
Dasturga asosan shahar ichidan o‘tuvchi Shovot kanalini betonlash ishlari rejalashtirilgan. Kanal o‘ng va chap qirg‘oqlarida joriy yilda bajarishi belgilangan betonlash ishining birinchi va ikkinchi bosqichlari to‘liq yakunlanib, 12,3 ming metr kub beton ishlari bajarildi.
Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 11 apreldagi yig‘ilish bayoniga asosan Shovot kanalining 14,6 km uzunlikdagi qirg‘oq atrofini obodonlashtirish va unda dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda korxona-tashkilotlardan mas’ul mutaxassislar jalb etilib, har bir viloyatga o‘zining urf-odatlari va an’analariga mos darajada madaniy dam olish maskanlarini tashkil etishi bo‘yicha hududlar biriktirildi va tadbirkorlar tomonidan takliflar ishlab chiqildi.
Shu bilan birga Mamlakatimiz Prezidentining «Islom taraqqiyot banki ishtirokida Xorazm viloyatida «Toshsaqa» tizimi magistral sug‘orish kanallarini qayta tiklash loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2013-2016 yillarda umumiy qiymati 144,2 million dollar bo‘lgan, shundan Islom taraqqiyoti banki qarz mablag‘i hisobidan 90,3 million dollar, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ulushi hisobidan 53,8 million dollar miqdorida loyihalar amalga oshiriladi.
Natijada magistral kanallar ishlashi yaxshilanadi va ulardan foydalanish xarajatlari kamaytirilib, maxsus quvurlar orqali sug‘oriladigan maydonlar oqar suv ta’minotiga o‘tkaziladi.
Qaror asosida 2013 yilda Urganch shahrida 424 ta ob’yektlarda qo‘shimcha ishlar bilan birgalikda 344 milliard so‘mga teng bo‘lgan obodonlashtirish va qurilish ishlari amalga oshiriladi.
Bugungi kunda 152 ta ob’yektlarda qurilish-montaj ishlari boshlanib, 1 may holatiga 65,7 milliard so‘mlik ishlar bajarildi.
Dasturga asosan Urganch shahrida 48 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 2013 yilda 29 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlab yuborilgan.
Urganch shahridagi 35 ta mahallaning 10 tasini namunaviy mahallaga aylantirish bo‘yicha qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Shaharning ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash va arxitektura qiyofasini o‘zgartirish maqsadida «Sport shaharchasi» tashkil etiladi. Shaharchada 1 ta yopiq sport maneji, 2 ta yopiq sport zallari, 1ta yopiq suzish havzasi va 1 ta stadion, universal sport maneji barpo etiladi. Ushbu universal sport maneji yoniga Termiz va Navoiy shaharlarida qurilganidek mashg‘ulotlar uchun 3 ta sport zallari ham bunyod etiladi.
«Markaziy» o‘yingoh majmuasi rekonstruksiya qilinadi, o‘yingoh mehmonxonasi ta’mirlanib, negizida futbol maktabi tashkil etiladi.
Urganch shahrida 2013 yilda 54,5 milliard so‘m mablag‘ga teng bo‘lgan 28 ta ob’yektda 92,6 km uzunlikdagi shahar ichki yo‘llari ta’mirlanadi.
Bugungi kunda 24 ta ob’yektda loyihalash ishlari yakunlangan va qurilish ishlari boshlanib, 1 may holatiga 29,9 milliard so‘mlik mablag‘lar o‘zlashtirildi.
Shahar aholisini ichimlik suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha joriy yil uchun belgilangan 37,8 milliard so‘mlik 87 ta ob’yektdan 64 tasida loyiha ishlari yakunlangan.
Dasturga asosan shaharda gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 28 ta ob’yektda 12,5 milliard so‘mlik ishlar bajarilishi belgilangan.
Shaharda elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha joriy yilda 18,7 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 244 ta ob’yektda 72 ta transformator podstansiyalarni rekonstrutsiya qilish va yangilash, elektr tarmog‘ini tortish ishlarini bajarish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda 118 ta ob’yektda loyihalash ishlari yakunlangan. 77 ta ob’yektda qurilish ishlari boshlanib, 63 tasida yakuniga yetkazilgan. 1 may holatiga 5,1 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan.
MO‘’jaz orollardagi muHtashamlik
Bolaligim o‘tgan Urganch shahridagi ko‘lning mavjud ikki orolchasida «Yoshlar» dam olish maskani bunyod etilayotganini ko‘rib, ko‘nglim shodlikka to‘ldi. Orolchaning birida mamlakatimizning mo‘jizalari Samarqand, Buxoro, Xiva va Oqsaroy (Shahrisabz) qo‘hna obidalari manzaralari aks ettirilgan. Unga hamohang toshdan toshga urilib oqayotgan soyu sharsharalar, yam-yashil bog‘lar ko‘zni quvontiradi.
Ikkinchi orolchada esa afsonalar saltanati bunyod etilmoqda. Unda bolalar antik davr manzaralari, dengiz osti saltanati, cho‘lu tog‘lar tasviri, ularning timsoli bo‘lgan hayvonot va nabotot olami bilan tanishadilar.
So‘lim maskan – mo‘jizalar orolchasini bunyod qilayotgan qashqadaryolik «Keshruh» xususiy korxonasi rahbari Jahongir To‘rayev bilan suhbatlashdik:
– Biz bu yerga kelguncha Namanganda «Yoshlar» dam olish maskanini bunyod qilganmiz. Agar u yerni ko‘rgan bo‘lsangiz, mehnatimizga baho berasiz. Bu yerda ham ana shu me’moriy loyiha qaytadan qad rostlayapti. Maskanni bunyod qilishda yigirma nafar usta-ishchilar qatnashmoqda. Tog‘u tosh va qoyalar orasidan o‘tuvchi poyezd orqali bolalar, yoshlar, hatto, kattalar ham mamlakatimizning to‘rt xil manzarasi bilan tanishadi. Diyorimizning o‘tmishi (tosh davri manzaralari), viqorli tog‘lari, so‘lim bog‘lari, nabotot va hayvonot olami barchani birdek qiziqtiradi.
Bepoyon moviy osmon ostidagi mamlakatimizning qadimiy ko‘hna obidalari, bulutlarga qarab bo‘y cho‘zgan qo‘l bilan yaratilgan tog‘laru toshlar, ularga uyg‘un turfa gullar, so‘lim maskan – go‘zal orolchalar tasodif emas, albatta. Ulug‘vor bunyodkorlikdan bir lavha, xolos. Kelajakda Urganch o‘ziga xos arxitekturasi va go‘zalligi bilan sayyohlarni lol qoldirishidan darak beradi.
Rejalar, loyihalar, ulug‘vor qurilish maydonlari bilan tanishar ekanmiz, shunday xulosaga keldik: Ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka erishgan mamlakatdagina iqtisodiyot baravj rivojlanadi, yurt obodligi, xalq farovonligi yo‘lidagi sa’y-harakatlar ko‘zlangan natijalarni beradi.
Ra’no ZARIPOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist