Reaktiv artrit xuruji: unda qo‘llanadigan chora-tadbirlar

Bo‘g‘imlarning yallig‘lanish kasalligi – zamonaviy pediatriyaning revmatologiya yo‘nalishidagi dolzarb muammolaridan biridir. Chunki bu xastalik so‘nggi yillarda bolalar orasida anchayin keng tarqalib, ko‘payib bormoqda. Shuningdek, ushbu dard ba’zan surunkali kechib, erta nogironlikka olib kelmoqda.

Ma’lumki, “reaktiv artrit” termini ilmiy-tibbiy adabiyotga XX asrning 70-yillarining boshida fin olimlari K. Aho va P. Ahvogen tomonidan kiritilgan bo‘lib, iyersiniozli infeksiyadan keyin rivojlangan artritlarni aniqlashda qo‘llanilgan. Keyinchalik bu termin revmatik kasalliklarning barcha zamonaviy tasnifnomalaridan mustahkam o‘rin olib, u artritning avallari ishlatilgan nomi “infeksion-allergik artrit”, “postinfeksion artrit” deya o‘zgartirildi.

Xastalikning rivojlanishida quyidagi omillar: ichak (salmonellalar, shigellalar, iyersiniyalar, kampillobakteyarlar), peshob-tanosil a’zolari (xlamidiya, gonokoklar, mikoplazmalar, ureaplazmalar, L-shaklli mikroblar, viruslar) va burun-xalqum (gemolitik streptokoklar, pnevmoniya mikoplazmasi, meningokokk, adenoviruslar) infeksiyalari ishtirok etishi mumkin. Ba’zan uning sababi ichak parazitlari, ayniqsa, solityor gijjasi bo‘ladi. Burun-xalqum, peshob-tanosil va me’da-ichak tizimi a’zolari kasallikni keltirib chiqaruvchi salbiy omillar uchun “kirish darvozasi” hisoblanadi.

Kasallikning davomli kechishi va qaytalanishi ushbu bemorlarda nospetsifik himoyaning kuchsizlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, bunga uzoq vaqt noadekvat o‘tkazilgan sun’iy dorili davo (antibiotiklar, yallig‘lanishga qarshi nosteroid dori vositalari va boshqalar) muolajalari sabab bo‘lishi mumkin.

Dardning og‘ir kechishi, jarayonning surunkali turga o‘tishi, bakterial agentning organizmda o‘rnashib faollashuvi, organizmda HLA-B-27 antigenining mavjudligi va genetik moyilikka bog‘liq.

So‘nggi yillarda reaktiv artritdagi o‘ziga xos ijobiy patologik jarayonlarni rivojlanishida me’da-ichak tizimining o‘rni aniqlanmoqda. Bu tizimning shilliq pardasi bakteriya, parazitlar, ekzogen (tashqi) toksin (zahar)lar, noinfeksion antigenlarni neytrallash xususiyatiga ega. Ikkinchidan, me’da-ichak tizimi immun tizimining asosiy limfoid a’zolaridan biridir. Unda immunitet shakllanadi. Ma’lum sabablarga ko‘ra ushbu tizimdagi muvozanatning buzilishi organizmning barqarorligini o‘zgartirib, kasallikning rivojlanishiga moyillik tug‘diradi.

Kasallik klinikasi va tashxis qo‘yish: Ushbu dard hamma yoshda rivojlanishi mumkin. Inson hayotining har xil davrlarida organizmning reaktivligi bir xil bo‘lmaganligi sababli, xastalikning kechishi barcha yoshdagi bemorlarda turlicha bo‘lishi mumkin. Kasallik ko‘pincha maktab yoshidagi bolalar orasida keng tarqalgan bo‘lib, o‘g‘il bolalar qizlarga nisbatan ko‘proq kasallanadi. Kasallik tibbiy kuzatuv ma’lumotlariga asosan bahor va yoz fasllarida ko‘payishi aniqlangan.

Bolalarda xastalik ko‘pincha to‘satdan o‘tkir boshlanib, kasallik tana haroratining ko‘tarilishi va bitta yoki bir nechta bo‘g‘imlarning shikastlanishi bilan kechadi.

Dardning boshlanishi bexosdan boshlangan isitma, bo‘g‘imlardagi shish, og‘riq bilan kechadi. Aksariyat hollarda uning rivojlanishidan 2-3 hafta avval bemor tomoq og‘rig‘i, gripp yoki O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)larni boshidan o‘tkazgan bo‘ladi. Tibbiy ko‘rik vaqtida zararlangan bo‘g‘imda shish, qizarish kuzatiladi. Uni paypaslab ko‘rilganda esa ushbu sohada mahalliy harorat kuzatiladi. Shikastlangan bo‘g‘imlarda faol va nofaol harakatlar chegaralangan bo‘ladi. Qo‘l bo‘g‘imlari zararlanganda bemor o‘z-o‘ziga xizmat qila olmaydi. Oyoq bo‘g‘imlari zararlanganda esa bemor cho‘loqlanib yuradi.

Bolalarda bo‘g‘imlardagi og‘riqning keskin tarzda kechishi kattalardagiga nisbatan kam bo‘ladi. Ba’zan ularning bo‘g‘imlari shishganligi kuzatilsada bemorlar og‘riqdan shikoyat qilmaydi. Bo‘g‘imlarning shikastlanishi monoartrit (1 ta bo‘g‘imda), oligoartrit (2-4 ta bo‘g‘imda) va poliartrit (ko‘pgina bo‘g‘imlarda) aniqlanadi.

Xastalikni davolashda ijobiy natijalar mavjudligiga qaramay bemorlarda nogironlikning rivojlanishi yuqoriligicha qolmoqda. Shu sababli ushbu kasallikni davolash malakali shifokor uchun ham murakkab vazifa hisoblanadi. Bemor albatta, shifoxonaga yotqiziladi va maxsus kardiorevmatologik davo muolajalarini olishi shart.

Yana o‘qing:  Tabiiy fanlar oyligi

Profilaktikasi: Dardning birlamchi profilaktikasi, ya’ni, uning rivojlanishining oldini olish kasallik bo‘yicha xavf guruhiga kiruvchi bemor bolalarga nisbatan tibbiy nazorat kuchaytiriladi. Oilaviy poliklinikalarda dispanserizatsiya o‘tkazilganda tez-tez kasallanuvchi, allergik reaksiyasi mavjud bemor bo‘lgan oilalardagi bolalarga kuchli e’tibor beriladi. Kasallikning eng erta birinchi alomatlarini aniqlash uchun bu bolalarda takroriy va to‘liq tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Ikkilamchi muhofazalash usuliga keyinchalik jarayonning avj olishini va qaytalanishining oldini olishga yo‘naltirilgan muntazam bosqichli davo muolajalari kiradi. Shuning uchun bemorni dispanser nazoratini kardiorevmatolog tomonidan to‘liq tashkillashtirish zarur.

Bemorlarga o‘ta xavfli infeksion kasalliklarni muhofazalovchi emlashlarni olishga (poliomiyelitga qarshi vaksinatsiyadan tashqari) tibbiy ruxsat jarayon faolligining barcha klinik alomatlari yo‘qolganidan keyin 20 kun o‘tib beriladi. Surunkali o‘choqli infeksiyani aniqlashga va uni davolashga katta ahamiyat beriladi.

Reaktiv artrit tashxisi bilan bemor 2 yil davomia kardiorevmatolog nazoratida bo‘ladi. Xasta bola har 6 oyda kardiorevmatologiya bo‘limida davolanadi. 2 yil davomida bemorda kasallikni xuruji takrorlanmasa kardiorevmatologning tibbiy nazoratidan chiqariladi.

 

Feruza OQILOVA,

tibbiyot fanlari nomzodi,

Toshkent shahar bosh kardiorevmatologi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: