Ertak eshitmay ulg‘aygan bola… yo‘q
Nazarimda alla eshitib uyqusini topgan bolalar fursat o‘tmayoq ertak tinglab, o‘z dunyosiga qadam tashlaydi. Ezgulik bilan yovuzlik degan so‘zni aynan tushunmasa-da, yaxshi va yomonni ajrata biladi. O‘zini ijobiy qahramonlar o‘rniga qo‘ygisi keladi. Rag‘batdan quvvat oladi. Bunda birgina so‘z unga madad bo‘ladi. Ishonch bilan bolaning fikrlarini qo‘llab quvvatlash – uning intilishiga ko‘mak bag‘ishlaydi.
Yigirma yetti yildan buyon ingliz tilidan yoshlarga saboq berib kelaman. Avval maktabda, keyin kollejdagi yillarni solishtiraman: o‘qituvchi bilan o‘quvchining orasidagi masofa qanday? Bu o‘lchamning uzoq-yaqinligi tarbiyada ham ilm egallashda ham katta ahamiyatga ega. Faol o‘quvchilar hamisha o‘z fikrini aytadi. Ammo, tortinchoq bolalarni ko‘proq eshitish ularning kayfiyatiga shunday ta’sir qiladiki, endi u boshqa odamga aylana boshlaydi. Fikrini aytgan bola dadillikka birinchi qadamni tashlaydi. Tajribalarimdan guvoh bo‘lamanki, ko‘p xayol surib suhbatga kam qo‘shiladigan bola bilan tillashsangiz, uning so‘z zahirasi – fikrlash darajasi tengdoshlarinikidan keskin farq qiladi. Bunda o‘qituvchi mahorat bilan o‘quvchi qalbiga kirib borishi kerak. Aynan kitob muhokamasi – fikr, xulosa, qarashlarning xilma-xilligidagi jarayon ustoz va shogirdni ko‘rinmas nur xalqasi ichiga oladi, desam to‘g‘ridir balki.
Bugun kitob mutolaasi yurtimizda katta bayramga aylandi. Buning mohiyatini bog‘cha bolasidan tortib yuzga kirgan bobo-yu-momolar ham teran anglab yetdi. Hamisha ma’naviy rag‘batning yonida moddiy qo‘llab-quvvatlash ham tursa inson yana ham intilishda davom etishiga guvoh bo‘lib turibmiz. Kitob o‘qiganga avtomashina! Tushdagi, ertakka o‘xshaydi. Ammo ertak emasligidan qanot chiqarib uchging keladi. Navoiy g‘azallarining bilimdoni bo‘lgan navoiylik o‘quvchiga, 600 ta kitob o‘qib 14-19 yoshlilar orasida avtomashinani qo‘lga kiritgan samarqandlik qizga kim havas qilmaydi. G‘olibni tantanavor kutib olgan Narpay tumanidagi tadbirni teleekran orqali ko‘rib, minglab o‘quvchilar endi ularning ortidan ergashadi. Shu qizning otasi velosipedda yurib to‘rt qizini oliy ma’lumotli qilgan ekan. Aynan mana shu lavha – holat yana qanchalab qizlarning otasiga qizlari uchun imkoniyat yaratishiga o‘rnak bo‘lgani ayni xaqiqat!
Yoshligimda avtobusda, navbat kutib turganda qo‘llaridan kitobi tushmaydigan insonlarni ko‘rganimda ularga havas bilan qarardim. Yillar o‘tib o‘sha manzarani sog‘inadigan, eslaydigan bo‘lgandim. Bugun esa entikib xotirlaydigan damlardan ziyoda davrning kishisiga aylanganimdagi ayni holatimni qay so‘z bilan ifodalashni bilmayman.
Qo‘liga kitob tutgan bolalar bilan hamnafasligimdan faxrlanaman. Atrofga qarayman, kuzataman. Ularni savolga tutaman – bolalarning ertak eshitmagani yo‘q!
Ertak tinglagan bola uning davomini kutadi. Sekin-sekin sirli olamga kirib boradi. U olam – kitoblar dunyosi. Mehru muhabbat, ilmu ma’rifat, odamiylikning bebaho xazinasi unda mujassam!
Qo‘lini kitobga uzatgan, mutolaa sehriga berilgan bola – senga hammaning havasi keladi…
Gulchehra ShOMALIKOVA,
Toshkent viloyati, Parkent tumani