Parhezbop qo‘ziqorin – taomnoma ko‘rki
ammo, uning zaharlisi hayot kushandasi
Yurtimizga bahor kelishi bilan darmondorilarga boy bo‘lgan turli-tuman mahsulotlarga inson organizmi kuchli ehtiyoj sezadi. Bunday mahsulotlar sirasiga qo‘ziqorinlar ham kiradi.
Qo‘ziqorinlar organizm uchun eng kerakli parhezbop mahsulot hisoblanadi. Ulardan turli xil salatlar va taomlar tayyorlab iste’mol qilish mumkin. Jozibali qalpoqchali ushbu mahsulot uglevod va oqsilga boy hisoblanadi. Parhezli taomnomada qo‘ziqorin keng qo‘llaniladi. U o‘ta to‘yimli mahsulot hisoblanadi. Qo‘ziqorinda vujud uchun muhim bo‘lgan aminokislotalar, mikroelementlar va A, D, Ye, RR vitaminlari mavjud. Bundan tashqari ular kalsiy, yod, rux va fosforga boy. Yurak-qon tomir kasalliklari va virusli infeksiyalarda qo‘ziqorin tanovul etilsa moddalar almashinuvini yaxshilaydi va aqliy faollikni oshiradi.
Immun tizimini mustahkamlashda va saratonga qarshi kasalliklarda ushbu mahsulot ijobiy ta’sir etadi. Qo‘ziqorinlar qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi.
U shuningdek, qand kasali bilan og‘rigan kishilarga o‘ta foydali hisoblanadi. Chunki unda yog‘ juda oz bo‘lib, xolesterin yo‘q. Biroq, u oqsil, vitamin, mineral, suv va kletchatka (dag‘al tola)ga boydir. Yana ular tarkibida tabiiy insulin va fermentlar ko‘p va kraxmalli taomni parchalashga yordam beradi. Yurak-qon tomir kasalliklari, ateroskleroz, ortiqcha vazn, qon bosimining oshishida ham qo‘ziqorinning foydali ekanligi tan olingan.
Homilador va emizikli go‘dagi bor ayollar, yosh bolalar, shuningdek, me’da – ichak tizimida xastaligi mavjud bemorlarga qo‘ziqorinli taom iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Chunki bu mahsulot tez hazm bo‘lmaydi. Shu sababli sog‘lom odamlarning ham tez-tez qo‘ziqorin tanovul etishi maqsadga muvofiq emas. Aks holda ushbu mahsulot me’da-ichak tizimiga salbiy ta’sir etib, shu sohada yara kasalligini keltirib chiqarishi mumkin.
Diyetologlar haftada ikki marta qo‘ziqorin iste’mol qilishni tavsiya etishadi.
Qo‘ziqorinlarni har qanday sabzavotlar (bodring, karam, pomidor) bilan iste’mol qilib bo‘lmaydi. Uni pishgan mahsulotlar bilan iste’mol qilsa bo‘ladi. Faqat unutmang, qo‘ziqorinlarning iste’molga yaroqlilaridan foydalanish mumkin. Ularning 100 dan ortiq xillari mavjud. Mamlakatimizda ularning asosan veshenka, shampinon kabi turi va oq qo‘ziqorinlarni iste’mol qilsa bo‘ladi. Salatlar, taomlar tayyorlashda qo‘ziqorinlardan keng foydalinadi. Taomlarga ishlatganda ham ularni tozalab yuvib, gigiyena qoidalariga rioya qilish zarur.
Aksariyat qo‘ziqorinlar juda zaharli bo‘lib, u kishini o‘limga olib kelishi mumkin. Bu qo‘ziqorinlar o‘zining iste’molga yaroqli turdoshlariga juda o‘xshab ketadi. Qo‘ziqorindan zaharlanish mavsumiy bo‘lib, asosan yilning bahor va kuz fasllarida kuzatiladi. Ekologik jihatdan nobop hududlarda, sanoat va ishlab chiqarish xududlari, chiqindixonalar, qabristonlar, katta yo‘l chetlari atrofida o‘sadigan qo‘ziqorinlarni terib olmang va notanish kimsalardan ularni sotib olmang. Faqatgtna sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan va DSNEM shifokorlari tomonidan sotishga ruxsatnomasi bo‘lgan sotuvchilardan ularni sotib olib, iste’mol qilish mumkin. Aks holda bilmasdan zaharli qo‘ziqorinlarni sotib olib o‘zingiz va oila a’zolaringiz hayotini xavf ostiga qo‘yishingiz mumkin.
Dilfuza AZIMOVA