Do‘stlik, birdamlik va tinchlik ayyomi

Yangilanish, yasharish fasli boshlandi. Yurtimizda Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlanmoqda. Milliy taomlarimizdan sumalak, halim, ko‘ksomsa, ko‘kchuchvara kabilar bayram dasturxonining ko‘rkiga aylanadi.

Ushbu ayyomni Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari ham ko‘tarinki ruhda qarshi oladi. Bu kunda qozoq, tojik, qirg‘iz va turkmanlar ham xuddi o‘zbeklar kabi bahoriy taomlar-u, turli milliy o‘yinlarga alohida urg‘u beradi. Quyida qardosh millat vakillarining Navro‘z bayrami va u bilan bog‘liq urf-odatlar, an’analar haqidagi qimmatli ma’lumotlari bilan tanishasiz.

 

Maral JUMAGELDI,

Qozog‘iston Respublikasi Turkiston xalqaro qozoq va turk universiteti jurnalistika fakulteti talabasi:

– Ko‘klamning o‘ziga xos bayramini qozoq xalqi ham keng miqyosda nishonlaydi. Sharq taqvimi bo‘yicha Navro‘z – yangi yilning boshlanishi. Qozoqlar uchun ushbu bayram muhabbat, do‘stlik, ezgulik timsoli sanaladi. Qadimdan insonlar Navro‘zni uylari atrofini saranjom-sarishta qilib, gullar, daraxtlar ekib kutib olgan. Ular ozoda xonadondan yil davomida kasallik, baxtsizlik uzoq bo‘ladi, deb hisoblashgan.

Bayramda qozoqlar “Nauri’z-teri” deb nomlangan mazali taom tayyorlaydi. U yetti xil mahsulotdan tayyorlanadi: suv, go‘sht, tuz, yog‘, un, don (guruch, jo‘xori yoki bug‘doy) va sut. Bu mahsulotlar quvonch, omad, donolik, sog‘lik, farovonlik, tezlik, o‘sish hamda ilohiy himoya sanaladi.

Qozoqlar ayyomni nishonlashda “7” raqamiga alohida e’tibor qaratishadi. Har bir qozoq Navro‘zda 7 uyni ziyorat qiladi va 7 mehonni kutib oladi. Bayramda turli xalq o‘yinlari, milliy kuy va raqslar ijro etiladi. Yoshlar – alti’bakan (arg‘imchoq) uchadi. Bayram 21 martdan boshlab, 3 kun nishonlanadi.

Navro‘z – do‘stlik va tinchlik ayyomi. Shu munosabat bilan barchaga sog‘lik, baxt va omad tilayman!

 

Xosiyat BOLTAYEVA,

xususiy tadbirkor:

– Tojikiston diyorida Navro‘z ayyomi o‘zgacha shukuh bilan kutib olinadi. Bayram Hut burjining 21 mart sanasida, ya’ni kun va tun teng bo‘lgan kunda nishonlanadi. Yangi yilning boshlanishida bobodehqon yerga ilk urug‘ini qadaydi. Odamlar bayram oldidan uylarini tozalaydi, singan narsalarni tashlab yuboradi. Agar kimnidir xafa qilgan bo‘lsa, bir-birlaridan uzr so‘raydi, ko‘ngillarni ginadan poklaydi.

Navro‘zning ko‘rki sumalakdir. Ushbu taom tojikchada “oshi ko‘cha” deb ham ataladi. Bu nomning berilishiga sabab, oshi ko‘cha uydan tashqarida, ya’ni mahallada yaqinlar bilan birgalikda tayyorlanadi. Milliy kuy-qo‘shiqlar ijro etiladi, hamma raqs tushib, shodlanadi. Ayollar mazali taomlar, pishiriqlar, shirinliklar tayyorlab, qo‘shnilarga ulashadi. Bemor insonlar xolidan xabar olinadi. O‘ziga to‘q oilalar nochor insonlarga hadyalar ulashadi. Maydonlarda polvonlar kurash tushib, milliy sport musobaqalari uyushtiriladi.

Yana o‘qing:  Kelajak – bog‘chadan boshlanadi

O‘zbek va tojik ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalqdir. Odamlarimiz azal-azaldan bir-birlari bilan do‘st-u qadrdon bo‘lib kelgan. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning yurtimizga tashrifi ushbu rishtalarni yanada mustahkamladi.

Tilagim, do‘stiligimiz abadiy bo‘lsin!

 

Nafisa DURBAYEVA,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi:

– Turkman xalqi uchun Navro‘z bayrami yangi yilning kirib kelishi hisoblanadi. Shu sabab, ushbu ayyom biz uchun juda katta ahamiyatga ega.

Mening yurtimda ham Navro‘z xuddi O‘zbekistondagi kabi keng miqyosda nishonlanadi. Bayram mamlakatning har bir go‘shasida o‘ziga xos tarzda o‘tkaziladi. Shu kunlari odamlar bir-biriga ezgu tilaklar bildiradi, milliy kuy-qo‘shiq va raqslar ijro etiladi, kurash, oshiq, ot choptirish kabi xalq o‘yinlari o‘ynaladi.

Navro‘zda har bir turkman oilasi o‘z dasturxonini milliy taomlar bilan bezaydi. Turkman choreg (non)i mehmondo‘st xalqimiz dasturxonining ko‘rki desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Bundan tashqari ayyom munosabati bilan sumalak, palov, dograma, pishme chelpek, shile tayyorlanadi.

Hozir O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olaman. Mana uch yildirki, Navro‘zni go‘zal yurtingizda, mehmondo‘st o‘zbek xalqi bilan birga nishonlayman. O‘tgan vaqt davomida shu narsaga amin bo‘ldimki, o‘zbeklarning urf-odatlari turkmanlarniki bilan juda-juda o‘xshash ekan. Buni esa ikki yurtning qadimdan o‘zaro do‘stona aloqalarga ega ekanligi, qardosh xalq bo‘lganligi bilan izohlash mumkin.

Fursatdan foydalanib, turman va o‘zbek xalqini Navro‘z bayrami bilan muborakbod etaman!

 

Xurshida HUSENOVA yozib oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: