“Yil boshi” marosimi quvonchlari

Shahardan qishloqqa kelin bo‘lib tushgan yosh juvonni qaynonasi Navro‘z ayyomining ertasi kuni o‘tkaziladigan “Yil boshi” marosimiga olib chiqdi.

Ko‘m-ko‘k o‘tloqqa gilamlar to‘shalgan, ustiga chiroyli ko‘rpachalar tashlangan. Xotin-xalaj o‘zlari pishirgan ko‘klam ne’matlarini dasturxon ustiga keltirib qo‘yadi. Erkaklar esa o‘choq boshida osh pishirish bilan andarmon. Bolalar esa o‘zlarining sevimli mashg‘ulotlari, o‘yin-kulgisi bilan butun olamga quvonch ulashayotgandek, go‘yo. Ushbu go‘zal manzarani yopinchiq ortidan kuzatayotgan shaharlik kelinchak betakror an’analarga yo‘g‘rilgan marosimdan hayratga tushar, o‘zini sirli oshyonga tushib qolgandek his etardi. Zum o‘tmay, mahalla ahli ushbu marosimda o‘tkaziladigan urf-odatlarni boshlab yuboradi. O‘g‘il bolalar bir yon bo‘lib, kim o‘zarga yugurish, kurash, arqon tortish kabi xalq o‘yinlaridan musobaqa o‘tkazsa, ayollar-u momolar kelinchak hamda juvonlarni daraxtga bog‘langan arqonning ikki tarafiga o‘tqazishadi. Qaysi ayol o‘tirgan tomon og‘irroq kelsa, o‘shani alqashadi. To kechga tomon ushbu marosim turli o‘yinlar-u go‘zal an’analar bilan zavq-shavqda davom etadi.

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Bo‘lak Utamali, boringki, yon-atrofdagi barcha qishloqlarda ham uzoq o‘tmishga borib taqaladigan “Yil boshi” marosimi 22 mart kuni o‘tkaziladi.

Garchi, Navro‘z ayyomi 21 mart kuni umumxalq sayli sifatida keng nishonlansa-da, ertasi kuni qishloq ahlining kichik qatlamlari yilning birinchi kunini yuqoridagi marosimlar bilan kutib oladi.

Esimda rahmatli momom Navro‘z an’analari, marosimlari hamda urf-odatlari haqida “Yil boshi” marosimida so‘zlab berardi. Shuningdek, marosim vaqtida yangi kelinchaklarga bu haqda gapira turib, milliy an’analarga qat’iy rioya qilishlari, farzandlar hamda kelajakda nevara-yu, chevaralarga ham yetkazish kerakligini uqtirardi. Biz shunday kunlarda Navro‘z bayramiga oid ko‘plab qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lar edik.

Xususan, momom bayramdan oldin o‘tkaziladigan “darveshona” marosimi haqida ham ko‘p gapirardi. Avvallari qishloq ahlining o‘ziga to‘q odamlari darveshlar uchun yorma taomini tayyorlagan ekan. Qishloqma-qishloq kezib yurgan darveshlar esa o‘sha xonadonda mehmon bo‘lib, taomdan tanavvul qilgan. Hozirda bu odat yurtimizning ayrim hududlaridagina o‘tkaziladi, xolos.

Shu bilan birga, “Qozon to‘ldi” marosimi ham qadim tarixga ega bo‘lib, qishloq ahli bayramdan oldin o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, tansiq taomlar pishirgan. Ma’lumotlarga qaraganda avvallari maxsus qozonlar tog‘lar etagiga yoki daraxt ostiga qo‘yilib, ajdodlarimiz bayram arafasida ma’budlardan yilning mo‘l-ko‘l kelishini so‘rab, qurbonliklar qilgan ekan. Yunon tarixchisi Herodot o‘zining “Tarix” kitobida ham Skiflarning ana shunday muqaddas qozoni bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Buni qarangki, Navro‘z ayyomi kuni pishiriladigan sumalak, halim kabi maxsus taomlar ham katta qozonlarda pishiriladi.

Yana o‘qing:  Ajdodlarga munosib avlod

O‘zbekona marosimlar, urf-odatlar xalqimizning uzoq o‘tmishidan darak beradi. Eng asosiysi, milliy bayram-u tantanalarni yurtdoshlarimiz yuksak qadrlab, avloddan avlodga yetkazib kelmoqda.

 

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: