Ichki turizm: ham sayohat, ham ziyorat

O‘zbekistonning boy tarixi, betakror tabiati, qadim o‘tmishidan so‘zlovchi go‘zal obidalari, o‘zbek oshxonasining rang-barangligi, milliy taomlarimizning betakror mazasi chet ellik sayyohlar mehrini qozongan. Yurtimizda har bir voha o‘zining urf-odati, yashash tarzi, tarixi bilan bir-biridan farq qilib, bu omil nafaqat tashqi, balki ichki turizmning rivojlanishiga ham xizmat qiladi.

O‘zbekiston tarixiy qadamjolarining ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakatdan biri sanaladi. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva, Shahrisabz kabi betakror shaharlarimiz butun dunyoda ma’lum va mashhur. Quvonarlisi, bu ko‘hna kentlarga keluvchilarning soni yildan yilga ortib bormoqda.

Xabaringiz bor, 2017 yilning 28 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoevning “2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjatga ko‘ra O‘zbekistonda Yangi yil, Navro‘z va Mustaqillik bayramlari, Ramazon va Qurbon hayitida qo‘shimcha dam olish kunlari belgilandi. Bayram munosabati bilan beriladigan qo‘shimcha dam olish kunlari evaziga hamyurtlarimiz oila davrasida yaqinlari bilan hordiq chiqarish, bayramni ko‘ngildagidek nishonlash imkoniga ega bo‘ladilar. Bu kunlar davomida yurtimizning turli ziyoratgohlari, qadimiy shaharlariga sayohatlar uyushtirish, o‘lkamizning xushmanzara go‘shalari tarovatidan bahra olishlari mumkin.

Samarqand – O‘zbekistonning turizm sohasi bo‘yicha katta salohiyatga ega bo‘lgan tarixiy shaharlardan biri. Geografik jihatdan joylashuvi, tabiiy va madaniy resurslarga boyligi bilan ham yetakchi o‘rinni egallaydi. Viloyat hududida 1105 arxeologik, 670 me’moriy, 37 diqqatga sazovor maskan, 18 monumental, 21 memorial, jami 1851 ta moddiy-madaniy meros ob’yektlari mavjud. Viloyatda turistik xizmatlar bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lgan 85 ta turistik firma, 107 ta mehmonxona faoliyat ko‘rsatadi. Bir vaqtning o‘zida ular tomonidan 4500 ga yaqin sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoni mavjud.

Musulmonlar ziyorat qilishi lozim bo‘lgan bir qancha islom dini va ta’limoti vakillari, silsilai oliyga mansub avliyolar va boshqa ulug‘ zotlarning maqbaralari Samarqandda joylashgan. Xususan, islom dinida Qur’oni Karimdan keyingi ikkinchi o‘rinda turuvchi “Sahihi Buxoriy” kitobi muallifi Imom Buxoriy, dunyodagi eng katta kalom maktablaridan birining asoschisi Imom Moturudiy, silsilai oliyga mansub Xo‘ja Ahrori Valiy, Payg‘ambarimiz Muhammad (s. a. v)ning amakivachchasi Qussam ibn Abbos (Shohizinda majmuasi) va boshqa ulug‘ zotlar maqbaralari shular jumlasidan.

Yana o‘qing:  Yoshga oid toifa belgisi bo‘lmagan axborot mahsulotini tarqatish taqiqlandi

Ushbu ziyoratgohlar sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan qadamjolar hisoblanadi. Masalan, Imom Buxoriy va Shohizinda majmualarini joriy yilda 1 million 200 ming nafarga yaqin sayyoh ziyorat qilgan.

 

Samarqand viloyatiga o‘tgan 2017 yilda jami 249 ming nafar xorijlik, 1 million nafardan ortiq mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi. Viloyatda tarixiy-madaniy, eko va agro, gastronomik, ekstremal va boshqa turizm yo‘nalishlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, shahrimiz ziyorat turizmi yo‘nalishida juda katta salohiyatga ega, – deydi, “O‘zbekturizm”ning Samarqand viloyat xududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Dilshod Narziqulov.

 

Xorazm viloyati ham o‘zining betakror tabiati, tarixiy qadamjolari bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi. Bu go‘shaga kelish istagida bo‘lgan sayyohlar soni ham yil sayin ortib bormoqda. Viloyatda 80 ta sayyohlik tashkilotlari, 2 ming 489 o‘rinli 58 ta mehmonxona, 22 ta tur agentliklari bo‘lib, ular sayyohlar xizmatiga doimo shay.

 

2017 yilning yanvar-dekabr oylarida Xorazm viloyatiga jami 920 ming nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, shundan, 60 mingdan ortig‘i xorijiy, 859 ming nafardan ziyodi mahalliy sayyohlardir. 2018 yilning yanvar oyida esa “Ichanqal’a” muzey-qo‘riqxonasiga viloyatlardan 31 ming nafardan ortiq mahalliy sayyoh tashrif buyurdi, – deydi Xorazm viloyati Turizm boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Javlon Shamurodov.

 

Sayohat qilishni istovchilar uchun mehmonxonalar, kafe va restoranlarda maxsus chegirmalar belgilanadi, sayohatchilar uchun talay qulayliklar mavjud. Birgina Navro‘z bayrami munosabati bilan 2018 yilning 18-22 mart kunlari “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK direksiyasi tomonidan barcha ichki reyslarga chegirmalar tizimi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra 18,19,20,21 va 22 mart kunlari mahalliy reyslarga 30 foizdan 50 foizgacha bo‘lgan chegirmalar tashkil qilingan. Bu ham bo‘lsa ichki turizmni rivojlantirish, yurtdoshlarimizni diyorimizning istalgan hududiga borib, tarixiy obidalarimiz, xushmanzara go‘shalarimiz bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

 

Hurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: