Milliy xalq o‘yinlari yosh avlod kamolotida muhim vosita

Navro‘z bayramining o‘ziga xos jihatlaridan biri bu – milliy o‘yinlarga keng o‘rin berilganidir.

Qadimdan butun Sharq, shu jumladan, Markaziy Osiyo xalqlari orasida keng tarqalgan kurash, ot o‘yini, yog‘och o‘yini, ko‘pkari, poyga, uzoqqa tosh otish, chillak zuvillatar, oshiq soqqa, bekinmachoq, quloq cho‘zma, bo‘ri-bo‘ri, do‘ppi otish, lanka, hakkalama-dukkalama, sochpopuk, arqon tortish, loy-loy, parsildoq, oq terakmi, ko‘k terak, ko‘chat ekdi, eshak mindi kabi xalq o‘yinlarining har biri axloq-odob, jismoniy chiniqish, kamolot bobida ibratli vositalardandir. Qishning ayozli, qor-yomg‘irli kunlaridan so‘ng havoning isishi, ko‘m-ko‘k maysazorlar bolalarning erkin o‘yinlar, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun ayni palla hisoblanadi.

Birinchidan, mazkur o‘yinlar ochiq havoda, keng maydonda o‘tkazilgan. Ikkinchidan, bu kabi o‘yinlarda chaqqonlik, epchillik, tezkorlik, zukkolik, bardoshlilik, kuchlilikka har qachongidan-da katta e’tibor qaratilgan. Uchinchidan esa xalq o‘yinlarida hayvonot dunyosi, o‘simliklar olami hamda tabiat saxovatiga alohida ahamiyat qaratilgan.

O‘yinlarni tashkil etish joy bilan bog‘liq. Masalan, ularning ko‘pchiligini shahar muhitida o‘ynab bo‘lmaydi. Shu bois, har bir hudud o‘z imkoniyati, turmush tarzi, shart-sharoitlaridan kelib chiqib, bolalar o‘yinlarini tashkil qilishda tashabbuskorlik ko‘rsatishlari kerak. Aytaylik, qishloqda Navro‘z tantanalari boshlandi. Sumalak uchun taraddud ko‘rilmoqda. Joy tanlab, o‘choq qazish-u o‘tin yorishdan boshlab, Navro‘z tantanalari yakunlanguncha bolalar o‘yinlari, jismoniy qobiliyat mashqlari va aqliy bahslar ajoyib bir ko‘tarinki, bayramona ruhda davom etadi.

O‘choq qazish, o‘tin tayyorlash shartlari bilan yoshlarning epchilligi, kuch-quvvati, zarb mahorati sinovdan o‘tkaziladi. Yoki qozon atrofida bo‘sh turgan bolaga “Eshmat, Toshmat bilan bir kurashga tush-chi”, deya ularning polvonligi sinaladi. Quloqcho‘zma uchun tanga tashlanadi. Shu tarzda kurash-kurashga, bellashuv-bellashuvga, o‘yin-kulgi xursandchilikka ulanib ketadi. Qiyqiriqlar, hayajonlar, olqishlar…

Har bir o‘yin yoki jismoniy bahsda, albatta, inson kamoloti, sog‘lom o‘sishi uchun tinimsiz mashq qilish lozimligi uqtiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, to‘y-tantanalar, bayramlarda asrlar davomida o‘tkazib kelinayotgan xalq o‘yinlari qadriyatlarimizning ajralmas qismi sifatida milliy an’analarimizga o‘ziga xos jilo, rang-baranglik baxsh etadi.

 

Abdiolim ERGASHEV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi

Yana o‘qing:  O‘zbekiston – baxtiyor odamlar mamlakati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: