Jamg‘arma faoliyatidan (2013-30)
Jamg‘armaning Tibbiy-ijtimoiy markazi tomonidan Toshkent shahar Shayxontohur tumani Kattabog‘ mahallasida 42 nafar, O‘zbekiston mahallasida 39 nafar va yana Beltepa mahallasida 45 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, jami 126 nafar fuqaro orasida tibbiy suhbatlar o‘tkazildi. Ma’ruza so‘nggida «Qarindoshga quda bo‘lmang», «Skrining tekshiruvlari haqida», «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» mavzularidagi bukletlar tarqatildi.
Jizzax viloyati jamg‘armaning tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi tomonidan Jizzax tumani Ibn Sino qishloq vrachlik punktida fertil yoshidagi ayollar, o‘smir qizlar ishtirokida oilada tibbiy madaniyatni shakllantirish, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularni erta turmushga berishning oldini olish, majburiy ta’lim bilan to‘liq qamrab olish, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida davra suhbatlari o‘tkazildi. «Sog‘lom onadan – sog‘lom bola», «Skrining tekshiruvini bilasizmi?», «Qarindoshga quda bo‘lmang» mavzularida bukletlar tarqatildi. Tadbirda 123 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Samarqand viloyati jamg‘armaning tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi tomonidan Samarqand shahar «Baxt uyi»da 80 nafar fuqaro, Siyob fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish idorasida 65 nafar aholi, Go‘zalkent kasb-hunar kollejida 120 nafar talaba o‘rtasida «Oila dorilfununi dasturi asosida» O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi asosida rasmiy va norasmiy nikoh to‘g‘risida oila quruvchilarning huquqiy ongini oshirish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borildi.
Xorazm viloyati jamg‘armaning tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi tomonidan Urganch shahridagi 8 ta mahallalarda «Oilada tibbiy madaniyatni shakllantirish», «Oilaviy hayotga tayyormisiz?», «Onalik va bolalikni muhofaza qilish – davlat muhofazasida», «Erta turmush – boshimga musht», «O‘z vaqtida turmush qurish oila mustahkamligi poydevori» mavzularida davra suhbatlari o‘tkazildi. Tadbirda 240 nafar fuqarolar qatnashdi.
Qashqadaryo viloyati jamg‘armaning tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi tomonidan Qarshi shahridagi «Beglar», «Mahallot», «Ro‘zg‘or» mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qilayotgan jami 348 nafar o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida milliy odob-axloq o‘zaro mehr-oqibat, oilada farzandlarning ota-onalari oldidagi burchi, keksalarni qadrlash, uyida yotib qolgan yolg‘iz qariyalarga ko‘mak berish, atrof-muhitni obodonlashtirish ishlarida faol qatnashishdek umuminsoniy fazilatlar to‘g‘risidagi davra suhbatlari o‘tkazildi.
Abbosjon ERGASHEV,
«Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasi bosh mutaxassisi