Stomatologiya sohasi rivojlanmoqda
Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar ko‘lami yanada quloch yoydi. Tibbiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish, xalqimizning tibbiy savodxonligini oshirish bo‘yicha joylarda samarali ishlar olib borilmoqda.
Tibbiy ta’lim sifatini yanada oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimini yuqori bosqichga ko‘tarish uchun tizimli ishlar boshlab yuborildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan Toshkent davlat stomatologiya instituti va xorijning 22 ta oliy ta’lim muassasasi, stomatologik uskunalar, materiallar va anjomlar ishlab chiqaruvchi xorijiy va mahalliy korxonalari orasida shartnomalar va memorandumlar imzolandi. Kelishuv doirasida TDSI talabalari va professor o‘qituvchilari 2018 yil boshidan buyon Malayziya, Koreya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarda malaka oshirish imkoniga ega bo‘ldi. Assistent Dono Qahhorova Niderlandiyaning AKTA universitetiga 4 yillik doktoranurada ta’lim olish uchun yuborildi.
Yuqorida amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida poytaxtimizning “O‘zbekiston” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan “Stomatologik kasalliklar profilaktikasi” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Mazkur ilmiy-amaliy anjumanda Amerika, Rossiya, Qozog‘iston va respublikamiz stomatolog olimlari, ilmiy tadqiqotchilari, yosh izlanuvchi kadrlari, shifokor stomatologlari ishtirok etdi.
Tadbir stomatologiya sohasidagi barcha kasalliklarga erta tashxis qo‘yish, ularning barvaqt oldini olish muammolariga qaratilib, Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarni hal qilish va soha rivojini yangi bosqichga olib chiqish bilan bog‘liq boshqa dolzarb masalalarni hal etishda muhim rol o‘ynaydi.
Shohinur MIRZAYEV