Buxoro shahridagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Janubiy Koreyaning “Vision Care” xalqaro tashkiloti shifokorlari tomonidan xayriya aksiyasi o‘tkazildi
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va uning Janubiy Koreyadagi hamkor tashkiloti o‘rtasida imzolangan kelishuv memorandumiga ko‘ra, 15 martga qadar davom etgan aksiyada viloyatning barcha hududlaridan ijtimoiy yordamga muhtoj 800 nafarga yaqin bemor eng zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 100 dan ortiq ehtiyojmandlardagi katarakta bartaraf etilib, ko‘z gavhari almashtirildi. Shuningdek, mijozlarga tegishli dori-darmon vositalari bepul tarqatilib, ko‘z kasalliklarini oldini olish bo‘yicha malakali shifokorlar tomonidan maslahat va tavsiyalar berildi.
– Bizni yurtingizda, jumladan, Buxoroda ham yaxshi bilishadi, – deydi koreyalik oftalmolog-jarroh Kim Dong Xe. – To‘rt yildan buyon ko‘z kasalliklarini davolash borasida amaliy hamkorlik qilib kelamiz. O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganini amaliy ishlarda ko‘rib, his qilib turibmiz. Xayriya aksiyamiz o‘tkazilayotgan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi jarrohlik amaliyotini bajarishda yaxshi qulayliklarga ega. Qolaversa, o‘z ishini yaxshi biladigan o‘zbek hamkasblarimiz bilan birga ishlash ham yoqimli.
O‘zA