BOL HAM ME’YORIDA TOTLI

his-tuyg‘ular haqida ham shunday deyish o‘rinlidir

(boshi)

Inson hayotining mazmun-mohiyatini bir biriga qarama-qarshi turli hissiyotlar tashkil qiladi. Inson tabiatida xilma xil hissiyotlar mavjud ekan, demakki, ularning o‘ziga yarasha o‘rni va vazifasi bor. Hissiyotlarimiz ichki a’zo va biologik tizimlar bilan uzviy aloqadorlikda bo‘ladi. Ular hayotimizga mazmun baxsh etishi barobarida, ayrim vaqtlarda o‘ziga xos kompensatorlik vazifasini ham bajaradilar. Bir so‘z bilan aytganda, tabiatning yaxshi yoki yomon mavsumi bo‘lmagani kabi hissiyotlarimizning ham yaxshi yoki yomoni yo‘q. Masala me’yorni saqlay bilishda. Muhtaram mushtariylar, quyidagi maqolamizda biz insonlarning hayotidagi asosiy his-tuyg‘ularning vazifasi va sog‘liqqa ziyon yetkazmaydigan me’yori haqida fikr yuritmoqchimiz.

G‘amginlik

Psixo-emotsional jihatdan olib qaralsa, g‘amginlikning vazifasi ayrim vaqtlarda inson hayotida uchraydigan noxush vaziyat, turli stress holatlarining oqibatlarini nisbatan yumshatishdan iborat. Odatda bunday vaziyatlarda organizm nisbatan kuchsizlanib qolgan bo‘ladi. Shunday qilib, inson g‘am-anduhga cho‘kkanida uning faolligi ancha pasayib qoladi. Kayfiyatsiz odam boshqa odamlar bilan muloqotga kirishishdan o‘zini tiyadi, imkoni boricha yolg‘izlikda qolishni istaydi. Ma’lum vaqt o‘tgach inson psixikasi yuz bergan holatga moslashib oladi va ko‘tarinki kayfiyat qaytadan tiklanadi.

Bordiyu, inson hayotida yuz bergan noxush voqealarga nisbatan adekvat, ya’ni vaziyatga mos keladigan darajada mutanosib tarzda javob reaksiyasini bildirishga layoqatli bo‘lsa, u holda juda kuchli g‘amginlik ham ruhiy holat uchun xavf tug‘dirmaydi. Ta’kidlab o‘tishimiz joizki, bunday holatlarda odam o‘z-o‘zidan yaxshi kayfiyatli psixo-emotsional holatga qayta olmaydi. Bu vaziyatda insonning faolligi tobora so‘nib boraveradi. O‘z navbatida bu hol uning tushkunlik kayfiyatini yanada kuchaytirib yuboradi. Shunday holatga tushgan odam iloji boricha o‘z g‘am-tashvishlari bilan yolg‘izlikda qolmasligi lozim. Ichki holatini biron bir yaqin odami yoxud mutaxassis bilan muhokama qilib dardini yengillashtirib olishga intilishi kerak.

G‘am-anduh qanchalik kuchli bo‘lsa, odam shunchalik behafsala, bedarmon bo‘laveradi. Kuchli g‘am-anduh oshib hasratga aylanishi mumkin. Bunday vaziyatlarda odamning diqqat-e’tibori, susayadi, xotirasi keskin pasayadi, miyasida turli noxush o‘y-fikrlar g‘ujg‘on o‘ynaydi, depressiya holati rivojlanadi, ularga qo‘shimcha ravishda turli xil fiziologik buzilishlar kuzatiladi.

Vaziyatni o‘nglash uchun nima qilish kerak?

Insoniyat shu vaqtgacha boshiga kulfat tushganda jiddiy yordam berishi mumkin bo‘lgan birgina vositani o‘ylab topgan – yig‘lamoq. O‘zingizni xo‘rlangan, nohaq kamsitilgan, yolg‘iz qolgandek his etsangiz to‘yib-to‘yib yig‘lab oling. Ko‘z yoshlari bilan birga organizmdan stress gormonlari chiqib ketadi.

Yana o‘qing:  Barkamol avlod kamoli ota-onaning ruhiy va jismoniy sog‘lig‘iga bog‘liq

G‘azab (nafrat)

Tabiat jonzotlarga bu his-tuyg‘uni o‘zini himoyalashi uchun zarur bir vosita sifatida in’om etgan. Hayotimizda turli voqealarga, turli kishilarga duch kelamiz. Ba’zida tashqi omillar bizni himoyalanishga undasa, ba’zan biron bir kimsa bizni shunga majbur qiladi. G‘ashimizga tegayotgan kimsa yoki narsani uchratganimizda bexosdan ichimizdan g‘ijinib ketamiz. Butun vujudimiz holat yoki vaziyatdan tezroq chiqib ketishga intilamiz. Bordiyu tinch yo‘l bilan ziddiyatni hal etish imkoni bo‘lmasa, u holda kurashga shaylanamiz. Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimizki, sivilizatsiya qanchalik taraqqiy etib madaniyatlilikning ahamiyati qanchalik yuksalmasin, tabiat jonli organizmlarga g‘azab kabi hissiyotni o‘zligini saqlashi uchun ato etganini zinhor unutib bo‘lmaydi.

Jahl kelganida aql ketadi, degan naql bor xalqimizda. Bu bejizga aytilmagan. Qahr (g‘azab) qo‘zg‘olganida inson o‘zini o‘zi boshqarolmay qoladi. G‘azab hissi butun borlig‘imizni chulg‘ab olsa va nisbatan uzoqroq vaqt davomida bizning aql-hushimizni boshqaradigan bo‘lsa, odatda bosh va bel sohasida og‘riq seziladi, uyqu qochadi, fikrlash qobiliyati susayadi, diqqat-e’tibor tarqalib ketadi.

G‘azab (nafrat) o‘ti nihoyatda kuchayib ketganida qo‘l-oyoqlarmizni titroq tutadi, ko‘zlarimiz oldi qorong‘ilashadi, qalbimizda atrofimizdagi narsa va kimsalarni yanchib tashlash ishtiyoqi uyg‘onadi. Bunday emotsional holatdagi odam vaqtincha es-hushini yo‘qotishi mumkin. Shu sababdan ham u juda xavfli bo‘lib qoladi.

Vaziyatni o‘nglash uchun nima qilish kerak?

Albatta qalbimizni chulg‘ab olayotgan g‘azab (nafrat) hissiga erk berish zarur, ammo buni imkon qadar atrofdagilar uchun zarar keltirmaydigan darajada ifoda etish kerak. Bunday vaqtlarda qalbingizni chulg‘ab olayotgan hissiyotni tashqariga chiqarib yuborish uchun biron bir jismoniy harakat qiling. Masalan, bokschilar uchun moslamani do‘pposlang, agarda bunday buyum topilmasa, oddiy yostiqni olib savalang. Qog‘ozni olib yirtib-yirtib xumoringizdan chiqing. G‘azab o‘ti birmuncha pasaygach, fikringizni chalg‘itishga harakat qiling.

Sevinch

Manchester universitetining psixolog olimlari aniqlashicha, inson qalbini sevinch hissi chulg‘ab olgan paytlarda odamlar o‘ziga-o‘zi ancha baland baho berishar ekan. Hushchaqchaq odam odamlar bilan tez kirishib ketadi, o‘zini nisbatan tetikroq his qiladi. Sevinch hissi odamning tashqi qiyofasiga ham ijobiy ta’sir qiladi: yuz terisidagi ajinlar yo‘qoladi, odamning nigohlari tiyrak, tetik va ifodali bo‘ladi. Xushkayfiyatli odamlar boshqalarga qaraganda o‘zini baxtiyorroq his etadi.

Yana o‘qing:  MUVAFFAQIYATLARIMGA QANOTSAN VATAN!

Xushkayfiyatli odamlar odatda juda kirishimli, mehnatda ham faol bo‘lishadi. Bunday holatda odamlar ba’zan aql bovar qilmaydigan xatti-harakatlar qilishga qodir. Qalbingizdagi sevinch hisi ichingizga sig‘may ketayaptimi? Bunday paytda hayot faqatgina sevinch va baxtiyorlik tuyg‘ularidangina iborat emasligini, unda inson dilini xufton qilishi mumkin bo‘ladigan noxush holatlar ham uchrab turishini yodga oling. Oddiygina qilib aytganda, biroz hovuringizdan tushing. Hamma narsada me’yor saqlanishi lozim, degan qoidaga amal qiling.

Sevinch hissi haddan ortiq darajadami? Baxtiyorlik, shodonlik va xurramlik kayfiyati zo‘rligidan osmonlarga uchib ketgingiz kelayaptimi? Unutmang, xalqimizda ko‘p kulgan so‘ngra xo‘p yig‘laydi, deb bejizga aytishmagan. Har qanday narsaning me’yoridan ortig‘i oqibatda shikast yetkazishi mumkin.

Vaziyatni o‘nglash uchun nima qilish kerak?

Haddan ortiq darajada sevinch hissini tuymoqdamisiz? Vaziyatni me’yoriga keltirish uchun imkon qadar tezroq o‘z sevinchingizni ishonchli odamlar bilan o‘rtoqlashib biroz hovuringizni pasaytiring. So‘ngra kaimda 20 daqiqa davomida tez va jadal harakatlaning.

Uyat

Aytib o‘tganimizdek, har bir his-tuyg‘uning o‘ziga yarasha funksional vazifasi bor. Odatda uyat (uyalish) hissi uyg‘onganida bir vaqtning o‘zida odam qandaydir bir ayb ish qilganini his etadi. Bunday vaziyatda pushaymonlik hissi uyg‘onadi. Odam vijdonan qiynaladi, nogohoniy qilib qo‘ygan ayb ishini o‘nglashga, hech bo‘lmaganida uning noxush oqibatlarini bartaraf etishga intiladi. Psixologlarning ta’kidlashicha, biron bir ayb ish qilish oqibatida his etiladigan uyat bo‘lmasa edi odamlar hech qachon ezgu ishlarga qo‘l urmasdilar.

Ayb ish tufayli uyg‘ongan uyat hissi qalbimizni chulg‘ab olganida, odam pozitiv tarzda fikrlay olmaydi. Uning nazarida qilingan ishning oqibatlarini bartaraf etishning iloji yo‘qdek. Bunday vaziyatda bir narsani unutmangki, o‘zaro munosabatlar qilingan noto‘g‘ri ishlar tufayli buzilib ketmaydi. Voqealarning bunday tus olishida sizning aybingiz bor albatta, ammo vaziyatni hamma vaqt o‘nglash mumkin. Qalbingiz va ongingizni zaharlab yotgan o‘y-fikrlardan tezroq qutilishga harakat qiling. Buning uchun qilingan ayb ishingizdan pushaymon ekanligingizni oshkora ma’lum qilib uzr so‘rang.

Uyat hissi nihoyatda kuchli bo‘lsa aybdor odam o‘zining ich-etini yeb yuradi. Aksariyat hollarda bunday odamlar o‘zlarini o‘zlari jazolashga, o‘ziga azob yetkazib gunohini yuvishga harakat qilishadi. Qalbini uyat xissi kemirib yurgan odamlar mutlaqo ongsiz ravishda o‘z boshiga turli xil balolarni chaqirib oladi.

Yana o‘qing:  Vatanparvarlik – oliy fazilat

Vaziyatni o‘nglash uchun nima qilish kerak?

Eng avvalo, chindan ham ayb ish qilganingizni e’tirof etib vijdon azobidan qutuling. Vaziyatga emotsional nuqtai nazardan emas balki aql-hush pozitsiyasidan turib baho bering. Bir eslab ko‘ringchi, boshqa odamlar sizga nisbatan necha marotaba shunday uyatli ishlarni qilishgan ekan. Eslay olmadingizmi? Barakalla. Odam zoti shundayki, u hamisha o‘zi qilgan amallarinigina xotirlay oladi. Bu bilan demoqchimizki, qachonlardir siz ayb ish qilib dilini ranjitgan odamingiz allaqochon bu noxush hodisani unutib, sizni kechirib yuborgan. O‘zingizni ayblashni bas qiling.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: