Begona nazar
Bexos jiringlagan telefon qo‘ng‘irog‘idan endigina ko‘zi ilingan Nozima cho‘chib uyg‘ondi. Bu vaqtda soat millari tunggi birdan oshgan edi. U erinibgina go‘shakni ko‘tardi. Ovozidan sarxushligi bilinib turgan turmush o‘rtog‘i uyga qaytayotgani va u yolg‘iz emasligini ta’kidlab, tezda mehmonxonaga joy tayyorlab qo‘yishni ayoliga buyurdi.
U tezda taraddud ko‘rdi. Birozdan so‘ng esa xo‘jayni uch og‘aynisi bilan shirakayf holatda uyga kirib keldi. Ularning yeb-ichishidan xabar olgan ayol qo‘shni xonaga kirib, “pishillab” uxlab yotgan qizalog‘i yoniga cho‘zildi. Birozdan so‘ng esa xonaga turmush o‘rtog‘i kirib, Nozimaning “hay-hay”lashiga ham qaramay, qizchasini uyg‘otib mehmonlar yoniga olib chiqdi. Dam o‘tmasdan esa yosh xotinini ham og‘aynilari o‘tirgan xonaga chaqirib oldi. Ancha tanish bo‘lib qolgan mehmonlar bilan kelinchak eshik yonida turib salomlashdi. Ular ham “g‘o‘ldirab-g‘o‘ldirab” uy bekasi bilan hol-ahvol so‘rashdi. Nozima unga bejo qadalayotgan nomahram ko‘zlardan juda xijolat tortdi. Uning ustiga begona amakilar tomonidan qo‘lma-qo‘l bo‘layotgan qizalog‘ini ko‘rib, dili xira bo‘ldi. Xonadan chiqayotgan edi hamki, turmush o‘rtog‘i uning qo‘lidan bir tortdi-da, yoniga o‘tqazdi. So‘ng bo‘lar-bo‘lmas gaplar bilan uni shirakayf do‘stlariga ta’riflay ketdi. Xijolat tortgan juvon esa bu noxush vaziyatdan qanday chiqib ketishni bilmas, qizini ham bu mast-alast davradan tezroq olib ketishni o‘ylardi. So‘ngra choy damlash bahonasida qizchasi bilan xonani tark etdi. Ayol qizchasini xonaga qulflab, o‘zi esa choyni yangiladi. Biroq, mehmonxonaga kirishga shoshilmadi. Chunki hayallagan xotinining izidan xo‘jayini chiqib kelishini u yaxshi bilardi. Shunday ham bo‘ldi. Garchi, ichkilik ta’siridagi eriga gaplari befoydalagini bilsa-da, unga yaxshi gapirib, vaziyatni tushuntirdi. Turmush o‘rtog‘i yana bir nimalarni “g‘o‘ldirab”, choynakni ko‘targancha mehmonxonaga kirib ketdi. Nozima ham paytdan foydalanib, qizalog‘i yoniga kirib ichkaridan xonani qulflab oldi. Qo‘shni xonadan erkaklarning beparda gaplari-yu, xandon otib kulishlarini tinglar ekan, aroqni kashf etganga la’nat aytdi. Begona nazarlardan ayolini asrash o‘rniga, o‘rtoqlariga ko‘rinish berishga majburlagan eridan ham nafratlandi. Ko‘ziga yosh oldi. “Oldinlari begona ayol va erkaklar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda masofa saqlanar edi”, deya o‘yladi u. Hozir esa davralarda begona erkaklar bilan og‘iz-burun o‘pishib, qadah urishtirayotgan ojizalarni ko‘p uchratish mumkin.
Nozima shularni o‘ylar ekan, turmush o‘rtog‘ining og‘aynilari shovqin solib mehmonxonadan chiqishdi. “Xayriyat”, deya erkin nafas oldi ayol.
Nozima tez-tez mehmonxonadagi dasturxonni yig‘ishtirib, uxlashga chog‘landi. Chunki uning ichi simillab og‘riyotgan edi. Biroq, shu payt eshik ochilib, qarshisida shirakayf eri paydo bo‘ldi… Undan o‘zini nari qilishga yukli ayolning kuchi yetmadi…
Ertasi kuni esa u kuchli dard bilan tug‘ruqxonaga yo‘l oldi. Nozima tug‘ruq jarayonida hushini yo‘qotdi. Malakali shifokorlar ko‘magida uning hayoti saqlab qolingan bo‘lsada, ammo oy-kuni yaqinlashganda homilasi nobud bo‘lgan edi…
Mayna HASANOVA