O‘qigan qiz “shahar” olib beradi
Mana, kollejdagi so‘nggi o‘quv yilimiz ham nihoyalab bormoqda. O‘quvchilarning ko‘pchiligi talaba bo‘lish istagida erta-yu kech tinim bilmaydi. Ayniqsa, ilmga chanqoq o‘quvchilar orasida qizlarning ko‘pligi quvonarli hol.
Hali imtihonlarga ancha vaqt bo‘lishiga qaramasdan guruhdoshlarim davrasida qaysi oliy o‘quv yurtiga kirish haqida ko‘p bahslashamiz. O‘tgan haftada ham dugonalarim bilan shu mavzuda uzoq tortishdik, ammo bu safar bahsimizga guruhimizdagi Dilrabo o‘zining hayratomuz fikrlari bilan yakun yasab berdi: “O‘qigan qiz shahar olib berarmidi?!”
Guruhdoshimning gaplari uzoq vaqt quloqlarim ostida jaranglab turdi. Ularning fikricha qiz farzand institut yoki universitetda talaba bo‘lish uchun emas, balki hayot maktabiga tayyorgarlik ko‘rishining tarafdori ekan. Uzoqqa bormaylik, bugun yurtdoshlarimiz faxrlanib yodga oladigan, dunyo ahli she’rlarini sevib o‘qiydigan Zulfiya Isroilovaning ota-onasi “O‘qigan qiz shahar olib beradimi?” qabilida ish tutganida bugun nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun dunyoda shoira nomini hech kim bilmasdi.
Qolaversa, bugun ko‘plab o‘zbek qizlari dunyo miqyosida o‘tkazilayotgan nufuzli sport musobaqalarida ona Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, shoda-shoda medallar bilan yurtimizga qaytib kelmoqda.
O‘zbek xalqi shubhasiz, baxtli ellardan biri. Chunki uning nomini dunyolarga tanitgan alpkelbat, ilmga chanqoq yigitlaridan tashqari, olima ayollari, zukko qizlari ham bor. Ammo shuni unutmasligimiz kerakki, hozirda ota-onasining qarshiligi bilan ayrim yosh qizlar oliy o‘quv yurtlarida tahsil ololmay, orzulari sarobga aylanmoqda. Oila qurish har bir qiz bola uchun baxt, ammo har narsaning o‘z vaqtida bo‘lgani yaxshi. Shunday emasmi?
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda yosh avlodning chuqur bilim olishi, o‘z iste’dodini to‘la namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratilib, bu masala davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mamlakatimiz chindan ham jannatmakon o‘lkaki, unda yaxshi niyatni qalbiga jo etgan inson orzulari ro‘yobini ko‘radi. Bu o‘lkaning farzandlariga hamma havas bilan boqishi tayin. Barchamiz hayajon bilan guvohi bo‘lganimizdek, kitob o‘qigan qiz “Spark” oldi! Bu ham bo‘lsa, yoshlarga qaratilgan e’tiborning yuksak namunasidir.
O‘zbekiston – imkoniyatlar bo‘stoni. Shunday ekan aziz tengdoshim, imkoniyatingizni qo‘ldan boy bermang!
Mardona ZOKIROVA,
Angren axborot texnologiyalari va sanoat kasb-hunar kolleji 3-bosqich o‘quvchisi